236

Akademiyada xalqaro simpozium o‘tkazildi

Ma’lumki, dunyo tarixi, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, saltanatlarning o‘rni va ahamiyati katta bo‘lgan. Ular orasida turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning madaniyat va tamaddunlari alohida o‘rin tutadi. 

E’tirof etish joizki, bugungi kunda ham turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Shu bois, bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida IV xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi. 

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Qozogʻiston Respublikasining Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozogʻiston davlat universiteti hamda Tojikiston Respublikasi Xoʻjand davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi. 

Onlayn va oflayn formatda oʻtgan simpoziumda Muxtor Auvezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti vakili Nurila Ibrayeva, Perfekt universiteti prorektori, siyosiy fanlari nomzodi, dotsent Ulugʻbek Muhammadiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining dotsenti Tursunmurod Mamatqobilov, Akademik Bobojon Gʻofurov nomidagi Xoʻjand davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Bo‘ston Tursunov, Ahmad Yassaviy universiteti professori Metin Yilmaz, Fan va texnologiyalar universiteti prorektori Normurat Mamatov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari, dekan va kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilari, magistrant va bakalavriat bosqichi talabalari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarining xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda “Turkiy tilli davlatlar hamkorligining istiqbollari”, “Gʻarb ekpansiyasining turk dunyosi va Sharq mamlakatlariga taʼsiri”, “Global va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda turkiy davlatlar hamkorligining roli”, “Turkiy tilli davlatlar oilalari tizimida oʻzbek oilasining oʻziga xos oʻrni”, “Falsafiy-axloqiy qarashlar: tarix, bugun va kelajak”, “Qozoq dunyoqarashida ayol obrazi”, “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning yangi formatlari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Tadbirda xalqaro munosabatlar, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari, shuningdek, turdosh fan yoʻnalishlarida turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini oʻrganish sohasida toʻplangan tajribani umumlashtirish maqsad qilib olindi. 

Anjumanda turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlarining nazariy-metodologik masalalariga oid tahlillarni oʻrganish, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati tarixi boʻyicha maʼlumotlar almashish kabi vazifalar haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, ijtimoiy, siyosiy muammolar oʻrganilib, amaliy faoliyatga yoʻnaltirish, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy, siyosiy jihatlari masalasini muhokama qilindi. 

Simpoziumda soʻzga chiqqanlar tomonidan turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga taʼsir etuvchi omillar, turkiy tilli davlatlarning hamkorlik aloqalarining tarixi va buguni hamda turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy va siyosiy jihatlarining istiqbollari qayd etildi.

Chindan ham, Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish nihoyatda zarur. Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan qardosh turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, mushtarak xalqlarning ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, bugungi davrdagi dolzarb masalalar borasida samarali yechimlarini hamkorlikda ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.

Qizg‘in munozara, mavzu yuzasidan o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Simpoziumda 100 dan ziyod maqola tezislari toʻplanib, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bagʻishlangan tezislar saralandi. 

Simpozium yakunida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tarixiy qadamjolarga sayohat tashkil etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Bu kabi xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlar esa tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish