302

Dinshunoslikning dolzarb muammolari muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi an’anaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘laroq, dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari hamda Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, islom tarixi, manbashunosligi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirishga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash ko‘zda tutildi.

Zoom dasturi orqali onlayn va oflayn formatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. 

Shuningdek, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Komissiyasi Ta’lim va ilm-fan bo‘limi bosh eksperti Dilnoza Kurbanova hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un G‘ofurov tabrik so‘zlari bilan qatnashib, konferensiyaga ishiga muvaffaqiyat tilashdi.

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan joriy yilda 15-marotaba tashkil qilingan mazkur an’anaviy konferensiyada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti, Nozimiy nomidagi Toshkent ddavlat pedagogika universiteti, Toshkent islom instituti, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, qolaversa, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrantlar ishtirok etishdi. 

Ilm mashvaratida “Abu Rayhon Beruniyning ilmiy metodologiyasi”, “Zamonaviy dunyoda dinlarning sinkretlashishi va transformatsiyasi”, “O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim tarixi, buguni va istiqboli”, “Dinshunoslik fanlarini kredit-modul tizimi asosida o‘qitish xususiyatlari”, “Ekstremistik harakatlarning shakllanishida esxatologik mazmundagi hadislarning buzib talqin qilish muammolari”, “Hakim Termiziy asarlarida yuridik germenevtika”, “Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasining yaratilishi hamda uning ilmiy-amaliy va ma’naviy ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

O‘z navbatida, konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur an’anaviy anjumanning to‘plamidan o‘rin olgan. To‘plam respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlari bo‘yicha dars beruvchi professor-o‘qituvchilar, pedagoglar, dinshunoslik sohasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchilar, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan.

Tadbir yakunida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 2022-2023-o‘quv yili davomida dinshunoslik sohasi bo‘yicha nashr qilingan ilmiy va o‘quv adabiyotlari taqdimoti namoyish etildi. 

“O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi talabalar ijodiy ishlari tanlovi natijalari sarhisob qilindi. 

Qatnashchilar bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblarda ishtirok etib, soha rivoji yo‘lida o‘zlarining taklif-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish