446

O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

       “O‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan doimo oldinga qarab boradi”. 

                                                                                                Shavkat MIRZIYOYEV

Din va e’tiqod masalalari inson ma’naviyatining uzviy qismidir. Mazkur masalalarning mazmun-mohiyati haqida chuqur va asoslangan bilimlarga ega bo‘lish hayotiy-amaliy faoliyatni to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, vijdon erkinligi har bir shaxsning tabiiy huquq va erkinliklar sirasiga kiruvchi ajralmas huquqlaridan biridir. Vijdon erkinligi insonning eng muhim haqlaridan bo‘lsa-da, qonunda o‘z ifodasini topib, muhofaza ostiga olingandagina chin ma’noda huquq darajasiga ko‘tariladi. Aks holda, shaxsning qalb kechinmalarini ifodalovchi bu huquq haqiqiy ma’nosini yo‘qotadi. Diniy qarash va ta’limotlarning turlicha talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “noqonuniy diniy faoliyat” bilan “qonuniy diniy faoliyat” o‘rtasidagi chegara aniq belgilab qo‘yildi hamda “diniy ta’lim” tushunchasiga huquqiy jihatdan aniqlik kiritildi. 

Shuningdek, Qonun bilan belgilab qo‘yilayotgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi. Mazkur Qonun diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga, dinning asl mohiyatini anglashga, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilishga, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi. 

Har qanday demokratik islohotlarning samarasi, tinchlik hamda taraqqiyotimizning asosiy garovi ham aynan shu omil bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham barcha bo‘g‘indagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro bo‘lsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi hamda birinchi navbatda, bu qoidalarga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhit yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Darhaqiqat, odamlarimiz endi kechagi odamlar emas, ular o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi, muhokamalarda esa qanday fikr yoki taklifni ilgari surishni o‘zlashtirmoqda.

Aytish joizki, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashda, albatta, jamoatchilik nazoratining o‘rni beqiyos. Shu sababli ham yurtimizda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Konstitutsiyamizdagi norma asosida vijdon erkinligi uch jihatni anglatadigan huquqiy kategoriya sifatida namoyon bo‘ladi:

– muayyan shaxs xudoga ishonishi, xohlagan diniga e’tiqod qilishi mumkin;

– xudoga va dinga ishonmasligi, ularga nisbatan betaraf bo‘lishi mumkin;

– dahriy, ya’ni hech bir dinga e’tiqod qilmaygina qolmasdan, balki ularni inkor etishi mumkin.

Bu vijdon erkinligi huquqi aynan shu masalalar bilan cheklanadi, degani emas. Odatda konstitutsiya davlatning asosiy qonuni hisoblanib, yoritiladigan normaning umumiy jihatlarini o‘zida qamrab oladi. Konstitutsiya asosida qabul qilingan qonun va qonun osti hujjatlarda norma kengroq yoritiladi va sharhlanadi. Konstitutsiyadagi 31-modda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi birinchi va ikkinchi bandlarida kengroq ochib berilgan. Unda aytilishicha, “Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitusiyaviy huquqidir.

Fuqaro dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Demak, vijdon erkinligi faqat xudoga ishonish yoki ishonmaslikdan tashqari, ibodat qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etish yoki etmaslik erkini, shuningdek, diniy ta’lim olish yoki olmaslikni o‘z ixtiyori asosida belgilash huquqlarini ham o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi demokratik prinsiplarga sodiqligi ifodasi sifatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari quyidagilardan iborat deb belgilandi:

– fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;

– konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash;

– vijdon erkinligini ta’minlashda dunyoviy davlat qurilishini saqlab qolish;

– vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka fuqarolar hamda diniy tashkilotlar tomonidan rioya etilishini ta’minlash;

– jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish;

– Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vijdon erkinligini, shuningdek, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikning amalda izchil hamda bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlashga doir choralarning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organidir.

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi normalarning qonunchilikka kiritilishi natijasida diyorimizda rasmiy fao liyat yuritayotgan barcha din vakillariga katta imkoniyatlar yaratildi.

Hukumatimiz tomonidan turli diniy tashkilotlarning o‘z faoliyatini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy televideniye orqali ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarni berib borishi, mashhur diniy arboblarning tavalludiga bag‘ishlangan anjumanlarning keng ko‘lamda nishonlanishi kabi tadbirlarni aytib o‘tish o‘rinlidir.

Afsuski, yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, xalqimizning bag‘rikengligini suiiste’mol qilgan ayrim toifalar siyosiy va ekstremistik maqsadlarni ko‘zlab, xalqimiz uchun yot g‘oya va qarashlarni yoqlab chiqishlari barobarida ulamolarni haqoratlash, imomlar bilan masala talashish, ularni obro‘sizlantirish hamda boshqa mazhab vakillariga shaklan taqlid qilish kabi holatlar kuzatilmoqda.

O‘z navbatida, amaldagi qonunchilikda bunday huquqbuzarliklarga nisbatan muayyan jazo choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida vijdon erkinligi borasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jazo sanksiyalari belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni hayotga tatbiq etish va sohaga oid amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar natijasida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish hamda ularga rahbarlik qilish, noan’anaviy diniy oqimlar yoyilib ketishining oldini olish, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish kabi diniy hayot barqarorligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun zamon talablariga mos huquqiy mexanizm yaratildi. Eng avvalo, qonunlarning ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan ko‘ra bilish, qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga, bunday holatlarni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish choralari ko‘rish lozim.

Zarifa MAMAZOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish