131

Yot g‘oya – yov g‘oya

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugun masofalar qisqarayotgan, munosabatlar yaqinlashayotgan, madaniyatlar mushtaraklashayotgan, zamona tili bilan aytganda, hamma narsa globallashayotgan bir davrda yashab turibmiz. 

Bugungi kunda turli xil niqoblar ostida musulmon davlatlar yoshlari ongini zaharlash, ming yillik sinovlarga dosh bergan Haq yo‘ldan toydirish, ularni jaholat, buzuqlik, nodonlikka boshlash bilan global boshqaruviga erishish uchun bor hunarini ishga solayotgan kuchlar mavjudligi ayni haqiqat. Bu yo‘lda missionerlik harakatlaridan, o‘z turmush tarzini targ‘ibot-tashviqot qilishdan, ommaviy axborot vositalaridan, xullas, ta’sir o‘tkazishning barcha usullaridan keng foydalanishmoqda.

Ma’lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o‘tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko‘p foyda keltiradigan g‘animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug‘ilib, vafot etguncha oxirat uchun sa’y-harakat qiladi. Umr bo‘yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o‘spirinlik davri esa hayotning eng jo‘shqin va g‘animat davri hisoblanib, unda tana a’zolari kuch – quvvatga to‘lgan va harakatlar jo‘shqin bo‘lib, kishi ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Yoshlik davri g‘animatligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar: “Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat biling va bo‘sh vaqni biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin g‘animat biling!”

Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o‘sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Ulug‘ hakimlarning mashhur gaplari bor: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”.

Demak, har bir ota-ona farzandlariga yoshlik davrining bo‘sh kunlarini g‘animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o‘rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro‘zida baraka bo‘lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.

Yoshlarimizning hech bir fursatlari behuda va bekor o‘tmasligi lozim. Ayniqsa karantin muddatida ularni foydali ishlarga jalb etishimiz kerak. 

Ongli yoshlarimiz do‘st kim-u, dushman kim ekanini yaxshi ajratib olishlari lozim. Ma’lumki, vatanimiz jahon sahnida o‘zining mustahkkam o‘rnini egallab bormoqda. Bu davr mamlakatimiz uchun oson kechmasligi tabiiy. Bu borada kelajak egalari bo‘lgan yoshlarimizning o‘rni beqiyos albatta. Ular ma’nan yetuk, jismonan baquvvat, ilmiy salohiyatlik bo‘lsalar, yot g‘oyalardan uzoq bo‘lib, o‘zlari tanlagan to‘g‘ri yo‘lda sobit tursalar, albatta ular uchun zahmat chekkan ota onalar, ustozu murabbiylar, qo‘ni qo‘shni va qavmu qarindoshlar doimo xotirjam bo‘la oladilar.

Alloh taolo ko‘zimimzni nuri va qalbimizni huzuri bo‘lgan jonajon farzandlarimizni doimo o‘z hifz-u himoyasida asrasin. Kelajakda yurtimiz nomini dunyoga taratishlarini nasib qilsin.

Avazxon JALOLOV,

Guliston shahar “Iso o‘g‘li Muso” masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish