205

Dolzarb mavzuga bag‘ishlangan seminar-treninglar davom etmoqda

Jizzax viloyatida “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanma asosida “Islomda gender tengligi va ayollar huquqlari. Islom gender zo‘ravonlikka qarshi. Reproduktiv salomatlik” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori Nigora Yusupova ishtirok etdi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senatori G.Ma’rufova, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari K.Inomxodjayev, shuningdek Jizzax viloyatidagi mahalla xotin-qizlar faollari hamda targ‘ibot guruhi yetakchilari qatnashdi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan mavzular o‘rin olgan.

Tadbirda so‘z olgan Senator Gulnora Ma’rufova so‘nggi yillarda mamlakatimizda oilalar hamda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish borasida qator ishlar olib borilayotganiligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari xususida ma’lumot berib o‘tdi. 

Treningda “Islomshunoslik va islom sivilizasiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Nigora Yusupova gender masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy­tarixiy negizlari, uning madaniy­ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoi-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy­tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtai nazardan tadqiq etilgani, shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berilganini tushuntirib o‘tdi.

Shuningdek, islom huquqida ayollarning fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtai nazaridan hal etishning ijtimoiy­iqtisodiy, ma’naviy­axloqiy asoslari, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari hamda siyosiy huquqlari islom huquqining asosiy manbalari orqali, gender va gender tengligi, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalari yoritib berildi.

So‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. 

Treningda ishtirokchilar bunday ma’lumotga boy tadbirlar ularning kundalik ish faoliyatida g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladilar. Xususan, ular doim duch keladigan oilaviy ajrimlar, muammoli vaziyatlarni bartaraf etish, zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga ko‘mak berish, aholi o‘rtasida reproduktiv salomatlikni keng targ‘ib etishda bu kabu o‘quv seminarlar zarur ekanligini aytib, qo‘llanmani mumkin qadar ko‘proq nashr etib, barcha sohaga doir mutaxassis va xodimlarga tarqatish taklifini bildirdilar.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish