Akademiya professor-oʻqituvchilari Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universitetida bo‘lishdi
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” hamda “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedralari professor-oʻqituvchilari Qozogʻiston Respublikasi Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universitetida ilmiy safarda boʻlishdi.
Safar Turkiston viloyatidagi Arslonbob maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Arslonbob (qozoqcha–Arstanbob) maqbarasi Turkiston shahridan 60 kilometr uzoqda boʻlib, oʻrta asrlarga oid Oʻtror (Atirau) aholi punkti yaqinidagi kichik qishloqda joylashgan. Bu islom dinida hurmatga sazovor joylardan biri boʻlib, hozirgi kunda Qozogʻistonda davlat tomonidan himoyalangan muqaddas ziyoratgoh va sayyohlik markazi sanaladi. Arslonbob maqbarasida kichik muzey boʻlib, u yerda oʻrta asrlarga oid islom meʼmorchiligi namunalari – yogʻoch oʻymakorligi, chillaxona inshooti, qabrtosh bitiklari, qoʻlyozmalar, sufiylarga xos ashyolar bilan oʻzining aksini topgan.
Shu kunning ikkinchi yarmida professor-oʻqituvchilar Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy majmuasini ziyorat qilishdi. Shuningdek, Turkistondagi “Karvonsaroy” (Karavan saray) zamonaviy turistik majmuadagi 3D formatdagi teatr, muzey va boshqa inshootlar bilan tanishdilar.
Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universitetida talabalar uchun ilmiy seminar tashkil etildi. Dastlab ilmiy-amaliy seminarlar Ilohiyot fakultetida oʻtkazildi. “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi oʻqituvchilari – N.Muhamedov “Мавзолей Калдиргач-бий (Толе-бий) – как культурный памятник комплекса Шейх Хованд Тахура”, A.Ganiyev “Abu Rayhan Biruni a Great Scholar Who Contributed to the First Renaissance of Central Asia and his Contributions to the Development of Geodesy and Geology”, N.Nasrullayev “Ubaydulloh ibn Toj ash-Shariʼa al-Buxoriy merosining turkiy xalqlar uchun taʼsiri”, T.Xatamov “Oʻzbekistonda yassaviyshunoslik: tarix va tahlil”, Sh.Toxtiyev “Markaziy Osiyo shialari va ularning oʻziga xos xususiyatlari”, S.Gʻaybullayev “Bazda shahri olimlarining islom ilmlari rivojiga qoʻshgan hissasi”, Z.Zinatullayev “Islom davri boshqaruv tizimining Birinchi Renessansga taʼsiri”, R.Matibayeva “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ilmiy yoʻnalishlar” kabi mavzularda maʼruza qilishdi. Talaba va oʻqituvchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarishdi.
Shu kuni Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti Filologiya fakultetida ham talabalar uchun ilmiy seminar tashkil etildi. “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi oʻqituvchilari Roziya Matibayeva “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ilmiy yoʻnalishlar”, Akbar Kazakbayev “Oʻzbekistonda chet tilini oʻrgatishda innovatsion yondashuv”, Zulfiya Shokirova “Ilk islomda sulhparvarlik”, N.Mullasodiqova “Qurʼonda “maʼoniy ilmi”ning lingvopoetik asoslari”, B.Mahamadxodjayev “Shamsul Aimma al-Halvoniyning Oʻrta Osiyo islom ilmlari tarixida tutgan oʻrni”, M.Madayeva “Markaziy Osiyoda Alisher Navoiy ijodining oʻrganilishi” kabi mavzularda maʼruza qilib, seminar ishtirokchilari savollariga javob berishdi.
Ilmiy seminar yakunida Ilohiyot fakulteti dekani D.Kenjetayev, Filologiya fakulteti dekani Abdulkadir Oʻzturk janoblariga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prospekti, Akademiya oʻqituvchilarining oʻquv qoʻllanma, monografiya, kitob va risolalari taqdim etildi.
Izoh qoldirish