494

O‘zbekiston – dunyoviy davlat

MUNOSABAT

Taraqqiyotning dunyoviylik yo‘li – mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va konstitutsiyaviy maslagidir. Ushbu maslak O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Konstitutsiyasi 1-moddasida quyidagicha o‘z aksini topdi: “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”.

Konstitutsiyaga yangi kiritilgan “huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” tushunchalarining mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz egalari bo‘lmish yoshlarimiz teran anglamoqlari lozim. Ushbu maqolada mazkur tushunchalar mohiyatini imkon qadar yoritamiz. 

Avvalo, “Ijtimoiy davlat” deganda nimani tushunamiz? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 7-dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida “Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz”, deb davlatimiz oldida turgan muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tgan edi.

Mazkur tabrikda “...hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi”..., deb bayon etildi.

Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir. 

Ijtimoiy davlat funksiyalari – bu ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash; ishsizlikka qarshi kurashish; tadbirkorlarga yordam; aholining bandligini va daromadlarini doimiy o‘sishini ta’minlash; ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ma’naviy-madaniy rivojlanishning qulayligini ta’minlash; jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta taqsimlash orqali munosib turmush sharoitini yaratish.

Ijtimoiy davlat belgilari: – bu sifatli ta’lim, malakali va maqbul tibbiy xizmat; ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyot; fuqarolik jamiyatini rivojlanganligi; ijtimoiy davlat dasturlarini ishlab chiqishi va amalga oshirish; davlatning har kimga munosib turmush sharoiti, ijtimoiy ta’minot va shaxsning o‘zini o‘zi anglashi uchun teng boshlang‘ich sharoitlarini ta’minlash maqsadlarini tasdiqlash; fuqarolar oldidagi ijtimoiy mas’uliyat; ijtimoiy sohaga to‘lovlarning yuqori miqdori; ijtimoiy hayotni yaxshi rivojlangan tartibga solish tizimi; byudjetdan ijtimoiy to‘lovlarining mavjudligi; ijtimoiy himoya, ijtimoiy ta’minot va bandlik davlat tizimlarining mavjudligi; jamiyatning barcha muhtoj a’zolarini istisnosiz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mavjudligi; fuqarolarning farovonlik darajasi uchun davlat tomonidan javobgarlikni qabul qilish.

O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga kiritilgan “huquqiy davlat” tushunchasi esa bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, hokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro ma’sulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o‘rnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanini tavsiflaydi.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi.

Bugungi zamonaviy o‘zbek jamiyatida Konstitutsiyaga kiritilgan dunyoviylik tushunchasi bir-biridan ajralmas uch qadriyatga asoslanadi. Bular:

1. Vijdon erkinligi;

2. Barcha din va diniy tashkilotlarning qonun oldida tengligi;

3. Dinning siyosatdan ajratilganligi.

Har bir dunyoviy davlatda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham dinga bo‘lgan munosabat mamlakatning asosiy qonuni hamda muayyan me’yoriy-huquqiy hujjatlar va qonunlar orqali tartibga solinadi.

Yangi Konstitutsiyada o‘z aksini topgan “Dunyoviy davlat” tushunchasini tahlil qilar ekanmiz, taraqqiyotining tamal toshi bo‘lib xizmat qilayotgan dunyoviylik g‘oyasi aslo xudosizlikka asoslanmagani, yaqin o‘tmishimizdagi o‘xshash daxriy jamiyatni anglatmasligini sog‘lom mushohada qilmoq lozim. Buni tushunish uchun esa “Din nima? Davlat nima? Ularning vazifalari nimalardan iborat? Dunyoviy davlatning dinga bo‘lgan munosabati nimalar bilan belgilanadi? Unda diniy e’tiqodga qanday o‘rin ajratilgan? Qolaversa, din va umum e’tirof etilgan tamoyillarga asoslangan demokratiya tushunchasi o‘rtasidagi aloqalar qanday bo‘lishi kerak?” degan masalalarni tushunib olish kerak bo‘ladi. 

Ma’lumki, davlat o‘z hududiga, suverenitetiga, hokimiyat va boshqaruv organlari, maxsus majburlov apparatiga ega, fuqarolardan soliq undiradigan, umummajburiy huquq va normalarini o‘rnatadigan, zarur bo‘lganda ularning ijrosini kuch ishlatish bilan ta’minlaydigan siyosiy tashkilotdir. 

Davlat – mulkchilik shakllarini belgilash, iqtisodiyotni rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, madaniy-ma’rifiy ishlarni tashkil qilish va amalga oshirish, huquqni muhofaza qilish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, ekologik tahdidlarning oldini olish, mamlakatni ichki va tashqi kuchlar tajovuzidan himoya qilish, xorijiy davlatlar va xalqlaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatish va amalga oshirishda hal qiluvchi rolni bajaradi.

Davlat o‘zining vazifa va funksiyalarini Konstitutsiyaga asoslangan holda: parlament, hukumat, vazirlar, sud, advokatura, maxsus xizmat organlari, qurolli kuchlari, mahalliy davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari orqali amalga oshiradi. Bu haqda yangi Konstitutsiyaning 15-moddasida: quyidagi tamoyil mustahkamlab qo‘yildi: “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar”.

Bu jarayonda muhim bir masala – Davlat, xususan, uning alohida organlari o‘z vazifa va funksiyalarini bajarish asnosida dindorlar va diniy tashkilotlar bilan xilma-xil munosabatlarga kirishishadi. Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, eng avvalo, dinning davlatdan ajratilishi tamoyili uning asosini tashkil etishini ta’kidlash zarur. Bu haqda Konstitutsiyamizning 75-moddasida: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”, degan qoida mustahkamlandi.

Ushbu moddani tahlil qilar ekanmiz, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan ajratilganini anglatmasligini ham ta’kidlash zarurdir. Bu fuqarolik jamiyatida din o‘z mavqeiga ega bo‘lishini anglatadi. Bu ham Konstitutsiyamizning amaldagi ijrosidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalardan biridir. 

Aytish joizki, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, bunyodkor milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy ma’naviy surati va siyratini belgilovchi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o‘zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharm-u hayo kabi eng oliy insoniy tuyg‘ularning tub mohiyatini anglash va ko‘z qorachig‘idek e’zozlashda aynan diniy tashkilotlar va din arboblarining roli va o‘rni beqiyosligini bugun hech kim inkor etmaydi. Aksincha, bunday bunyodkor faoliyat qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning sababi esa, Konstitutsiyamizda ana shunday faoliyat uchun mustahkam huquqiy zamin yaratib berilganidadir. 

Din va dunyoviy davlat munosabatini belgilab beruvchi boshqa bir tamoyilning mazmuni din sohasida kechayotgan o‘zgarishlarni xolis va ilmiy o‘rganish va shundan kelib chiqib, ijobiy jarayonlar rivojiga yanada kengroq imkoniyat yaratish, salbiy holatlarning oldini olishda namoyon bo‘ladi.

Davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi yana bir muhim tamoyil, davlat dinni xalq ma’naviyatining uzviy qismi sifatida tan oladi. Shundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi. 

Bugun dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatlardagi dinga bo‘lgan munosabat demokratiya mezonlariga asoslanganini chuqur idrok etmog‘imiz lozim. Bizning jamiyatimiz taraqqiyoti negizi qilib belgilangan dunyoviylik, hurfikrlik tamoyili ham xuddi ana shu tajribalarga asoslangan. Shunga ko‘ra, yangi Konstitutsiyamizning 33-moddasida: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega” ekanligi, 35-moddada esa “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” tamoyili mustahkamlandi.

Konstitutsiyamizda insonning tabiiy huquqi bo‘lmish vijdon, e’tiqod erkinligi kafolatlanishi barobarida, fuqarolarning tegishli ravishdagi majburiyatlari ham albatta qat’iy belgilab berildi. 19-moddaga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitusiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, 71-moddada esa “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi siyosiy partiyalarning, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek milliy va diniy belgilariga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va birlashmalar tashkil etish taqiqlanadi”, degan muhim qoida o‘z ifodasini topdi.

Konstitutsiyaviy qoidalarni tahlil qilar ekanmiz ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda dunyoviy davlat qurish yo‘li tanlanishining o‘ziga xos sabablari mavjud. Buning uchun dunyoviy davlatga xos jihatlarni, uning afzalliklarini bilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyoviy davlatning muhim jihatlari quyidagi yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topgan:

– inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik;

– demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat;

– xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish;

– respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash;

– insonparvar, demokratik, huquqiy davlat barpo etish;

– O‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribasiga tayanish;

– diniy tashkilotlar va birlashmalarni davlatdan ajratilganliga hamda qonun oldida tengligi. Davlatning diniy birlashmalar faoliyatiga aralashmasligi;

– fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash;

– hozirgi va kelajak avlodlar oldida yuksak mas’uliyatni anglash;

– O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishining huquqiy asoslari uning Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilganligini va unga tayanib ish olib borish.

Demak, mamlakatimizda davlatchilik asoslari dunyoviy, demokratik boshqaruv tuzumiga asoslanadi. Dunyoviy demokratik boshqaruvga xos bo‘lgan jihatlar quyidagilarda o‘zining aniq ifodasini topadi:

– demokratik normalarga tayanadigan huquqiy davlat;

– demokratiyaga zid bo‘lmagan holda tarixiy an’analar va jamiyat hayotining muhim sohalaridagi milliy xususiyatlarning saqlanishi;

– barcha fuqarolarning tengligiga asoslangan milliy siyosat olib borish;

– uning siyosiy mavqei iqtisodiy, ma’naviy va harbiy texnik imkoniyatiga, salohiyatiga mos bo‘lishi;

– fuqarolar ijtimoiy ongida demokratik tafakkurga amal qilinishi;

– mustaqil ichki va tashqi siyosat olib borish;

– o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlash va amalga oshirish;

– o‘z qobig‘ida yashash mumkin emasligi qoidasiga tayanish, ochiq demokratik davlat siyosatini yuritish.

Yuqorida ta’kidlanganlar barobarida, mamlakatimizda ming yillar davomida asriy qadriyat sifatida xalqimiz qon-qoniga singib ketgan davlatchilik an’analari shakllanganini ham doim e’tiborda tutish lozim. Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston xalqining davlat boshqaruv sohasidagi urf-odat va an’analariga sodiq holda demokratik boshqaruvni amalga oshiradi. Bu milliy davlatchilikni demokratik jamiyatga zid emasligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari O‘zbekiston demokratiyani biron andozadan shundayligicha ko‘chirib olmagan, milliy qadriyatlarimiz bilan hamohang tarzda rivojlantirgan. 

Dunyoviy davlat qurishni ko‘zlagan davlatimizning dinga munosabatini belgilovchi zikr etilgan konstitutsion mezonlardan quyidagi ikkita asosiy xulosa kelib chiqadi:

Birinchidan, O‘zbekistonda barpo etilayotgan demokratik huquqiy va adolatli dunyoviy davlat qurish konsepsiyasida din – madaniy-ma’naviy omillar umumiy silsilasiga kiruvchi barcha qadriyatlar qatorida teng huquqli qadriyat sifatida so‘zsiz tan olinadi. Mamlakatda turli din vakillarining bag‘rikenglik va tinch-totuvlikda yashashlari ta’minlanadi. Tabiiyki, jamiyatda turli tuman din va madaniyatlar vakillari mavjud bo‘lgan holda, davlat boshqaruvi va siyosati albatta bir mafkuraga yoki diniy qarashga asoslana olmaydi. Bunday sharoitda O‘zbekistonda eng adolatli va to‘g‘ri yo‘l dunyoviy davlatchilik bo‘lib, ushbu prinsip barcha dinlar hamda turli qarashlarni teng hurmat qilish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, sof diniy ehtiyojlarni qondirishdan tashqarida bo‘lgan har qanday g‘arazga erishish yo‘lida diniy omildan foydalanishga intilish qat’iyan man etiladi. Boshqacha aytganda, dinni siyosiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi, biroq ayni paytda diniy tashkilotlar va konfessiyalarning rivojlanishiga ko‘mak ko‘rsatiladi, ularning ichki ishlariga aralashilmaydi, dindorlarga diniy ehtiyojlarini qondirishlariga to‘sqinlik qilinmaydi.

Bu borada davlat rahbari 2023-yil 8-may kuni referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda quyidagilarni ta’kidladi: “O‘zbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat’iy tanlovi ham shu!”. Shuningdek, mazkur tadbirda Prezidentimiz: “O‘zbekistonda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligiga urg‘u berib, bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta’minlanishini bildirdi. Barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, mamlakatda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash siyosati izchil davom ettirilishini” ham qayd etdi .

Demak, dunyoviy tabiatga ega davlatimiz dinning barkamol insonni voyaga yetkazishdek nozik va mas’uliyatli ishdagi cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishga intiladi. Ayni paytda diniy da’volar bilan niqoblangan, aslida, xolis diniy e’tiqodga mutlaqo aloqasi yo‘q, jamiyatdagi hamjihatlik, millatlararo va dinlararo totuvlik, siyosiy-ijtimoiy barqarorlikka tahdid soluvchi har qanday urinishlarga dunyoviy davlat tuzumining mutlaqo murosasiz ekanini ham aniq-tiniq ko‘rsatib turadi. 

Nigora YUSUPOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori v.b.,

yuridik fanlari doktori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish