392

Kibr va hasad dunyo va oxiratda xor qiladi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Har bir mo‘min-musulmon banda bilishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklaridan yana biri kibr va manmanlikdir.

“Kibr”, “takabbur” so‘zlari lug‘atda kattalik ma’nosini bildiradi va o‘zini boshqalardan katta, ustun va afzal hisoblash sifatiga ega shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘q.

Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo-ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.

Ziyrak kishilar Alloh taolo ularning hidoyatini iroda qilgan va qalblarini islomga keng qilib qo‘yganlar. Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlar.

Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir. Hasad Alloh taolo biror bandaga oxiratda zarari tegmaydigan, dini va dunyosi uchun foydali qilib bergan ne’matni undan ketishini istashdir. Yoki o‘sha kishining shunday ne’matga erisha olmasligini xohlashdir.  Hasad barcha ulamolarning ittifoqiga ko‘ra harom va og‘ir gunohdir. Hasad toat-ibodatlarni yo‘qqa chiqaradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: “Hasaddan juda ehtiyot bo‘linglar. Chunki hasad olov yog‘ochni yegani kabi yaxshiliklarni yeydi”, (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hasad kishini yomon ishlarga boshlaydi. Hasadchi yolg‘on, g‘iybat, so‘kish va so‘kinishdan qutila olmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar “Insonlar bir-birlariga hasad qilmagunlaricha yaxshilikda davom etadilar”, (Imom Tabaroniy rivoyati). Hasadchi qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shafoatlaridan mahrum bo‘ladi. U zot “Hasadchi, chaqimchi, fol ochuvchi bizdan emas, men undan ham emasman”, dedilar va ushbu oyatni “Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar”, (Imom Ahmad rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, “Olti toifa kishi hisob-kitobsiz do‘zahga tushadi: 1) adolatsiz boshliqlar; 2) millatchi arablar; 3) mutakabbir dehqonlar; 4) yolg‘onchi tijoratchilar; 5) hasadchi olimlar; 6) baxil boylar” (Imom Daylamiy rivoyati). Hasad birovga zarar berishga boshlaydi. Shu bois, Alloh taolo shaytondan panoh so‘ragandek hasadchilardan ham panoh so‘rashni o‘rgatadi.

Muoz ibn Jabar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar:

“Ishlaringiz muvaffaqiyatli yakunlanishini istasangiz, ularni sir tuting. Chunki har bir ne’mat egasining hasadchisi bordir” (Imom Tabaroniy rivoyati). 

Hasadchi har doim kuyib-yonadi, birovlarni ko‘ra olmaydi. Shu bois, doimo uning qalbida g‘am, alam bo‘ladi. Allohning hikmatlarini anglamaydi. Sufyoni Savriy rahmatullohi alayh aytadi: “Hasadchi bo‘lma, kaltafahm bo‘lib qolasan. Hasadchi har doim mahrumdir. Chunki u hech qachon murodiga erisha olmaydi, balki dushmaniga uning maqsadiga yetishishida o‘zi bilmagan holda ko‘maklashib yuboradi. Shu bois hasadchining kosasi oqarmaydi”. 

Hasad harom amal, shu bois, undan uzoq turish kerak. Hasaddan dushmanga zarar emas, foyda keladi. Lekin sening diningga zarar bo‘ladi. U tufayli Allohning g‘azabiga duchor bo‘lasan. Sen hasad qilayotib, go‘yo Alloh birovga bergan ne’matni nodonlik bilan yomon ko‘rgandek bo‘lasan. Buning oqibatida gunohkorga aylanasan.

Alloh taolo barchamizni hasaddan asrasin!

Aliakbar domla SAYFUDDINOV,

Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish