Dunyoviy jamiyatda ayollarning oʻrni va ularni radikallashuvning salbiy taʼsiridan himoya qilish choralari
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” mavzusida oʻn kunlik maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ushbu oʻnkunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻularini shakllantirishdan iborat.
Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, oʻz sohasining dong taratgan ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
O‘nkunlik doirasida “Soxta da’vatchilar aslida kimlar?”, “Radikal toifa: soxta salafiylar tahdidi” hamda “Axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirishdagi dolzarb muammolar va yechimlar” mavzularida ma’naviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Bugungi tadbir “Dunyoviy jamiyatda ayollarning oʻrni va ularni radikallashuvning salbiy taʼsiridan himoya qilish choralari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Ilyos Mirziyotov, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, Akademiya professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov olib bordi.
Taʼkidlash joizki, Akademiyada boshlangan ushbu maʼrifiy tadbir geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Bu galgi muloqotga Toshkent davla yuridik universiteti va Toshkent islom instituti talabalari ham qoʻshildi. Ushbu oliy oʻquv yurtlaridan kelgan mehmonlar Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga Akademiya hududidagi ziyoratgohlar – Shayxontohur, Toʻlabiy va Yunusxon yodgorliklariga ekskursiya uyushtirildi. Akademiyaning turizm yoʻnalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalari tengdoshlariga ushbu ziyoratgohlar tarixi, ajdodlarimizning tarixiy meroslari haqida atroflicha maʼlumotlarni berdi.
“Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” oʻnkunligi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarining navbatdagisi ayollar mavzusiga bagʻishlangani bejiz emas albatta.
Galdagi tadbir muhim sana – 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligiga toʻgʻri kelmoqda. Shu oʻrinda, bu yilgi bayramning shukuhi oʻzgacha. Chunki joriy yilning may oyidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya kuchga kirdi. 30-aprel kuni oʻtkazilgan umumxalq referendumida ovoz berishda ishtirok etganlarning 90,21 foizi Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritilishini maʼqullagan.
Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻtkazilgan konstitutsiyaviy referendumning tamal toshi inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, inson qadr-qimmatini himoya qilishdan iborat boʻldi. Konstitutsiyamizda inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik oʻz tasdigʻini topgan.
Shuningdek, Bosh qomusimizda ayollar huquqi va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan mustahkam asoslar ham oʻrin olgani jamiyat taraqqiyotiga katta turtki boʻladigan muhim omil hisoblanadi.
Bugungi kunda xotin-qizlar davlat va jamiyat rivojiga beminnat oʻz hissasini qoʻshib kelayotganini eʼtirof etish lozim. Zotan, ayolni eʼzozlash, unga ehtirom koʻrsatish oʻzbek xalqiga xos olijanob xususiyatlardandir. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga, oilaga boʻlgan munosabat va eʼtibor bilan bogʻliq.
Tadbirda mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi mavqeyi yuksalib borayotgani, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari boʻlishlari hamda sogʻlom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga eng ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani, millatning oʻziga xos maʼnaviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, shubhasiz, oilaning, oilada esa ayolning oʻrni va taʼsiri beqiyos ekani taʼkidlandi.
Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida jamiyatda ayollarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning barkamol avlodni tarbiyalashdagi rolini kuchaytirish va amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarimizda yanada faol ishtirokini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan va bu oʻz samarasini berayotganini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”, degan soʻzlari o‘nkunlikning shioriga aylangan.
Ekspertlarga “Ma’rifatchilar klubi”ning koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish