Akademiyada xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekiston media taraqqiyotida Sharq Renessansi davri allomalari ilmiy-falsafiy merosining o‘rganilishi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur anjuman Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi, Turkiya radio va televideniye Oliy Kengashi, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov ochib berarkan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bugungi kunda dunyoda kechayotgan turli nizolar, ixtiloflar, axborot asrida aholi, ayniqsa, yoshlarga milliy qadriyatlarimizga mos, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy ma’lumotlarni taqdim etish muhim ekani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari o‘tgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida “Biz ommaviy axborot vositalari xodimlari timsolida o‘zining chuqur bilim va tajribasi, noyob iste’dod va mahoratini xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlarning ong-u tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, global axborot makonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishdek olijanob ishlarga bag‘ishlagan jonkuyar va zahmatkash insonlarni ko‘ramiz”, deb qayd etganlari bejiz emas.
Onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan anjumanda TRT O‘zbekiston vakolatxonasi rahbari Nizam Shahin, Turkiya radio va televideniye oliy kengashi mas’ul xodimi Ahmed Akalin, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori Manzura Otajonova, “Boshlang‘ich ta’lum” jurnali bosh muharriri, filologiya fanlari doktori Halim Saidov, “Yangi O‘zbekiston” va “Правда Востока” gazetalari tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari Abu Bakr O‘rozov, O‘zJOKU Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani Akbar Nurmatov, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, jurnalistlar, doktorant va magistrlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Unda ilmiy izlanuvchi va tadqiqotchilar onlayn jurnalistikada media taraqqiyot istiqbollari, ommaviy axborot vositalarida mediasavodxonlik masalalari, global media makonda axborot xavfsizligi masalalari, media konvergensiya sharoitida tahririyatlar faoliyatini tashkil etishning dolzarb vazifalari, Markaziy Osiyo davlatlarining tarixiy-huquqiy rivojlanish masalalari, Sharq sivilizatsiyasida adabiy-falsafiy asarlarning o‘rni va ahamiyati hamda Sharq allomalari merosining jurnalistika taraqqiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati kabi yo‘nalishlardagi tezislari bilan qatnashdi.
“TRTda umumturkiy qadriyatlarning targ‘ib qilinishi”, “Mashhur shaxslarning O‘zbekiston rivojidagi o‘rni”, “Arab mamlakatlaridagi OAVning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga ta’siri”, “Sharq renessansi davri allomalarining ilmiy-falsafiy merosi”, “Matbuotni demokratlashtirishda zamonaviy medianazariyalarning o‘rni”, “Bosma nashrlarning zamonaviy raqamli media bilan integratsiyalashuvining o‘ziga xos xususiyatlari”, “Mamlakat mediarejimining kognitiv aspektlari”, “Ijtimoiy tarmoqda diniy media kontentlarning ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ma’lumki, Sharqda, aynan O‘rta Osiyo zaminida yuz bergan Uyg‘onish jarayoni, xususan, dunyoviy fanlar rivojida alohida yuksalish bosqichi bo‘ldi. Sharq Renessansi davri o‘z yuksak aql-zakovati, salohiyati, izlanishlari bilan fanning ko‘plab sohalarida muhim kashfiyotlar sohi bo‘lgan buyuk daholarni yetishtirib berdi. Ular jahon fanining tibbiyot, falakiyot, matematika, jug‘rofiya, tarix, geologiya, geodeziya, minerologiya, farmakologiya va boshqa yo‘nalishlarining tamal toshini yaratdi.
Bu muqaddas zamindan yetishib chiqqan Muhammad Muso al-Хorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr Muhammad Narshaxiy, Mahmud az-Zamahshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqa buyuk siymolar nomini haqli ravishda ehtirom bilan tilga olamiz.
Ular jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo‘shib, keyingi avlodlarga bitmas-tuganmas noyob boy meros qoldirdilar. Shu bois, bu bebaho xazinalarni aholiga yetkazish, ilmiy tadqiq etish muhim hisoblanadi.
So‘z olganlar yurtimizda media makonda Sharq Renessans davri yoritilishi tadrijiy rivojlanayotganini alohida e’tirof etishdi.
Konferensiya yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilm anjumanlari soha rivoji uchun foydali bo‘lishini qayd etishdi.
Ma’lumot o‘rnida ayitsh kerak, chop etishga tavsiya etilgan maqolalar Google Scholar platformasida indekslanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish