345

Eʼtiqod masalasida adashish falokatga olib keladi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Eʼtiqod sofligi hamma zamonlarda zarur boʻlgan omil hisoblanadi. Aqidasi toʻgʻri boʻlmagan kishining qilgan ibodati ham maqbul emas.

Dunyodagi boʻlayotgan xunrezliklar, fisq-u fasod va gʻalayonlar zamirida ham qandaydir aqida yoki notoʻgʻri nazariyalar yotadi.

Har bir inson oʻzi ishongan narsasining toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini tekshirib koʻrishi va haqiqatni izlashi kerak. Ayniqsa, diniy eʼtiqod masalasida adashish falokatga olib keladi. 

Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Ummatim 73 firqaga boʻlinadi, bittasidan tashqari barcha firqalar doʻzaxga kiradi”, deganlar. Shunda sahobai kiromlar: “Yo Rasululloh, najot topadigan bu firqai nojiya qaysidir?” deb soʻrashganida, Paygʻambarimiz Muhammad salallohu alayhi vasallam: “Ular mening va sahobalarimning yoʻlini tutganlar”, deb javob berdilar.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam xabar qilganlaridek, islom ummati tezda 73 firqaga boʻlinib ketdi. Ulamoi kiromlar musulmonlarni botil, gumroh, bidʼatchi firqalardan asrash maqsadida ularga Paygʻambarimiz xabar qilgan nojiya firqa eʼtiqodi qandayligini tushuntirdilar.

Paygʻambarimiz va sahobai kiromlarning eʼtiqod va amallari Qurʼoni karim, hadis taʼlimotlariga mos ekanini isbotlab, sof islomiy aqidani vujudga keltirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻrgatganlaridek – aqidaga ega boʻlganlarni nojiya, yaʼni ahli sunnat val jamoat deb ijmoʼ (ittifoq) qildilar.

Ana shunday bir vaziyatda, “Ahli sunnat val jamoat” aqidalarini bir-biriga zid boʻlgan xilma-xil bidʼatchi firqalardan muxofaza qilish maqsadida Umar ibn Abdulaziz, Zaynulobidin, Hasani Basriy va Imom Aʼzam (rahima humulloh)lar oʻz asarlari ila xalqga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatdilar.

Botil aqidali bidʼatchi firqalar koʻpaygach, kalom ilmi (islom falsafasi) fiqh ilmidan ajralib chiqib, tafsir va hadis ilmlari kabi asosiy ilmlardan biriga aylandi. Bu ilmning asoschi samarqandlik Hazrati Imom Abu Mansur al-Moturidiy va iroqlik Hazrati Imom Abul Hasan al-Ashʼariy islom olamining osmonida yorqin yulduzlar kabi porladilar. Kalom ilmi bilan birgalikda hadis va fiqh ilmi ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan alloma Abu Mansur al-Moturudiy hanafiy mazhabi fiqhini mukammal oʻrganib, oʻz aqidaviy taʼlimotlarida uning “Al-Fiqhul-akbar” (Ulugʻ fiqh) kitobiga asoslandilar. Imom Moturidiy yashagan davrda islom olamida eʼtiqod masalasida bir-biriga qarama-qarshi firqalar oʻrtasida munozaralar kuchayib, u baʼzan qonli mojarolar bilan yakunlanar edi. Ana shunday ziddiyatli davrda Imom Moturidiy hazratlari qilichlar hal qila olmagan, musulmonlarni tarqoqlikka olib borayotgan eʼtiqodiy oqimlarga qarshi oʻz aqlu zakovatlari, oyatu hadislardan olingan, har qanday aqlni taslim qiladigan dalillar asosida oʻta muhim muammolarni hal etdilar. Islom aqoidini parokandalik va eʼtiqodiy buzuqliklardan saqlab qolgani uchun “Musahhihu aqidatil-muslimin”, yaʼni “Musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi” va “Aʼlamul hudo”, yaʼni “Hidoyat yoʻlini, haq yoʻlni biluvchi zot” unvonlariga musharraf boʻldilar.

Ming yillar davomida oʻzbek xalqi sunniylikning moʻtadil mazhabi hanafiylikning bagʻrikengligi bilan siyosiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy hamda maʼnaviy yuksalishga qulay sharoitlar yaratib kelgan. Hanafiylik oʻz tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, oʻzaro inoqligi va birligini taʼminlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi boʻlib, qavmning diniy eʼtiqod belgilari boʻyicha guruhlarga boʻlinish gʻoyasini hech qachon tan olmagan.

Biz bundan keyin ham ajdodlarimizga munosib boʻlib sof aqidamiz va mustahkam ishonchimizni botil aqidalarga almashtirib qoʻymasligimiz lozim. Buning uchun sof islom aqidasini bizga meros qoldirgan ahli sunna aqidasidagi imom Moturidiy mazhabini yaxshilab oʻrganishimiz va shu yoʻlda mustaqim boʻlishimiz shartdir.

Husniddin IBRAGIMOV,

Samarqand viloyati Urgut tumani “Chubin” jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish