176

Buyuk ne’mat shukronasi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Alloh taolo bizga ato etgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri mustaqillikdir. Neʼmat boʻlganda ham, har doim fikr yuritiladigan, shukr qilinadigan, qadri, sharafi koʻz qorachigʻiday asrab-avaylanadigan bebaho neʼmatdir.

Istiqlol tufayli mamlakatimizda eʼtiqod erkinligi qonuniy kafolatlab qoʻyildi. Milliy va diniy qadriyatlar tiklandi, masjid va madrasalar ochildi, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar xalqimizga qaytarib berildi. Yurtimizdagi boshqa goʻshalar qatori Buxoroda ham diniy-maʼrifiy sohada tub oʻzgarishlar boʻlmoqda.

Qadimdan ilm markazi boʻlgan zaminimizda soʻnggi yillarda madrasa va masjidlar, muborak qadamjolar obod etilishi va ular faoliyatining takomillashishi, Yetti pir ulamolar nomini butun olamga tarannum etish maqsadida ularning ilmiy meroslarini oʻrganish va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha zamonaviy loyihalarning hayotga tatbiq etilishi ijobiy oʻzgarishlarga misol boʻladi. 

Ana shu imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish va bu ulugʻ neʼmatlar shukronasini qilib, uning qadriga yetib yashash va mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Mustaqillik va ibodatlarni emin-erkin ado etish neʼmatiga doimiy shukrona aytishimiz lozim.

Alloh taolo marhamat qiladi: “…Agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…” (Ibrohim surasi 7-oyat). Oyati karimada taʼkidlanganidek, shukr qilsak, Haq taolo Oʻz neʼmatlarini yanada ziyoda qilishi, shubhasiz.

Muborak hadisi sharifda Paygʻambarimiz alayhissalom: “Kim insonlarga ulardan koʻrgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak, Allohga ham shukr qilmabdi”, deganlar (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).

Inson uchun dunyoga kelgan, unib-oʻsgan yeri Vatandir. Kindik qoni toʻkilgan joy esa unga boshqa joydan qimmatli boʻladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga koʻchib oʻtganlarida Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham oʻz ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan boʻlar edim”, deganlar. Demak, Vatanni sevish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sogʻinib yashash insoniyat fitratida mavjud boʻlgan nozik his-tuygʻudir.

Hakim ulamolar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, doʻstlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga oʻkinib yashashidan bilinadi”. Insonning xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, yurti taraqqiyoti, tinch va farovon hayot kechirishiga hissa qoʻshishi bilan oʻlchanadi.

Darhaqiqat, bugungacha boʻlgan yoʻlni osonlikcha bosib oʻtmadik. Shu zaminda yashayotgan har bir inson oʻziga “Kim edig-u kim boʻldik?” degan haqli savolni berib yashashi zamirida javobni tinchlikka boʻlgan hurmat, istiqlolga boʻlgan shukrona tufayli topishiga aminmiz. Kechagi kun bilan bugunning orasida juda katta tafovut bor. Yaqin tarixda kimningdir izmidan chiqolmay, oʻz tili, oʻzligi, haqligini isbot etishga ojiz kishilar bugun sof millat tili – oʻzbek tilida baralla va erkin suhbatlashayotgani, hatto jahon minbarlarida turib soʻzlayotgani yurakni cheksiz faxrga toʻldiradi.

Vatan tinchligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishi uchun oʻzaro hamjihatlik asosida saʼy-harakat qilishimiz zarur.

Alloh taolo marhamat qiladi: “…Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Yaratgan Egamiz ato etgan ulugʻ neʼmat – hur zaminimizni yomon koʻz, xavf-xatar, balo-ofatdan panohida asrasin. Barchamizga bu neʼmatning qadrini toʻgʻri anglash, shukronasini ado etishni musharraf qilsin!

Jobir ELOV,

Buxoro viloyat bosh imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqi
14:17

Izoh qoldirish