244

Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari

Bashariyat tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuvning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Ammo qadriyatlar masalasi, inson insonni anglashi, e’tiqod va din borasidagi tushunmovchiliklar, dunyoning ayrim mintaqalaridagi ixtiloflar, milliy va diniy nizolarni hal etishda muammolar uchrayotgani achinarli hol.

Bu jarayonda yoshlarning ongi va mafkuraviy bo‘shlig‘ini dinimizga yot bo‘lgan g‘oyalar egallab borayotgani kuzatilmoqda. Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, tezkor axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, missionerlik, ekstremistik, terroristik mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqlaridagi “So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblayman… Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, degan xitoblarini alohida ta’kidlash o‘rinli. 

Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda turli sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlarini ochilgani, oʻz yoʻnalishi boʻyicha yagona Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, turli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi xalqimiz maʼnaviy hayotida muhim voqelik boʻldi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ana shu maqsad yo‘lidagi navbatdagi qadam boʻldi.

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish, musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot: oʻtmish, hozirgi, kelajak, oliy islom taʼlimini rivojlantirishda yutuqlarga ega boʻlgan oʻzbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi, islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining anʼanalari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasiga oid dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Onlayn va offlayn formatda o‘tgan anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalar boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ICESCO) vakillari kirish soʻzi bilan ochib berishdi.

– Bugungi ilmiy-amaliy anjumanning xalqaro maqomda o‘tkazilishi va unda aynan islom bilan bog‘liq masalalar, muammolar, rivojlanish bosqichlari kabi mavzular tilga olinayotgani bejiz emas, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Shu maqsadda islom ta’limoti va uning asoslarini o‘rganish, uni to‘laqonli ravishda asl manbalar orqali tushuntirish hamda bunga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish eng dolzarb, kechiktirib bo‘lmas vazifalardan hisoblanadi. 

Konferensiyada ISAM – Islom tadqiqotlari markazi professori Ahmad Oʻzel, Buyuk Britaniya Milliy Zakot jamgʻarmasi Bosh ijrochi direktori, doktor Sohail Hanif, Pokiston Peshavor universiteti xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi, doktor Minhas Majid Xon, IRCICA – Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Moʻminov, Malayziya Zaynal Obidin universiteti Islom mahsulotlari va islom sivilizatsiyasi tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, doktor Hashim bin Jusoh, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorilari, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari, taniqli olimlar hamda doktorantlar ishtirok etdi.

Shundan soʻng ishtirokchilar tomonidan “Buxoro va Samarqandning mumtoz hanafiy anʼanasi: huquqiy anʼana orqali oʻtmish, bugun va kelajak”, “Xalqaro munosabatlarda diniy bagʻrikenglik”, “Klassisizm va post klassisizm”, “Islom sarmoyasi va mehmonxona faoliyati uchun shariat koʻrsatmalari: Terengganu misoli, Malayziya”, “Qurʼonda targʻibotga yondashuv va tinch-totuv yashashni oʻrnatish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot va jaholatga qarshi maʼrifat”, “Globallashuv davrida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda islom tashkilotlarining oʻrni”, “Madina sahifasining konfessiyalararo munosabatlarni oʻrnatishdagi oʻrni” kabi mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Shu bilan birga, “Hanafiy fiqh olimlari va boshqa mazhab imomlari” nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi.

Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish zaruratiga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanini qayd etdi. 

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda bugungi axborot asrida yoshlar tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.

Mazkur xalqaro tadbir dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda hamda bu boradagi ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish