280

Islomda vatan tushunchasi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Vatan, Alloh taoloning bizga ato etgan eng ulug‘ ne’matidir. Ne’mat bo‘lganda ham, har kuni, har on fikr yuritiladigan, har dam shukr qilinadigan qadri-sharafi, bardavomligi ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylanadigan bebaho ne’matdir.

Inson qayerda dunyoga kelsa, o‘sha yer uning uchun Vatandir. Kindik qoni to‘kilgan joy unga hamma narsadan qimmatli. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilganlarida Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, deganlar. Demak, Vatanni sevish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘udir.

Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining quyidagi so‘zlari Ona Vatanni sevgan har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bor. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan Ona Vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini”.

Hakimlar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, yurt taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda elning tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shish bilan o‘lchanadi. Alloh taologa bo‘lgan imonimiz va ixlosimiz istiqlol sharofati bilan yanada mustahkamlanib, ziyoda bo‘lib bormoqda.

Bugun bir qo‘lida beshikni, bir qo‘lida dunyoni tebratayotgan onalarning hayotdan shod yuz-ko‘zlariga qarab, zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlarida voyaga yetayotgan baxtli avlodga qarab, O‘zbekiston kelajagi buyukligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Darhaqiqat, bugungacha bo‘lgan yo‘lni osonlikcha bosib o‘tmadik. Shu zaminda yashayottan har bir inson o‘ziga “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan haqli savolni berib yashashi zamirida javobni tinchlikka bo‘lgan hurmat, istiqlolga bo‘lgan shukrona tufayli topishiga aminmiz. Kechagi kun bilan bugunning orasida juda katta tafovut bor. Yaqin tarixda kimningdir izmidan chiqolmay, o‘z tilini, o‘zligini, haqligini isbot etmoqqa-da ojiz ko‘ngillar bugun sof millat tili – o‘zbek tilida baralla va erkin suhbatlashayotgani, hatto jahon minbarlarida turib so‘zlayotgani yurakni cheksiz faxrga to‘ldiradi. Vatan ravnaqi, tinchligi, osoyishtaligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishida o‘zaro hamjihatlik asosida sa’y-harakat qilishimiz zarurligini Alloh taolo Qur’oni Karimda ta’kidlab, shunday deydi: “… Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat).

Yaratgan ato etgan ulug‘ ne’mati bo‘lmish, Ona Vatanimizni yomon ko‘zlardan, xavf-u xatarlardan, O‘z panohida asrasin. Barchamizga bu buyuk ne’matning qadrini to‘g‘ri anglamoqlik, shukronasini to‘kis ado etmoqlikka musharraf qilsin!

F.ABDULLAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot kotibi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Nov
04
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish