MILLIY TARIXNI QAYTA TIKLASH OSON KECHMAGAN… Oqlanganlarning aksariyati Turkistondagi jadidchilik namoyandalaridir
31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan uning ma’naviy hayotida yangi – uyg‘onish, o‘zlikni anglash davri boshlandi. Avvalgi ma’muriy buyruqbozlik tizimi manfaatlariga bo‘ysundirilgan tarixni soxtalashtirish, noto‘g‘ri talqin etishga barham berildi. Milliy mafkuramizning asosi bo‘lmish milliy tarixni qayta tiklash imkoniyati tug‘ildi. Tabiiyki, bu jarayon oson kechmadi…
NKVD qamoqxonasi muzeyga aylantirildi
Bu borada qilingan eng xayrli va savobli ishlardan biri sovet hokimiyati yillarida “xalq dushmani”, “aksil inqilobchi”, “millatchi”, “quloq” sifatida qatag‘on etilgan yurtdoshlarimizning pok nomlari oqlanishi bo‘ldi. Tarixiy haqiqat va adolatni tiklash bo‘yicha ishlar, eng avvalo, hurriyat yo‘lida jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishga qaratildi. Toshkentda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etilib, uning hududida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil etildi.
2017-yil 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan Prezidentimiz “ushbu muzey – muzeylarning muzeyi” deb yuksak baho berar ekan, viloyatlarda ham uning bo‘limlarini tashkil etish taklifini kiritib, ular xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun muqaddas ziyoratgoh, ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi.
Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida 2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan muzey faoliyati yanada takomillashtirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy ta’lim muassasasi tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. 2021-yilda Qarshi shahridagi Odina masjidida Qashqadaryo viloyati Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi yangidan yaratildi. Sovetlar davrida NKVD qamoqxonasiga aylantirilgan ushbu tarixiy obidada tashkil etilgan muzey 2021-yilning 11-oktabrida tantanali ravishda ochildi.
Sensor kiosklar va monitorlar tarix sinoatlaridan so‘zlaydi
2020-yil 8-oktabrda Prezidentimizning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasi abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilinishi esa tarixiy adolat tiklanishi va shahidlar xotirasini abadiylashtirilishi borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Farmoyish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida jami 14 ta “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitoblari tayyorlandi. Ularga qatag‘on qurboni bo‘lgan 40 mingga yaqin vatandoshimizga oid ma’lumotlar kiritildi.
Shuningdek, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ekspozitsiyasi “Yangi O‘zbekiston: Uchinchi Renessans asoslari” konsepsiyasi asosida tubdan yangilandi. Zamonaviy sensor kiosklar va monitorlar bilan jihozlandi.
Muzey hamda hududiy muzeylarning asosiy vazifasi tashrifchilarni qatag‘on siyosati tarixi bilan tanishtirish, qatag‘on qurbonlarini yod olish, yoshlarni ularning eng yaxshi an’analari asnosida tarbiyalashdan iborat. Ularning ilmiy-ma’rifiy maqsadi esa mustamlaka davridagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy jarayonlarni o‘rganish, anglash, qatag‘on siyosatining fojiali oqibatlarini tadqiq qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdir.
Bu borada Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro muzeylar kuni, Xotira va qadrlash kuni, Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni, Mustaqillik bayrami munosabati bilan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan ilmiy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Xususan, muzey tomonidan turli mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda 2002-2022-yillar mobaynida 50 ga yaqin konferensiya, 700 dan ortiq ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir, seminar o‘tkazildi. Albatta, bu tadbirlar hisobot uchun emas, yurt, millat sha’ni, qimmati tiklanayotgan muhim davrda o‘tkazilgani bois ham katta taassurot qoldirdi.
“Kindik qoning to‘kilgan yurt sharafini himoya qila olmaslik – bu o‘limdir!”
2022-yil 7-aprel kuni Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda “Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarining qatag‘on fojiasi: bir tarix, bir taqdir” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu anjumanda mazkur ikki xalq ma’rifatparvarlari ko‘tarib chiqqan olamshumul loyihalar borasida qizg‘in muhokama ham bo‘lib o‘tdi.
“Shahidlar xotirasi” jamoat fondi bilan hamkorlikda tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab “Mohir tarjimon, publitsist Sanjar Siddiq merosining yangi O‘zbekiston davridagi ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy anjumani ham o‘ziga xos voqeliklarga va mulohazalarga boy bo‘ldi. Mazkur anjuman sentabr oyidagi eng yaxshi anjuman sifatida tadqiqotchilar tomonidan ham e’tirof etildi.
Joriy yil 17-mayda “Yangi O‘zbekiston tarixshunosligida Turkiston muxtoriyati tarixining o‘rganilishi: yangicha yondashuv va tadqiqotlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida esa ishtirokchilarga ma’lumot va xulosalar taqdim etildi.
2022-yilda o‘tkazilgan yana bir anjumanga to‘xtalish o‘rinli. Samarqand shahrida Turkistondagi jadidchilik harakatining yetuk vakillaridan biri, ma’rifatparvar, tilshunos olim Sayid Rizo Alizoda tavalludining 135 yilligiga bag‘ishlab 11-oktabrda katta ilmiy anjuman o‘tkazildi. 1937-yilda qatag‘on qilingan ushbu shaxs ham o‘z umri va jonini Vatan uchun, uning hur, ozod bo‘lishi, xalqning farovon, tinch yashashi uchun fido qilgan inson hisoblanadi. Uning 1920-yil “Hurriyat” gazetasida e’lon qilgan “Turkiston bizning Vatanimiz” maqolasidagi quyidagi fikrlar bugungi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi: “Shu yerning ob-havosidan bahramand bo‘lib kamol topsang-u, uning sharafini himoya qilmasang, (ona diyoring) oyoqosti bo‘lishi, qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ysang, nobakor ajnabiy o‘z vatani shon-shavkati uchun sening ota-bobolaring kindik qoni to‘kilgan yeringni vahshiylarcha toptab, qoningni simirsa va uni axlatxonaga aylantirsa-yu, sen hissizlarcha qarab tursang yoki undan qochsang, o‘zing uning g‘oratlanishiga ko‘maklashsang, unda sen bu Vatanning farzandi emassan”. Aynan shu singari fikrlari uchun Sayid Rizo Alizoda sovet tuzumi tomonidan mahv etildi.
Muzey tashkil topgandan buyon fondni boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki yillarda fondda bor-yo‘g‘i 1000 dan ortiq material jamlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, eksponatlar soni 17 146 donaga yetdi va bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib bormoqda.
Muzey fondi ilmiy xodimlar izlanishlari natijasida, qolaversa, qatag‘on bo‘lgan shaxslarning oilalaridan olingan ma’lumotlar, hujjatlar, foto, gazeta-jurnal, kitob va buyumlar bilan to‘ldirilib, yangilab kelinmoqda.
“O‘ttiz yettinchi yil turnalari”ning katta qirg‘ini
Muzey tomonidan qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, nomlarini oqlash, jadidlar merosini o‘rganish borasida qilinayotgan ishlar turli ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, telekanallarda yoritilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, 2019-yildan “O‘zbekiston tarixi” telekanali bilan hamkorlikda muzey texnik bazasidan foydalangan holda qatag‘on qurbonlari bo‘lgan 200 dan ziyod vatandoshimiz hayoti, faoliyati va fojiali taqdiriga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” turkum ko‘rsatuvlari tayyorlandi va efirga uzatildi.
Muzey faoliyatida ilmiy tadqiqot hamda nashr ishlari alohida o‘rin egallaydi. O‘tgan davr mobaynida muzey ilmiy jamoasi tadqiqotlari natijasida 55 ta monografiya, 35 ta ilmiy maqolalar to‘plami, 5 ta o‘quv qo‘llanma, gazeta va jurnallarda 850 dan ziyod ilmiy, ilmiy-ommabop maqola nashr etilgan.
Shuningdek, muzey tomonidan 2009-yildan buyon nashr etib kelinayotgan “Tarixning noma’lum sahifalari” to‘plamini alohida qayd etib o‘tish joiz. 2022-yilda mazkur to‘plamning 10-kitobi nashrdan chiqdi. Prezident farmoyishi asosida esa birgina 2022-yilning o‘zida qatag‘on qurbonlari hamda o‘sha davr tarixiga bag‘ishlangan 10 ga yaqin kitob chop etildi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi. Yo‘lko‘rsatkich” (o‘zbek, rus, ingliz tillarida), “Millatimiz fidoyilari” kitoblari, “O‘ttiz yettinchi yil turnalari. 1937-1938-yillardagi katta qirg‘in qurbonlariga bag‘ishlangan ocherk va maqolalar” to‘plami, “Jadidchilik fenomeni” monografiyasi, J.Sultonmurodov va M.Sultonmurodova hayoti, faoliyati, ijodiy ishlari, maktublari va xotiralaridan iborat “Chiroq ko‘targan ayol” kitobi, Gʻozi Yunusning hali nashr yuzini ko‘rmagan tanlangan asarlaridan iborat “Gʻozi Yunus. Ko‘z oching, Turon eli” kitobi shular jumlasidandir.
Yuqorida qayd etilgan farmoyishga binoan, mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qilingan va muayyan sabablarga ko‘ra oqlanmay qolgan vatandoshlarimizni oqlash borasida ham muhim ishlar qilindi. Muzey tomonidan Bosh prokuratura va Oliy sudga yozilgan arizalar natijasida Oliy sud tomonidan 2021-yil 25-avgustda sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar, 2022-yil 6-yanvarda 105 nafar, 2022-yil 19-dekabrda 173 nafar 2023-yil 19-aprelda 208 nafar, jami 601 nafar shaxs oqlandi.
Oqlanganlarning aksariyati Turkistondagi jadidchilik harakati namoyandalari ekani bejiz emas. Binobarin, mustabid sovet davrida aynan ma’rifatparvar, taraqqiyparvar, ziyoli insonlar qatag‘on qilingan.
Yana 240 nafar shaxs oqlandi
Prezidentimizning 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan. Qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangach, ularning nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko‘lami kengaytirilib, mas’ullarga vazirlik va idoralar arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra, reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbariyati tomonidan muzey ilmiy jamoasi, mamlakatimizning taniqli tarixchi olimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etilgan.
Ishchi guruhning izchil faoliyati, ko‘lamli sa’y-harakati tufayli keyingi yillarda sovet davrida qatag‘on qilingan 616 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.
Kuni kecha Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yig‘ilish qarorlariga ko‘ra, 1929-1931-yillarda hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida “bosmachilik” harakati a’zolari bo‘la turib, qurolli to‘da tuzishib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid 5 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.
2023-yil 24-avgust kuni ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan, jami 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.
Adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. Mustaqillik yo‘lida fidokorona kurash olib borgan, hatto o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Ma’rifatparvar bobolarimiz orzulari
Prezidentning 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi mustabid tuzum davrida nohaq qatag‘on etilgan jadid taraqqiyparvarlari xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish imkonini berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari 2022-yilda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ham jadidchilik harakatining ahamiyatiga yana bir bor e’tibor qaratib, “Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur”, deya ta’kidladi. Zero, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining asosiy maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim bo‘lgan barcha sohalarda innovasion g‘oyalarni joriy qilish edi.
Jadid taraqqiyparvarlarining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish va tadqiq etish to‘g‘risidagi mazkur da’vat bu boradagi ilmiy tadqiqot ishlari yanada jadallashishini taqozo etdi.
Ushbu vazifalar ijrosi o‘laroq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda boshqa tashkilot va muassasalar hamkorligida 2023-yil 6-7-mart kunlari Toshkentda “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston
taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Anjuman O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi raisligi doirasida o‘tkazilgani uning nufuzini yanada oshirdi.
Konferensiyada AQSH, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Germaniya kabi mamlakatlardan 30 ga yaqin nufuzli jadidshunos olimlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidenti xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘llab, unda tarixda ikki buyuk Renessansga zamin bo‘lgan mintaqamizda Uchinchi Renessansni aynan jadid ajdodlarimiz amalga oshirishi mumkin bo‘lgani, afsuski, mustabid tuzum ularning ezgu g‘oya va amaliy harakatlarini ro‘yobga chiqarishga imkon bermaganini qayd etdi. “Biz bugun mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etar ekanmiz, jadid bobolarimizning gumanistik qarashlariga tayanamiz, ularning merosidan ma’naviy kuch-quvvat olamiz”, dedi Prezident.
Tabrik nutqidagi “Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Biz xalqaro ilmiy markazlar, dunyo olimlari bilan hamkorlikda jadidlar faoliyatini yanada chuqur o‘rganishni dolzarb vazifa, deb hisoblaymiz. Bu noyob meros orqali bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topa olamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi” kabi fikrlar yangi O‘zbekistonda haqqoniy tariximizni, jadid bobolarimizning merosini chuqur va atroflicha o‘rganish, xalqimizga targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Tarixiy xotirasi bo‘lmagan, tarixni unutgan, o‘z ajdodlarining qadriga yetmaydigan millatning istiqboli yo‘q. Buyuk kelajak sari intilayotgan ona Vatanimiz — yangi O‘zbekistonda esa tarixiy an’analar ro‘yobga chiqib, milliy an’analar, qadriyatlar qadr topdi, xalqimizning orzu-armonlari ushaldi.
Eng asosiysi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barobarida, inson xotirasi va qadri shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibratdir.
Baxtiyor HASANOV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 31-avgust, 177-son
Izoh qoldirish