332

Qonun ustuvorligi – huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatinining muhim belgisi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Inson manfaatlari yuksak bo‘lgan va fuqarolik jamiyati institutlari orqali ularning davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi ta’minlangan, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat fuqarolik jamiyati sifatida e’tirof etiladi. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining eng asosiy belgilaridan biri ham davlatda qonunning ustuvor bo‘lishi va ularning inson manfaatlariga xizmat qilishidir. Shu bois, qaysi jamiyatda qonunlar ustuvor bo‘lsa hamda inson manfaatlariga xizmat qilsa o‘sha jamiyatda farovonlik hukm suradi va insonlarda hayotdan rozilik alomatlari yuksaladi.

Aksincha, qonun ustuvorligiga panja ortidan qaralib, qonunlar ijrosi bir xilda tatbiq etilmasa, fuqarolar o‘rtasida qonunga amal qilmaslik holatlari ko‘payib borsa, jamiyatda yuksalish bo‘lmaydi. Afsuski, bugungi kunda ayrim kishilar orasida davlat tomonidan o‘rnatilgan qonun-qoidalarga bo‘ysunmaslik, ularni inkor etish holatlari uchraydi. Ularning “Musulmon inson Qur’on va sunnatdan boshqa narsaga amal qilmaydi”, degan gap-so‘zlariga guvoh bo‘lamiz. Islom dini qonun-qoidalarga amal qilishdan qaytaradimi?

Islom dini davlatning ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi umuminsoniy qonunlari, tartib-qoidalariga amal qilishga chaqiradi. Chunki qonun-qoidalar xalq va jamiyat manfaatlarini ko‘zlaydi. Ularga amal qilish mamlakat taraqqiyoti va odamlar hayotining farovonlashuviga olib keladi. Qonun hujjatlari inson, jamiyat va davlatning haq-huquqlarining himoya qilinishini ta’minlaydi. Ushbu huquqlar buzilishining oldini oladi.

Qonunga amal qilish dinni inkor qilish degani emas. Islom dinida umummanfaatga xizmat qiluvchi, jamiyatni isloh etishga qaratilgan qonun-qoidalarga bo‘ysunishga chaqiriladi. Islom shariati insonning joni, moli, aqli, nasabi, dini, sha’nini himoya qilishga da’vat etadi. Qonun-qoidalar ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi. O‘z navbatida muqaddas islom ta’limot dunyoni obod qilish, farovon hayotni ta’minlashga xizmat qiluvchi qoidalarning joriy etilishiga qarshi chiqmaydi. Islom tarixidagi moʻtabar olimlar ezgu maqsadlarni ko‘zlaydigan qonunlarga amalga qilish zarurligini ta’kidlaganlar.

Qur’oni karimda: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat qilingiz, payg‘ambarga itoat qilingiz hamda o‘zingizdan bo‘lgan ish egalariga (ya’ni rahbarlarga) itoat qilingiz” (Niso surasi 59-oyat) deyilgan. Rasululloh alayhissalom dedilar: “Kim menga itoat etsa, demak, Allohga itoat etibdi va kim menga itoatsizlik qilsa, demak, Allohga itoatsiz bo‘libdi. Kim rahbariga itoat etsa, demak, menga itoat etibdi va kim rahbariga itoatsiz bo‘lsa, demak, menga itoatsiz bo‘libdi”.

Voiz Koshifiy davlat qonun-qoidalar asosida boshqarilishini aytib: “Agar tarbiya va jazo haqidagi qonunlar bo‘lmasa, davlat faoliyati buziladi va inson huquqlari poymol bo‘ladi”, degan. Hozirda dunyoning barcha davlatlari, xususan arab-musulmon mamlakatlari ham qonun-qoidalar asosida boshqariladi. Davlat fuqarolari uning qonun-qoidalariga bo‘ysunishi huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga hamda insonlar hayot tarzining yuksalishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, inson manfaatlari va jamiyat farovonligi uchun qabul qilinayotgan qonun-qoidalarga hammaning birdek amal qilishi bugungi kunning eng muhim vazifalaridan sanaladi.

Shukrullo JO‘RAYEV, 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish