375

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramay, o‘rta asrlarda yashab ijod qilgan, jahon tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarning dahosi, ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi izlanishlari va qomusiy bilimlari hamon e’tirof etilmoqda.

Ilm-fanning turli sohalarida kashfiyotlar qilgan ajdodlarimiz islom ilmlarida ham peshqadam bo‘lib, islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shishgan. Ularning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.

Mintaqada islom sivilizatsiyasining o‘rnini o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida IRCICA –  Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. 

Tadbirga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov hamda IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi tadqiqotchisi Samet Yalchin moderatorlik qildi. 

Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi bilan ochib berdi. 

Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’rifiy va geopolitik imkoniyatlari bilan dunyo e’tiborida turibdi,dedi Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov.Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida azaldan yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik, savdo iqtisodiy va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlangan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani geopolitik nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya ham mintaqa xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib va tadqiq etish maqsadlariga xizmat qilishiga ishonaman. 

Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich ham o‘z tabrigi bilan qatnashdi.

Anjumanda IRCICA, Tadqiqot va nashr bo‘limi boshlig‘i Jengiz Tomar, IRCICA, Bosh direktorining maslahatchisi, tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minov, IRCICAda Islom olamida ayollar huquqlarini oshirish bo‘yicha ekspert, professor Najat Sayem Xalil, IRCICA tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Betul Ayaz, IRCICA tadqiqotchisi Veysel Bulut, Haci Bayram Veli universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti doktoranti Fazliddin Madiyev, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Fridavs Xalimov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.

Konferensiya “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va sanʼati”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-maʼnaviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va anʼanalaridagi umumiylik va oʻziga xoslik” kabi yo‘nalishlarga bo‘lingan holda davom etdi.

Qatnashchilar tomonidan “Mamluklarning haqiqiy asoschisi: Baybars davlat arbobi sifatida”, “Postklassitsizm arxitektorlari: Ubaydulloh ibn Mahmud Sadr ash-Sharia”, “Muqaddamat-ul-adab” qadimiy qo‘lyozmalarining tavsifi”, “Islom sivilizatsiyasida xattotlik san’atining o‘rni va IRCICAning xattotlik san’atiga qo‘shgan hissasi”, “XIX-XX asrlarda Turkiston o‘lkasida vaqf an’analarining o‘ziga xosliklari”, “Imom Shihobiddin al-Marjoniyning “Vafiyatul-aslaf va taxiyatul-axlaf” asarida tatar olimlari”, “Boburiylar davlati madaniy hayotida Termiziy xattotlar”, “O‘zbekiston tarixiy yodgorliklarini o‘rganishning ziyorat turizmini rivojlantirishdagi ahamiyati”, “Saduaqqas G‘ilmoniyning shaxsiy kutubxonasi haqida”, “Hakim Termiziyning “Tahsil nazoir al-Qur’on” asarida tafsir va ta’vil nazariyasi asoslari”, “Markaziy Osiyoda so‘fiyshunoslik: Turkistonda konferensiya tashkil etish” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Anjuman ishi davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish