137

Yoshlarda ekstremizmga qarshi immunitetni shakllantiraylik

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

“Ekstremizm” bugun qulogʻimizga eng koʻp chalinayotgan soʻzlardan biri. U lotincha “extreme” soʻzidan olingan boʻlib, oʻta keskin chora-tadbirlarni, fikr-qarashlarni yoqlovchi nazariya va amaliyotni anglatadi. 

Diniy ekstremizm – diniy tashkilotlardagi oʻta mutaassib guruhlarning ashaddiy reaksion faoliyati boʻlib, hatto dinning oʻziga ham zarar keltiradi. Ularning asosiy maqsadi – dinni niqob qilib, hokimiyatni qoʻlga olish, diniy talablarning ilk darajasiga xos “sofligi”ni qayta tiklash, diniy talablarga mos siyosiy tuzumni barpo etishdan iborat.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmay, xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan turli diniy eʼtiqod vakillari boʻlgan xalqlar, tamaddunlar (sivilizatsiya) orasidagi oʻzaro ishonchga soya tashlamoqda. Jahon taraqqiyotining tamal toshi boʻlgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga toʻsiq boʻlmoqda.

Ekstremizm, muqaddas dinimiz, xususan, eng moʻtadil mazhab boʻlmish hanafiy mazhabi aqidalariga zid keladi. Qurʼoni karimda taʼkidlanadi: “Shunday qilib, Biz sizlarni oʻrta ummat qildik!” (Baqara surasi: 143-oyat). 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning eng yaxshisi oʻrtacha (moʻtadil) boʻlganidir” deya marhamat qilganlar. Nabiy alayhissalomning hayotlariga ibrat nazari bilan qaraydigan boʻlsak, u zotning naqadar moʻtadil, bagʻrikeng inson boʻlganlarini koʻramiz. Rasululloh alayhissalom davrlarida diniy bagʻrikenglik siyosati oʻzining bor koʻrinishida namoyon boʻldi. 

Hijratning toʻqqizinchi yilida Najron nasorolari delegatsiyasi ularning katta yepiskopi Abulhoris boshchiligida Madinai munavvaraga keladi. Nabiy alayhissalomning koʻrsatmalari bilan ularning barchasiga katta izzat-hurmat koʻrsatilib, ularga Madina masjidida oʻz ibodatlarini ado etishlari uchun sharoit qilib beriladi. Nabiy alayhissalom amal qilgan diniy bagʻrikenglik siyosati keyinchalik xulafoi roshidin davri (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu unhumlar hukmronlik yillari)da ham davom etdi.

Bunday misli koʻrilmagan bagʻrikenglik, hatto koʻpgina gʻarb sharqshunoslari tomonidan eʼtirof etilgan. Jumladan fransuz sharqshunosi Jozef Fransua Mishon “Salib yurishlari tarixi” kitobida quyidagilarni yozadi: “Islom – bagʻrikenglik dini. U patriarxlarni, ruhoniylarni va ularning xodimlarini har qanday soliqlardan ozod qilgan, ibodatga berilganlari uchun ularni urushda ham oʻldirishni man qilgan. Umar ibn Xattob Quddusni fath qilgach, nasorolarga tegmagan. Salibchilar esa mazkur shaharni bosib olishganda musulmonlarning va yahudiylarni ayovsiz qatl etishgan edi”.

Mazkur sharqshunos oʻzining “Sharq sari diniy sayohat” nomli boshqa kitobida nasroniylar bagʻrikenglik va olijanoblikni, oʻzgalar bilan husni muomalani koʻp hollarda musulmonlardan oʻrganganliklarini yozadi: “Nasroniylar taomul ruhini va husni muomala fazilatlarni musulmonlardan oʻzlashtirganlar. Mana shularning bariga musulmonlar oʻz Paygʻambarlari Muhammad alayhissalomning taʼlimi tufayli erishganlar”.

Bugungi kunda dinni oʻziga niqob qilib, hokimiyatni qoʻlga olishga intilayotgan turli oqim va tashkilotlar oʻz chirkin gʻoyalarni targʻib etishda har qanday ilgʻor uslullardan, xususan internet saytlaridan, turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyotgani hech birimizga sir emas.

Zero, bugungi kunda islom niqobi ostida oʻz gʻoyalarini amalga oshirishga intilayotgan gʻarazli kimsalarning maqsad va amallari muqaddas dinimizda ilgari surilgan ezgulik, bagʻrikenglik gʻoyalariga tamomila ziddir. Zero, dinni niqob qilib qabih ishlarni amalga oshirayotgan bir guruh mutaassiblar yer yuzidagi bir yarim milliarddan ortiq musulmonning dunyoqarashini belgilay olmaydi. Diniy ekstremizm qanday koʻrinishda boʻlmasin, qanday nom bilan atalmasin, Islomning asl mohiyatiga zarracha aloqasi yoʻqligini har birimiz yaxshi anglab yetmogʻimiz lozim.

Islomning chinakam axloqiy asoslarini anglab yetgan kishining shafqatsizlik, vahshiylik, zoʻravonlik tarafdori boʻlishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ogohlik, hushyorlik, ilm-u maʼrifat hosil qilish ekstremizm va terrorchilik balosini tag-tomiri bilan tugatishning eng samarali yoʻli hisoblanadi. Islom jaholatning har qanday koʻrinishiga qarshi. U odamlar qalbiga tartibsizlik, dushmanlik, buzgʻunchilik, yovuzlik va nafrat urugʻini sochadigan kimsalarning xatti-harakatlarini hech qachon qoʻllab-quvvatlamaydi.

O.ROʻZMETOV,

Bogʻot tumani “Xoʻja bobo” masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish