Akademik Abdulla Aʼzamov bilan uchrashuv
Yurtimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, fan-texnika taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidagi bu kabi xayrli islohotlar ilm-fan, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy soha rivojida muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida fizika-matematika fanlari doktori, akademik Abdulla Aʼzamov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun belgilangan o‘quv-seminar mashg‘ulotlari doirasida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdilar.
Abdulla Aʼzamov Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi hisoblanadi. Oʻzbekiston matematiklari jamiyati prezidenti. TWMS (Turkiy xalqlar matematiklar jamiyati) vitse-prezidenti. “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibi hisoblanadi. “Mehnat shuhrati” ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga ega.
Akademiya rektori muloqotni ochib berar ekan, davlatimiz rahbarining barcha sohalar qatori ilm-fan rivojiga qaratayotgan e’tibori natijasida so‘nggi yillarda salmoqli natijalarga erishilgani, ilmiy tadqiqotchilar safi ortganini qayd etdi.
Shuningdek, davra suhbatida yoshlarning ilmiy-tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Atoqli olim Abdulla A’zamov so‘z olar ekan, bugungi kunda akademiklarga yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi. Ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
Abdulla A’zamov fizika-matematika fanlari doktori bo‘lish bilan birga, navoiyshunoslik borasida ham muhim tadqiqotlar olib borgan.
Shuningdek, Alisher Navoiy asarlarini targʻib qilish, ularning ijodini oʻrganishdagi ogʻriqli nuqtalar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini yig‘ilganlarga bayon qildi.
Tadbirda Alisher Navoiy asarlaridagi e’tiborga molik jihatlar toʻgʻrisida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir davomida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish