237

Ekstremizm va terrorizm – jamiyat barqarorligiga tahdid

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavot-u durudlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan Qur’on bilan Alloh taolo o‘z dinini mukammal qilib berdi. Bu haqda Qur’oni karimda “...Bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo‘lishiga rozi bo‘ldim...”, deb marhamat qilgan (Moida surasi, 3-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taoloning dini bir bo‘lib, ana shu dinga insonlarni chorlash uchun U o‘z payg‘ambarlarini yuborgan ekan, o‘z navbatida har bir payg‘ambarga nozil qilgan kitobida dinda ixtilofga bormaslikka, firqalarga bo‘linmaslikka buyurgan. Shu jumladan, bizkim ummati muhammadiyaga ham nozil qilingan Qur’oni karimda “Hammangiz Allohning “arqoni” (Qur’oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang...”, deyilgan (Oli Imron surasi, 103-oyat).

Alloh taolo O‘z dini bo‘lmish islomni kamolga yetkazib bergandan keyin va shu muqaddas islomni biz musulmonlar buyuk ne’mat deb qabul qilganimizdan so‘ng ixtiloflarga yuzlanishimizni qanday tushunish kerak?

Hozirda turli xil ekstremistik va terrorchi guruh va toifalar o‘zlari ilgari surayotgan g‘oyaga erishish maqsadida muqaddas islom dinini o‘ziga niqob qilib olib “jihod”, “takfir”, “shahid” va “hijrat” kabi islom dinida muqaddas sanalgan atamalardan noto‘g‘ri yo‘lda foydalanishga urinmoqdalar va ba’zi shaxslar tomonidan qorishtirilgan holda va johilona talqin qilinmoqda. Aslida, yuqoridagi da’volarninng barchasi birinchi navbatda islom diniga qarshi qaratilgan kurash va islom dinini yomon ko‘rsatish hisoblanadi. Qolaversa, butun dunyo tinchligiga rahna solish va omma o‘rtasida turli xil ixtilof va barqarorsizlikni uyg‘otish, natijada jamiyatni parokandalikka olib kelish sanaladi. Shuningdek, bu ixtiloflar ilmsizlik, johillik va mutaassiblik oqibatida ham yuzaga chiqayapti.

Bunday toifa va kimsalar o‘zlarini islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa deb e’lon qildilar. Vaholanki, ular islom diniga zid bo‘lgan buzg‘unchi firqalardir. Ular o‘zlariga turli xil nom qo‘yib olgan bo‘lsa-da, aslida ularning maqsad va g‘oyalari bitta – dinni niqob qilib hokimiyatga intilish, tinch-osoyishta xalq orasida nifoq va ixtilof chiqarish.

Shu o‘rinda turli buzg‘unchi oqimlarga munosabat masalasida shariat hukmi nuqtayi nazaridan qanday baho beriladi? – degan tabiiy bir savol tug‘iladi. Bu savolga qat’iy javobimiz shuki, salaf ulamolari ularning barchasini “ahli bid’at” deb nomlaganlar. Muqaddas islom dinini niqob qilib manfur ishlarni amalga oshirayotgan allaqanday mutaassib kuchlar, tabiiyki, yer yuzidagi barcha musulmonlarning ruhiy olami va dunyoqarashini belgilay olmaydi.

Ulamolarning bid’at ahli bilan o‘tirish, ular bilan hamsuhbat bo‘lishdan qaytarganliklari haqida asarlarda keltirilgan. Jumladan, Hasan Basriy rahmatullohi alayh “Bid’atchi fosiqqa zinhor yaqin kelma, aks holda qalbing uning gapiga moyil bo‘ladi va natijada halok bo‘lasan. Unga qarshi chiqqan taqdiringda ham, qalbingni maraz qoplaydi”, deganlar. Yahyo ibn Kasiyr esa “Agar yo‘lda bid’atchiga yo‘liqib qolsang, boshqa yo‘lga burilib ket”, deganlar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, din nomidan gapirayotgan bundaylarga ergashilmaydi. Ular ommaviy bo‘la olmagani uchun ham ko‘p hollarda aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uyg‘otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanmoqdalar. Shunday ekan bu borada xushyor va e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Bunga qarshi avvalo ilm va ma’rifat bilan kurashishimiz lozim. Zero johillik va ilmsizlik barcha ofatlarning asosidir. 

Orol TOG‘AYMUROTOV,

Imom Termiziy o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Nov
04
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish