213

“Radikal toifa: soxta salafiylar tahdidi” mavzusida navbatdagi ma’naviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” oʻnkunligi o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlar doirasida soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida turli mavzularda davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugun o‘nkunlik doirasida “Radikal toifa: soxta salafiylar tahdidi” mavzusida navbatdagi ma’naviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, ekspert sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari qoʻmitasining Dinshunoslik ekspertizasi boshqarmasi masʼul xodimi Jamshid Aliyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi bosh mutaxasissi Saidjamol Masaidov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Ilyos Mirziyotov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, “Ziyo” media markazi direktori Abduxamid Muxtarov hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev olib bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”, degan soʻzlari o‘nkunlikning shioriga aylangan.

Joriy oy soʻngiga qadar davom etishi rejalashtirilgan mazkur tadbir akademiya talabalari va ekspertlar ishtirokidagi samimiy muloqotlar, mavzuga oid muammolarning tub mohiyatini ochib berishga qaratilgan teran tahlillar, radikalizmning adoqsiz yoʻliga kirib, ayni vaqtda jabrini tortayotganlarning iqrorlari aks etgan roliklar, mavzuga oid foto suratlar va adabiyotlar namoyishini qamrab olgan. 

Bundan tashqari, talabalarga Oʻtkirbek Hasanboyev tomonidan nashrga tayyorlangan “Radikal toifa: soxta salafiylar tahdidi” risolasi tarqatildi. Risola Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Dinshunoslik ekspertizadan oʻtkazilgan holda taqdim etilgan.

Mazkur oʻnkunlikning amaliy natijasi sifatida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Maʼrifatparvarlar” klubi ish boshlagan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari qoʻmitasining Dinshunoslik ekspertizasi boshqarmasi masʼul xodimi Jamshid Aliyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi bosh mutaxasissi Saidjamol Masaidov ushbu klubning aʼzoligiga qabul qilindi.

Ularga klubning koʻkrak nishonini rektor Uyg‘un Gʻafurov topshirdi.

Mazkur klub ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini, jadidlarning hayot yoʻlini, ilmiy-maʼnaviy xazinasini oʻrganish, ziyorat turizmini rivojlantirish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat hamda turli millat va eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etishi;

globallashuv taʼsirida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar, axloqning dolzarb masalalari tahlili borasida diniy-maʼrifiy soha mutaxassislari, olimlar, davlat va jamoat arboblari, fan, sanʼat, madaniyat va adabiyot namoyondalarining klub aʼzolari bilan muloqotlari, uchrashuvlari, davra suhbatlarini tashkil etish;

ziyorat turizmi rivojiga informatsion koʻmak maqsadida klub aʼzolarining sayohatlarini uyushtirish;

ommaviy axborot vositalarining barcha turlarida faol boʻlgan lider talabalar guruhini shakllantirish orqali yoshlarni gʻarazli kuchlar va oqimlarning taʼsiridan ogoh etish;

terrorizm va ekstremizm gʻoyalarining asl maqsadlarini fosh etish, “ommaviy madaniyat”ning zararli illatlaridan himoya etishni maqsad qilgan.

Ushbu tadbir yoshlarni buzgʻunchi va radikal gʻoyalar taʼsiriga tortish bilan mashgʻul boʻlayotgan kimsalarning asl maqsadi, shaxsi, bilim darajasi, kimga yoki nimaga xizmat qilayotganini anglatishga qaratilgan.

Tadbirda soxta salafiylar tahdidi, ularni moliyalashtiruvchi manbalar, ularga targʻibot vositasi sifatida xizmat qilayotgan ommaviy axborot vositalari, ularning izmida boʻlgan internet saytlari, ularning gʻoyaviy rahnamolari hamda bugungi voizlari, jumladan Sodiq Samarqandiy haqida batafsil maʼlumotlar berilib, soxta salafiylar taʼsiriga tushib, Suriya kabi notinch yurtlarga “hijrat” qilib, “jihod”da qatnashgan, oʻz qilmishining notoʻgʻri ekanligini anglab, vatanga qaytib jazo muddatini oʻtayotgan mahbusning oʻz iqrori yozilgan rolik ham namoyish etildi.

O‘nkunlik tadbirlari davom etmoqda.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish