228

O‘zbek tilshunosligining dolzarb yo‘nalishlari muhokama etildi

Yurtimizda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni millat, ma’naviyat va ma’rifat bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Keyingi yillarda ona tilimiz mavqeyi va maqomini yuksaltirish borasidagi ishlar mutlaqo yangicha bosqichga ko‘tarildi.

Mazkur sana munosabati bilan respublika bo‘ylab turli bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etiladi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham turli madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. 

Shu maqsadda “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan “O‘zbek tilshunosligining dolzarb yo‘nalishlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. 

Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva, “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori (DSc), dotsent Zuhra Aripova, Alfraganus universiteti Sharq filologiyasi fakulteti professori Muyassar Saparniyazova, Indiana universiteti professori Bill Fierman, Turkiya Bartin universiteti professori, filologiya fanlari doktori Zilola Xudoyberganova, Qo‘qon davlat pedagogika instituti professori Dilnoza Jamoliddinova, Navoiy davlat pedagogika instituti professori Ra’no Davlatova, kafedra professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Konferensiyani Akademiya prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritdi. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi tarixi, uning jamiyat rivojidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. 

Anjumanda “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘atini yaratish – davr talabi”, “O‘zbek tili bo‘yicha tadqiqotlarim”, “Zamonaviy turk adabiyotining yetakchi tendensiyalari”, “Tinglash – nutqiy faoliyatning perseptiv turi sifatida”, “O‘zbek tilining xorijiy tashuvchilari” kabi ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda talabalar tomonidan o‘zbek tilining boy tarixi haqida so‘zlovchi she’rlar o‘qildi.

O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga hurmat bilan yondashish talab etilishi qayd etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish