180

Akademiya vakili xalqaro konferensiyada ma’ruza qildi

USAIDning Oʻzbekistondagi Huquqiy islohotlar dasturi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” doirasidagi “Kompleks gender yondashuvi gender tengligiga erishishning samarali vositasi sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Konferensiyada respublikamiz hamda xalgaro tashkilor va xorijiy muassasalar olimlari, ekspertlar qatnashdi.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Nigora Yusupova ishtirok etib, “Jamiyatda ma’naviy tarbiya va gender tenglikni ta’minlashda din omilining ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.

Konferensiyada eʼtirof etilganidek, “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” har yili fuqarolik jamiyati tashabbusi bilan oʻtkaziladigan xalqaro targʻibot kampaniyasidir. U 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kunida boshlanib, 10-dekabr – Inson huquqlari kunigacha davom etadi. Ayni paytda bu ayollar zoʻravonligini baholi qudrat bartaraf etish yoʻlidagi oʻziga xos ezgu intilishlardan sanaladi. 

Ta’kidlash joiz, Fuqarolik jamiyatining ushbu tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish boshchiligida BMT Bosh kotibining “2030-yilgacha ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish uchun birlashamiz” (UNiTE) tashabbusi ayollarga nisbatan zoʻravonlikni butunlay tugatish uchun xabardorlikni oshirish, ayollar qonuniy manfaatlarni himoyalash boʻyicha harakatlarni kuchaytirish, bilim almashish va innovatsiyalarga oid global harakatlarga chaqiradi. UNiTE hukumatlar, rivojlanish jarayoni subyektlari, fuqarolik jamiyati, ayollar tashkilotlari, yoshlar, xususiy sektor, ommaviy axborot vositalari va butun BMT tizimini xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga daʼvat etadi.

Anjumanda gender tengligiga erishishda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, kompleks gender yondashuvini qoʻllash va samarali gender siyosatini yuritish uchun maʼlumotlarni toʻplash, tahlil etish va qayta ishlash, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishda davlat va fuqarolik institutlarining faolligi, hamkorligini oshirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi. Darhaqiqat, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash bugungi kunda nainki mamlakatimizda, balki jahonda tobora dolzarblik kasb etayotgani, uning oldini olishda barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi tadbirda alohida qayd etildi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish