Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi omili
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik, millatlararo totuvlik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilib kelishmoqda. Har yili 16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” ko‘pmillatli yurtimizda an’anaviy ravishda keng nishonlab kelinadi. Shu bois, sana munosabati bilan joriy yilning 13-19-noyabr kunlari yurtimiz boʻylab “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi omili” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro onlayn seminar ham buning yaqqol namunasidir.
Mazkur seminar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Malayziya islom ilmlari universiteti hamda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk xalqaro universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida mamlakatda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va dinlararo doʻstlik-hamkorlik gʻoyalarini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Unda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk xalqaro universiteti professori, doktor Ali Rafet Ozkan hamda Malayziya islom ilmlari univeristeti katta o‘qituvchisi, doktor Marina Munira Abdulmutalib xalqaro ekspert sifatida ma’ruza qilishdi.
Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri, dotsent Mahfuza Alimova, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti dotsenti Albina Duysenbayeva ham ma’ruza qilishdi.
Tadbirda Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi ruhoniysi, prototserey Sergey Statsenko, Toshkent shahar arman apostollik cherkovi ruhoysi Аramais Grigoryan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, kafedra professor-o‘qituvchilari, talabalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari ishtirok etdi.
Seminarda “Turkiya Respublikasida diniy bag‘rikenglik madaniyatining aks etishi”, “Malayziya federatsiyasida musulmon-xristian munosabatlari”, “Dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda dinshunoslikni o‘qitishning ahamiyati” hamda “Qozog‘iston Respublikasida zamonaviy dinshunos kadrlarni tayyorlash masalalari” mavzusida ma’ruzalar tinglandi.
– O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik, hamjihatlik azaldan mavjud, – deydi Toshkent shahar arman apostollik cherkovi ruhoysi Аramais Grigoryan. – Bu an’analarni saqlash va mustahkamlash masalalari davlat rahbarining doimiy e’tiborida. Men doim aytaman: O‘zbekistonda ushbu sana bilan bir-birimizni har kuni tabriklashimiz mumkin. Boisi, bu yurtda yashovchi har bir fuqaro u qaysi millat vakili bo‘lmasin, qaysi dinga e’tiqod qilmasin o‘zaro birdamlikni har kuni ko‘rishi mumkin.
Seminar davomida bugungi kunda turli diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ahillik, hamjihatlik kabi rishtalarni yanada mustahkamlash, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish, islom dinining tinchlikparvar vaa maʼrifatga asoslangan tamoyillarini qaror toptirish borasidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanayotgani e’tirof etildi.
– Zero, bugungi kunda geosiyosatda bo‘layotgan o‘zgarishlar bu mavzuning dolzarbligini yanada oshiradi, – dedi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova. – Akademiyada dinshunoslikni o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, talabalarga har bir dinning tarixi, madaniyatini o‘rgatish orqali ularda radikallashuvga qarshi mafkurani shakllantiramiz. Kafedramiz tomonidan dinshunoslik fanlarini o‘qitishda dinlararo bag‘rikenglik tamoyilini singdirishga harakat qilamiz.
Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida “Diniy bag‘rikenglik – barqarorlik omili” nomli insholar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
“Filologiya va tillarni o‘qitish arab tili” yo‘nalishi talabasi Dilnoza Abdurashidova 3-o‘rinni, “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Ma’rufjon Rahimov esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Dinshunoslik ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Zilolaxon Toirova esa tanlov g‘olibasi deb topildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish