
Missionerlik ofati
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Missionerlik – lotincha “yuborish” va “topshiriq” maʼnolarini bildirib, bir dinni boshqa dindagilar oʻrtasida tarqatish sohasidagi tashkilotlarning faoliyatidir.
Bir din vakilini oʻz qavmiga xitobi daʼvat boʻlib, har bir inson bu ishni qilishi mumkin. Ammo bir din vakilining boshqa dindagilarni oʻz diniga ogʻdirish uchun qiladigan harakati esa missionerlik deyiladi va bu qonun bilan taʼqiqlanadi. Ming afsuslar boʻlsinki, oxirgi paytlarda baʼzi shaxslar muqaddas dinimiz islomni qoʻyib, boshqa dinga oʻtib ketish hollari kuzatilmoqda. Bunga chek qoʻyilmas ekan, millat barqarorligiga tahdid solinishi turgan gap!
Dunyo tarixiga nazar soladigan boʻlsak, missionerlarning oʻzga din vakillari orasidagi faoliyati har doim mintaqa barqarorligini buzgan, aholi orasida notinchlik va qon toʻkilishlarga sabab boʻlgan.
Missionerlarning gʻarazli maqsadlari va faoliyatlari:
– xalqni xristianlashtirish. Shu orqali ularni iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy jihatdan Gʻarb davlatlari taʼsir doirasiga olish;
– xalqlarda oʻz diniga nisbatan shubha uygʻotish, ularning oʻz dinidan chiqarish va dinsiz qoldirish;
– qadimdan xristian boʻlganlarni oʻz dinlarida mustahkamroq turishga chorlash va ular safini yangi xristianlar bilan toʻldirish.
Ular maqsadlari yoʻlida barcha vositalardan foydalamoqda, ularning xiyla-nayranglari moddiy ragʻbatlantirish va turli aldov yoʻllari bilan olib boradi.
Baʼzi vatandoshlarimiz ularning ketidan ergashib ketayotganining birinchi sababi muqaddas islom dini hukmlaridan mutlaqo bexabarligidir.
Ikkinchisi sabab – yon-atrofimizdagi kam taʼminlangan oilalar, nogironlar va boquvchisidan ayrilgan qariyalar beva-bechoralardan vaqtida xabar olinmayotgani, moddiy va maʼnaviy berilmayotgani bilan bevosita bogʻliq. Missionerlar bu “imkoniyat”dan “unumli” foydalanib, baʼzi muhtojlarning koʻnglini ovlab, dindan chiqarmoqda. Bu esa bizni jamiyat va xalqimiz maʼnaviy va moddiy ahvoliga yanada jiddiyroq eʼtibor qaratishimizni taqozo etadi.
Alloh taolo Qurʼoni karimda murtadlik, yaʼni islom dinidan chiqish haqida qatʼiy taʼkidlab shunday degan:
“Sizlardan kimda kim oʻz (Islom) dinidan qaytib, kofir holida oʻlsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyoyu oxiratda behuda ketar. Ular doʻzax ahlidirlar va unda mangu qolurlar” (Baqara surasi, 217- oyat).
Shu oʻrinda katta shaharlardan birida boʻlgan voqeani eslaylik: oʻziga toʻq, mahallada hurmat-eʼtiborli bir otaxonni oliygohda taʼlim oliyotgan qizlari yoʻldagi baxtsiz tasodif tufayli vafot etadi. Uning janozasiga mahalladoshlar, qarindosh-urugʻlar, quda-andalar kabi mingdan ortiq kishi toʻplanadi. Mayit tobutga solinib janoza oʻqilishi uchun olib chiqilmoqchi boʻlganda, qayerdandir ikki nafar missioner daʼvatchilari kelib bu qizni dinini oʻzgartirib ularning sektasiga qoʻshilganini aytib, isbotlar keltirishadi. Marhumaning muslima emasligi, dinini oʻzgartirgani barchaga ayon boʻladi. Tabiiyki, unga janoza buyurilmaydi va yigʻilgan jamoat tarqab ketadi. Marhumaning otasi bu sharmandalikni koʻtara olmay yurak xurujidan vafot etadi.
Dunyo uchun oxiratini sotgan kimsa dunyo va oxiratda xoʻrlik va sharmandalikka uchrashi aniq!
Bahodir SHARIPOV,
Chust tuman bosh imom-xatibi
Manba: muslim.uz
Izoh qoldirish