445

Vijdon erkinligi – e’tiqod erkinligi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining amaldagi 31-moddasi va loyihadagi 35-moddasida belgilangan har bir insonga e’tiqod erkinligi belgilangan. Bunga adashgan oqimlar tomonidan islom dini ta’limotiga zid degan iddao qilinmoqda.

Darhaqiqat, islom dinida har bir shaxsning e’tiqod erkinligi belgilangan bo‘lib, bu ilohiy mezon hisoblanadi. Bu borada Qur’oni karim va hadisi shariflarda zikr qilingan. Jumladan, Baqara surasi 256-oyatda muayyan kishini biror e’tiqodni qabul qilishga majburlab bo‘lmasligi marhamat qilingan:

“Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi”.

Shuningdek, Alloh taolo xohlasa, insonlarning hammasini yagona islom dinida qilar edi. Jumladan, An’om surasi 107-oyatda shunday marhamat qilingan:

“Agar Alloh istasa, (ular) shirk keltirmagan bo‘lur edilar. Sizni esa ular ustidan qo‘riqchi qilib qo‘yganimiz yo‘q. Siz ularga vakil (soqchi) ham emassiz”.

Shuningdek, ushbu oyatda xitob Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga qilingan bo‘lib, u zotning bandalar e’tiqodiga vakil qilinmagani ta’kidlangan. Bundan esa, insonga e’tiqod erkinligi berilgani ma’lum bo‘ladi.

Yunus surasi 99-oyatda esa, e’tiqodiy erkinlik yanada batafsil zikr qilingan:

“Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!”

Qolaversa, musulmonlarga boshqa e’tiqod vakillarini kamsitmaslik va haqorat qilmaslik lozimligi buyurilgan. Bu borada, An’om surasi 108-oyatda shunday marhamat qilingan:

“Allohdan o‘zgaga sig‘inadiganlar (butlari)ni so‘kmangiz! Aks holda, ular haddan oshib, bilmasdan Allohni so‘kib yuboradilar”.

Kishiga e’tiqod erkinligi berilgani sabab, muayyan insonning islom dinini qabul qilishi yoki biror e’tiqodni tanlashi bandaning xohishi bilan amalga oshmas ekan. Jumladan, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) amakilari Abu Tolib o‘lim to‘shagida yotganida Rasul (a.s.) kelsalar, Abu Jahl, Abdulloh ibn Umayya va boshqa mushriklar ham o‘sha joyda o‘tirishgan bo‘ladi. Abu Tolibga qarab: “Ey, amaki! “Lo iloha illalloh” deb ayting, toki men Allohning huzurida shuni hujjat qilib, Sizni shafoat qilay” deganlarida Abu Jahl bilan Abdulloh, ota-bobolaring dinidan qaytma, deydilar. Bu jarayon ko‘p takrorlanadi. Oxiri Abu Tolib Abdulmuttalib dinida, ya’ni shirkda qolaman, degan. Shunda, Qasos surasi 56-oyat nozil qilingan:

(Ey, Muhammad!) Siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir”.

Shuningdek, bu haqida Yunus surasi 100-oyatda yanada batafsil zikr qilingan:

“Allohning iznisiz hech bir jon (inson) imon keltira olmas. Azobni esa (Alloh) aql yuritmaydiganlarga ravo ko‘rar”.

Demak, Alloh taolo tomonidan bandalarga e’tiqod erkinligi borasida sinov uchun erkinlik ham berilgan ekan. Shunga ko‘ra, bu ilohiy qoida hisoblanadi va bunga bandasining dohil qilishga haqqi yo‘q.

O‘ktam PALVANOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”

kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish