215

Ispan nashri: Ipak yoʻli va Samarqand sehri. Nima uchun Oʻzbekiston sizning sayohatlaringiz roʻyxatida boʻlishi kerak?

Ispan tilidagi eng yirik “El Mundo” xalqaro gazetasida “Ipak yoʻli va Samarqand sehri. Nima uchun Oʻzbekiston sizning sayohatlaringiz roʻyxatida boʻlishi kerak?” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Ushbu Markaziy Osiyo mamlakati mozaika bilan qoplangan ajoyib masjidlari va Ipak yoʻli tarixi bilan koʻplab sayohatchilarni oʻziga jalb qilib kelmoqda, – deyiladi maqolada. – Biz boshqa hech kimga oʻxshamaydigan marshrutlarni qidirayotganlar uchun Oʻzbekistonning betakror tarixiy shaharlari haqidagi muhim maʼlumotlarni ilindik”.

Muallifga koʻra, mehmondoʻst va takrorlanmas Oʻzbekiston madaniyati, tarixi va goʻzal tabiati bilan juda mashhur. Oʻzbekistonga sayohat ochilmagan joylarni kashf qilishni va yangi sarguzashtlarni boshdan kechirishni istagan turistlar uchun ajoyib imkoniyat.

“Oʻzbekistonning poytaxti Toshkent mamlakat tarixining jonli guvohi. Qadimgi Ipak yoʻlining muhim nuqtasi boʻlgan ushbu ajoyib shahar oʻz koʻchalarida Osiyo va Yevropa madaniyatini uygʻunlashtirgan. Uning taʼsirchan arxitekturasi va boy tarixi sizni oʻtmishga sayohat qilishga chorlaydi”, qayd etgan nashr muxbiri.

Ispan gazetasi Samarqand shahrini turizm marvaridi sifatida baholagan. “Afsonalari bilan mashhur bu shahar Oʻzbekiston durdonasidir. UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va 2700-yildan ortiq tarixga ega boʻlgan uning maftunkor islom meʼmorchiligi qadim kentning tarixiy ildizlaridan darak beradi, – deb yozgan nashr. – Bibixonim masjidi boʻylab sayr qilish va toʻliq koshinlar bilan qoplangan 35 metrlik mahobatli fasadga ega ushbu tarixiy bino shahardagi diqqatga sazovor joydir. Bundan tashqari, Afrosiyob muzeyiga tashrif buyurib, shahar tarixi bilan tanishishingiz yoki Registon maydonining ulugʻvorligiga qoyil qolishingiz mumkin. Bu yerdagi har bir koshin oʻtmishdan soʻzlaydi”.

Maqolada 2500 yillik tarixga ega qadimiy Buxoro shahri haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga havola qilingan. “Sheʼriyat va ertaklar shahri deb ataladigan Buxoro tarixiy binolari bilan “osmon ostidagi muzey” hisoblanadi. Shaharning masjid, madrasa va maqbaralari Oʻzbekistonning boy madaniy merosidan darak beradi. Shaharda 140 dan ortiq arxitektura yodgorliklari mavjud”, deb taʼkidlagan gazeta.

“El Mundo”da bosilgan maqolada qalamga olingan Xiva shahri haqidagi muhim maʼlumotlar ham tarixiy joylarga sayohat qilishni xush koʻradiganlarni befarq qoldirmasligi aniq.

Nashrda qayd etilganidek, hududida haqiqiy oʻrta asr qalʼasi joylashgan yagona shahar – bu Ichan-qalʼadir. “Gʻarbiy Oʻzbekistondagi ushbu kichik shaharcha anʼanaviy arxitekturaning haqiqiy namunasi hisoblanadi. UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan eski shahar sizni Oʻzbekistonning, ehtimol, har bir goʻshasida saqlanib qolgan boy tarix bilan tanishishga chorlaydi”, deb yozgan “El Mundo”da.

Manba

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish