222

Samarqand birdamlik tashabbusi – xalqaro hamkorlik va sivilizatsiyalararo global muloqot platformasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqida bayon etilgan barcha g‘oya va tashabbuslar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy universitetida “Samarqand birdamlik tashabbusi – xalqaro hamkorlik, sivilizatsiyalararo global muloqot platformasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur davra suhbatida ShHT Xalq diplomatiyasi markazi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ekspertlari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov ishtirok etdi.

Tadbirda “Samarqand birdamlik tashabbusi”ning mazmun mohiyati, madaniyatlararo muloqotni ta’minlashda BMT tuzilmalari bilan hamkorlik masalalari, O‘zbekistonning millatlararo munosabatlar sohasidagi xalqaro hamkorligi, Islom – tinchlik va ezgulik dini ekanligi, yoshlar – xalqaro hamkorlikning asosiy ishtirokchilari kabi ma’ruzalar tinglandi.

Barchamizga ma’lumki, Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelgan. Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan. Shuning uchun ham Samarqandni ShHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namuna deyish mumkin.

Dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchaymoqda. O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda.

“Samarqand birdamlik tashabbusi” – ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida ilgari surilgan va joriy yil BMTning 78 sessiyasida yana bir bor ta’kidlab o‘tilgan edi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish