Akademiyada “Milliy qadriyatlar kuni” nishonlandi
Bugungi kunda turli mafkuraviy xurujlardan himoyalanish, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyat, an’analarimizni asrab-avaylab, ularga amal qilib yashash muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, maʼnaviyatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri milliy qadriyatlarimiz hisoblanadi. Qadriyatlar yuqorida taʼkidlaganimizdek, oʻtmish bilan hozirgi kun oʻrtasidagi vorisiylikni taʼminlaydi.
Xalqimiz madaniy merosi, anʼanalari, urf-odatlari bizlar uchun faqat oʻtmishdan qolib kelayotgan yodgorlikkina emas, barcha maʼnaviy boyliklarning tarkibiy qismi, inson aql-idroki va tafakkurining buyuk yutugʻi hamdir. Har bir millat va elat ajdodlaridan qolgan bilim boyliklaridan, tajriba va tarixiy saboqlaridan, odob-axloq, taʼlim-tarbiyaga oid oʻgitlari va yoʻl-yoʻriqlaridan kelajagini yaratishda qoʻllaydi.
Millat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan etnik jihat va xususiyatlar bilan bog‘liq qadriyatlar milliy qadriyatlar deyiladi. Milliy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, ma’naviyati hamda madaniyati bilan chambarchas bog‘liq holda namoyon bo’ladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida ham bu borada tegishli vazifalar belgilangan.
Xususan, Davlat dasturining 221-bandida mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash ko‘nikmasini shakllantirish haqida so‘z boradi.
Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Mazkur hujjatga muvofiq, 31-oktabr – Milliy qadriyatlar kuni sifatida nishonlash belgilandi.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur sanaga bag‘ishlangan festival tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Festivalni Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Milliy qadriyatlar – millatning tili, madaniyati, tarixi, urf-odatlari, anʼanalarini, jamiki moddiy va maʼnaviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlarini qamrab olishi bilan murakkab ijtimoiy-ruhiy hodisa sifatida namoyon boʻlishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Oʻzbekiston faylasuflar jamiyati raisi, falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarov oʻzbek xalqining insoniy fazilatlari, urf-odatlari mavjudligini e’trof etdi.
“URBAN STYLE” milliy brend kompaniyasi direktori Kamila Aliyeva soʻzga chiqib, milliy qadriyatlarga hurmat bilan qarash – millatning oʻziga hurmat bilan qarashning asosiy boʻgʻini ekanini qayd etdi.
Festival doirasida “Milliy qadriyatlarning eng faol targʻibotchisi” tanlovi doirasida “Milliy libos”, “Milliy raqs”, “Milliy taom”, “Milliy sport”, “Milliy qoʻshiq” nominatsiyalari oʻtkazildi.
Talabalar tomonidan turli ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar, liboslar namoyishi, taom pishish musobaqasi, sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Festival yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish