Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili
1995-yil 16-noyabrda UNESCO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida “Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risida”gi Deklaratsiya qabul qilinib, ushbu sana “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida dunyo xalqlari tomonidan keng nishonlab kelinadi. Boisi, bag‘rikenglik – tinchlik va totuvlik, taraqqiyot asosi.
Mamlakatimizda ham o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik va inoqlik hamisha qadrlanib kelinadi. Zero, nafaqat oilalar balki, kengroq miqyosda davlat va mamlakatlar orasidagi yaqin hamkorlik va do‘stona munosabatlar har qanday nifoqqa chek qo‘yadi. Mushtarak maqsadlar esa, elni, yurtni taraqqiyotga, farovonlikka boshlaydi. Shu ma’noda, 16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” ko‘pmillatli yurtimizda an’anaviy ravishda keng nishonlanib kelinadi.
16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 13-19-noyabr kunlari yurtimiz boʻylab “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda.
Bugun haftalik doirasida poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari S.al-Attor, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov (onlayn tarzda), Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Sh.Nurullayeva kirish soʻzlari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov olib bordi.
Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etdi. Shuningdek, etnik-madaniy birlashmalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – lyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi O'tkir Hasanboyev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o'rganish UNESCO", “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professor-oʻqituvchilari, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov ishtirok etdi.
Tadbirda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi boʻlim boshligʻi U.Mahmudov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Adliya vazirligi vakillari, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi ruhoniysi, prototserey S.Statsenko, milliy madaniy markaz vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o'qituvchilari ma’ruza qilishdi.
Konferensiyada “Din va davlat munosabatlari: tarixiy yondashuv va diniy asoslar”, “Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili”, “Jamiyatda millatlararo totuvlik taʼminlashda yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Islom dinida diniy bagʻrikenglik tamoyillari, “Oʻzbekistonda Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik markazini tashkil etish istiqbollari va xalqaro tajriba”, “Oʻzbekistondagi Rus pravoslav cherkovi: 150 yillik yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari”, “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy barkamol etib tarbiyalashda milliy madaniy markazlarning oʻrni”, “Tinchlik oʻrnatish yoʻlida dinlararo madaniyatni rivojlantirish” va boshqa mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Konferensiyada shuningdek, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti Jasur Najmiddinov “O‘zbekistonda Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik markazini tashkil etish istiqbollari va xalqaro tajriba” hamda mazkur kafedra dotsenti Ramz Isoqjonov “Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida ma’ruza qilishdi.
Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdir. Zero, mamlakatning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq.
Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish