Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish dolzarb masala
XXI asrni axborot texnologiyalari va jahon axborot tarmog‘isiz tasavvur qilish mushkul. Globallashuv davrida axborotlar oqimi bois, yoshlar keng bilimga ega bo‘lish barobarida tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdid va xatarlarga duch kelyapti. Ularni axborot xurujlaridan asrash esa eng asosiy vazifaga aylandi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” mavzusida oʻn kunlik maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida 15-noyabrdan oy oxiriga qadar oʻtkaziladigan uchrashuvlarda ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, oʻz sohasining dong taratgan ekspertlari hamda dinshunos olimlari ishtirok etadi.
Bugun oʻn kunlikning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. “Soxta da’vatchilar aslida kimlar?” mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuvda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar doktori Mansur Musayev, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi Aʼzamxon Qambarov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchisi Shukrullo Joʻrayev, Akademiya professor-oʻqituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada eʼtiborliroq bo‘lishni taqozo etayotganini, buning uchun, eng avvalo, taʼlim tizimida ular bilan muntazam targʼibot-tashviqot ishlarini olib borish zarurligini ta’kidladi.
Davra suhbatiga Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzosi Abduhamid Muxtorov moderatorlik qildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan ekspertlar mazkur tadbir yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash maqsadida tashkil etilayotganini qayd etishdi.
– Aslida, “daʼvat” soʻzining ma’nosini bilib olishimiz kerak, – dedi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi Aʼzamxon Qambarov. – “Daʼvat” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, biror-bir gʻoya, mafkuraga chaqirish maʼnosini bildiradi. Istilohiy maʼnoda esa islom dining asl qadriyatlarini anglatish, soflik, imon-eʼtiqod, insonlarga ezgulik chaqirishga nisbatan ishlatiladi.
Afsuski, bugungi kunda “daʼvat” soʻzining mazmun-mohiyatini bilmagan holda ijtimoiy tarmoq oʻzlari gapirayotgan narsalarning farqiga borishmayapti. Islom dinida “daʼvatchi kim boʻlishi kerak?” degan oʻzining shartlari bor. Avvalo, da’vatchi imon-eʼtiqodli boʻlib, Qurʼoni karim, hadisi sharif, arab tili va adabiyoti, oʻzi yashayotgan davrning axloqiy qadriyatiga ega boʻlgan, el-u yurt tanigan moʻtabar insonlar boʻladi.
Daʼvatning ikki jihati bor: birinchisi, shaxs oʻzida mana shunday ilm-maʼrifatlarni hosil qilish. Ikkinchisi esa ana shu gapirmoqchi boʻlgan gapini oʻzi yashab turgan jamiyatning ahvolini bilishdir. Aytayotgan fikrlari insonlarning axloq-odobi, manfaati, maʼnaviyati va maʼrifatiga xizmat qilishi kerak.
Davra suhbatida mavzu boʻyicha videorolik namoyish etildi. Maʼruzalar boʻyicha muhokama va savol-javoblar oʻtkazildi.
Tadbir davomida “Maʼrifatchilar klubi” tashkil etilib, unga bir guruh soha mutaxassislari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda faol talabalar aʼzolikka qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘n kunlik davomida “Soxta daʼvatchilarning ilm, taqvo, aqida, mazhab borasidagi qarashlari qay darajada mukammal?”, “Buzgʻunchi toifalar oʻz “qurbon”larini qanday tanlab, qanday tayyorlaydi?”, “Axborot isteʼmoliga eʼtiborli boʻlish va axborot xuruji”, “Milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalar, liboslarning millat va xalq oʻzligida tutgan oʻrni va roli”, mavzularida koʻrgazmali vositalar, video va audio materiallar bilan boyitilgan, ekspertlar va talabalarning erkin muloqotiga ulkan urgʻu berilgan darslar boʻlib oʻtadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish