Insonga e’tibor sifatli ta’lim asosidir
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Yangi O‘zbekistonni barpo qilishdagi ustuvor tamoyil insonga e’tibor, uning manfaatlarini ta’minlash, huquq va erkinliklarini kafolatlashdir. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson omili turganini mahalliy va xorijiy ekspertlar birdek e’tirof etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida so‘nggi yilllarda xalqimiz erishgan yutuq va marralarni sanab o‘tar ekan, erishilgan natijalar inson omiliga qaratilgani, “Inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala”, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Dunyoning turli o‘lkalarida kechayotgan jarayonlarni ommaviy axborot vositalari orqali ko‘ryapmiz. Ijtimoiy-iqtisodiy evrilishlar turli maqsadlarga yo‘naltirilmoqda: qudratli davlat barpo qilish, muhtasham binolar bunyod qilish, turli millat va elatlarga o‘z ustunligini namoyon qilish, tarixiy obro‘ va nufuzni qayta tiklash singari g‘oyalar va marralar ko‘zlanmoqda.
O‘zbekistondek olamni mahliyo aylagan diyor insonni ardoqlash, inson omilini yuksaltirishni o‘zi uchun ustuvor vazifa etib belgiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomasida bu vazifani amalga oshirish kun tartibidagi eng muhim maqsad bo‘lib qolishiga e’tibor qaratdi. “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak”.
Odamzod yaralibdiki, insonning qadrini asrash, sha’nini saqlash, obro‘-hurmatini joyiga qo‘yish, mol-u jonini muhofazalash, uning tansihatligi va nasl-u nasabi barqarorligi ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etgan. Islom ta’limotining insonning diyonatini, salomatligini, mol-u joni va avlodlari davomiyligini himoya qilish kabi bosh maqsadlarida ham mazkur ma’no mujassam.
Bani basharga faqat ezgulik sog‘inish, uning omonligi va farovonligiga hissa qo‘shish buyuk allomalarimizning asosiy maqsadlari, ularning “buyuk” degan nomga sazovor bo‘lishlarining bosh omili bo‘lgan. Hadisi shariflarda odamlar orasida yaxshi bo‘lish mezoni kishining boshqa insonlarga nechog‘liq foyda yetkazishiga qarab belgilanishi islomda insonga e’tibor masalasi ustuvor ekanini namoyon qiladi:
“Odamlarning eng yaxshisi ularga eng ko‘p manfaat keltiradigan kishidir”;
“Odamlarning eng yaxshisi umri uzun bo‘lib, amali yaxshi bo‘lgan kishidir”;
“Insonlarning yaxshisi qalbi toza, tili rostgo‘y bo‘lgan kishidir”;
“Sizlarning yaxshilaringiz (odamlarga) taom beradigan, salomga alik oladiganlaringizdir”;
“Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahli-oilasiga yaxshi (muomalada) bo‘lganlaringizdir”;
“Sizlarning yaxshilaringiz undan faqat yaxshilik umid qilinadigan, yomonlik qilmasligiga amin – xotirjam bo‘linadiganlaringizdir”,
“Sizlarning yaxshilaringiz eng go‘zal axloqli bo‘lganlaringizdir”.
Mazkur hadisi shariflar mazmunini quyidagicha xulosa qilish mumkin: “Insonlarning yaxshisi umrini faqat yaxshilik bilan o‘tkazgan, barchaga, oilasiga, do‘stlariga, qarindoshlariga, qo‘shnilariga ko‘p manfaat keltirgan, go‘zal xulqi bilan ibrat-namuna bo‘ladigan, qalbi gunohdan, zulmdan, hasaddan xoli, tili faqat rost so‘zlaydigan, undan odamlar faqat yaxshilik umid qiladigan INSONDIR”.
Hazrat Alisher Navoiy bu haqida shunday deydi:
“Demonkim ko‘ngli pok-u ham ko‘zi pok,
Tili pok-u, so‘zi pok-u, o‘zi pok”.
E’tibor berilsa, inson yaxshiligi boshqa insonlarga munosabati, ta’bir joiz bo‘lsa, insonga e’tibori bilan belgilanmoqda. Buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ibratli hayot yo‘llarida insoniyatga e’tibor masalasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Qozi Abu Sa’idxojaning o‘g‘li muftiy Abu Tohirxoja bo‘lib “Samariya” kitobida moturidiya ta’limoti asoschisi Abu Mansur al-Moturidiy hayotlaridan keltirgan naqlda buyuk imomning bog‘da tok novdalariga ishlov bera turib, beixtiyor savobi ulug‘ amalni kechiktirgani va bir yil o‘tgach, aholi zimmasiga kutilmagan soliq yuklanganida bunga o‘zini sababchi qilgani bayon qilinadi. Moturidiy hazratlari: “Bu yangi soliq men qilgan xatoyim shumli sabab yuzaga keldi”, deb sallalarini yerga urib yig‘lar edilar. Xalqqa kelgan iqtisodiy mushkullikda o‘zini aybdor ko‘rish, insoniyat boshiga tushgan qiyinchilik uchun o‘zini gunohkor bilish kabi ulug‘vor ishlar tahlil qilinsa, buyuk mutafakkir va allomalarimiz nomlari va asarlari avlodlar tomonidan asrlar davomida e’zozlanishining mohiyati yuzaga chiqadi.
Tarixiy manbalar guvohlik berishicha, naqshbandiya tariqati asoschisi Xoja Bahouddin Naqshband (1318-1389) keksaygan chog‘larida Buxoroda oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keladi. Insonlar ochlikdan aziyat chekar edilar. Xoja Bahouddin o‘z shogirdi bilan ko‘chalarni mashaqqat bilan kezdilar, tinim bilmay Buxoro xalqiga ofiyat va farovonlik so‘rar edilar. Xoja hazratlari ko‘zlaridan yosh tinmas, iltijo va tazarruda bardavom edilar. Ko‘p o‘tmay hazratning duolari sharofatidan Buxoro ko‘chalari donga to‘ldi. Xalqqa farovonlik yetdi. Naql qilishlaricha, Bahouddin Naqshband chekkan mashaqqatlari ta’sirida xastalanib, vafot etdilar.
Alisher Navoiyning “Odami ersang, demagil odami, onikim xalq g‘amidin yo‘q g‘ami” so‘zlari hayotlarini insoniyat manfaatiga baxshida qilgan zotlarning maqomi borasida aytilgan dillarga manzur xush kalom, avlodlar uchun zo‘r in’om, chinakam saodat eshigi, barqaror ofiyat beshigidir.
2003-yilda kaminaga Hazrat Navoiyning Hirotdagi qadamjolarini ziyorat qilish, ulug‘ mutafakkir bobomiz qilgan ishlar bilan bir qadar tanishish baxti muyassar bo‘ldi. Hirot shahrida Alisher Navoiy hayoti davomida amalga oshirgan xayriya ishlari turli naql va rivoyatlar yuradi. Jumladan, bobomiz ta’mir etgan Jome’ masjid ziyorati asnosida ajib fikrlar uyg‘ondi. Hazrat Navoiy haftaning juma kunlarida mazkur Hirot Jome’i yonidagi katta doshqozonda osh damlab, muntazam xalqqa ehson qilar ekanlar. Hirot ziyoratidan olingan muhim xulosa shu bo‘ldiki, Navoiyni Navoiy bo‘lishida hazratning oilaviy tarbiyasi, ustozlari, iste’dodi, zakovati, temuriylar davri muhiti kabi omillardan ham ahamiyatlisi: hazratning tinimsiz xaloyiqqa ehson qilgani, xalq va millat g‘amini yeyish ul zot umrining mazmuniga aylanganidir. Insonga e’tibor, inson qadrini asrash, sha’nini saqlash, komil insonni tarbiyalash, shubhasiz, Mir Alisher asarlarining asosiy tamoyilidir.
Ilm-u ma’rifat, ta’lim va tarbiya asrlar davomida insoniyat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bu haqiqatni anglagan har bir inson ta’lim va tarbiya masalasiga e’tibor qaratadi, uni amalga oshirish yo‘llarini izlaydi. Ayrimlar ta’lim sifatini sifatli o‘quv jihozlaridan qidiradi. Ba’zilar ta’lim dargohi binosining qanchalik muhtasham va shinamligiga e’tibor qaratadi. Zamonaviy texnologiyalar, turli xil dasturlar ta’limning asosi deb hisoblovchilar ham bor.
Prezidentimiz Murojaatnomasidan anglashilgan haqiqat shuki, insonga e’tibor, o‘qituvchi, ustoz va murabbiyga e’tibor sifatli ta’lim asosidir. Davlatimiz rahbari ta’lim borasida fikr bildirganida doimo ustoz mavqeini oshirish, o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlaydilar.
Eng zamonaviy sinflarda so‘nggi texnologiyalar asosida tashkil qilingan darsda ham ta’lim sifati o‘qituvchi mahoratiga bog‘liq bo‘lib qolaveradi. Markaziy Osiyo zaminida olamga shuhrat taratgan Birinchi va Ikkinchi Renessansning quruvchilari ustozlar, ilm-u ma’rifat taratish yo‘lida jonbozlik qilgan o‘qituvchi va murabbiylardir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023-yilning mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Insonga e’tibor va sifatli ta’limni ta’minlashda davlat bosh islohotchi, shu bilan birga, har bir ziyoli, fuqaro, ongli shaxs bu yuksak marrani zabt etishda o‘z hissasisini qo‘shishi darkor. Inson – jamiyat –davlat tamoyiliga ko‘ra biz insonga e’tiborni o‘zimizdan boshlashimiz, zimmamizdagi burchimizni halol va sifatli bajarishimiz muhimdir. Sifatli ta’lim barcha sohani qamrab oladi. Duradgor o‘z kasbi mahoratini shogirdiga mukammal o‘rgatishi, kompaniya menejeri o‘z izdoshlariga sifatli boshqaruv mohiyatini anglatishi, tujjor tijoratning nozik sirlarini undan ta’lim olayotgan yosh tujjorlarga o‘rgata bilishi... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Dars sifati, ta’lim va tarbiya sifati mamlakat taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani tarix va zamon ko‘p marta isbotlagan, qayta isbot talab etmaydigan haqiqat. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir.
Saidafzal SAIDJALOLOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi
Izoh qoldirish