190

Haj simpoziumida O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari yuksak e’tirof etildi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonining Haj va umra vaziri taklifiga binoan Jidda shahrida o‘tkazilgan haj simpoziumida ishtirok etdi.

Ushbu anjumanda 50 dan ziyod davlatdan kelgan jami 500 nafar ishtirokchi qatnashdi. O‘nlab ilmiy-ma’rifiy ma’ruzalar qilindi. Yangicha xizmatlar va innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi hamda mavzuga doir ko‘rgazmalar namoyish etildi.

E’tiborlisi, ochilish marosimida haj-umra xizmatlari rivojlanish jarayonlari haqida ko‘rsatilgan maxsus filmda Haj va umra vazirligi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalariga alohida urg‘u berildi.

Ayniqsa, 2022-yil avgust oyida Haj va umra vazirining yurtimizga kelgani va 2023-yil yanvar oyida esa O‘zbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifiga oid lavhalar ishtirokchilarga namoyish etildi.

Simpozium doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi mutasaddilari, xususan, Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, vazir o‘rinbosari al-Hasan bin Yahyo al-Lamnaxra va maslahatchi doktor Badr Sulamiy bilan bo‘lgan muloqotlarda O‘zbekiston va Saudiya munosabatlari barcha sohalarda rivojlanib borayotgani, haj-umra ziyoratchilari uchun munosib shart-sharoitlari ko‘rsatilayotgani hamda mashoir maydonlarida yuqori darajadagi xizmatlarni tashkil etish borasida muzokaralar olib borildi.

Tavfiq bin Favzon ar-Rabia simpozium tomonlar manfaatiga xizmat qiladigan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni tashkil etish, shuningdek, ziyoratchilarning ruhiy-ma’naviy olamiga ijobiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan masalalarni muhokama etish uchun katta maydon ekanini qayd etdi. 

Shu bilan birga, u kelajakda shariat maqsadlariga mos keladigan innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish uchun ko‘p qirrali muloqotlarni muntazam tashkil etish va turli yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlashga urg‘u berdi.

Harami sharif masjidi bosh imomi Abdurahmon as-Sudays Alloh taoloning marhamati ila haj amali ado etiladigan muborak manzillardagi xizmatlarni yanada takomillashtirish, joriy yilgi hajda xizmat ko‘rsatish sifatini tarixdagi eng yuqori darajaga ko‘tarish, ko‘p funksiyali kadrlar bilan ta’minlash, Ikki Harami sharifdagi ishchi kuchini 14 ming nafarga yetkazishga katta e’tibor qaratilayotganini bildirdi.

Shuningdek, u ulamolar tomonidan Ikki Harami sharifda haj amallariga oid tushuntirish ishlari olib borilishi va hajga oid fiqhiy mavzularga alohida e’tibor qaratilishini qo‘shimcha qildi.

Muqaddas poytaxt shahri kotibi Solih bin Ali at-Turkiy Haj va umra tadbirlari doimiy ravishda kashfiyot va yangi texnologik jihozlarni talab qilishi, haj va umra tizimini takomillashtirish dasturi ishlab chiqilgani, haj mavsumi davomida hojilarni sifatli oziq-ovqatlar bilan ta’minlash kabilar haqida ham to‘xtaldi. Shuningdek, u sog‘liqni saqlash, ekologiya, transport kabi yo‘nalishlardagi xizmatlar ham mukammal bo‘lishi uchun barcha choralar ko‘rilayotganini so‘zladi.

Xavfsizlik ishlari boshqarmasi boshlig‘i Muhammad bin Abdulloh al-Bisamiy hojining xavfsizligi va salomatligini ta’minlash katta mas’uliyat ekani, muqaddas joylarda 40 dan ortiq xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilgani, markaz mutasaddilariga hojilar xavfsizligiga e’tibor qaratish vazifasi yuklangani, o‘z navbatida, har bir hojidan belgilangan ko‘rsatma, tartibot va jadvallarga qat’iy rioya qilishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, u hojilar xavfsizligini ta’minlash, munosib sharoitlar hozirlashga katta ahamiyat berilayotgani, ziyoratchilarni kutish va kuzatish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgani, istiqbolli rejalar tuzilgani, millionlab hojilarni muayyan soatda bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilganini alohida qayd etdi.

Kunning ikkinchi yarmida simpozium 4 ta sessiyaga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Birinchisi, Ziyoratchilar xizmatida hamkorlik va integratsiya zarurati. Ikkinchisi, xizmatga tayyorlik va operasion rejalar: asosiy imkoniyatlar va istiqbollar. Uchinchisi, Hajda yengillik fiqhi. To‘rtinchi: ilm-fan va texnologiya yutuqlaridan Islom dini ravnaqi yo‘lida foydalanish, deb nomlandi.

Shuningdek, simpoziumda so‘zga chiqqan notiqlar tibbiy xizmatlar darajasini oshirish, xizmatlarni raqamlashtirish qamrovini kengaytirish, katering xizmatlari va turli davlatlar tajribalari haqida ma’lumot berdilar.

Simpoziumda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi. Albatta, bu qarorlar hojilar amallarini bekamu ko‘st ado etishiga zamin hozirlaydi.

Manba:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish