152

Bahor, Ramazon va Qur’on

SHUKUH

Ramazon Qur’oni karim nozil qilingan oydir. Shuning uchun Qur’on va Ramazon oyi o‘rtasida alohida munosabat bor. Shu yil Ramazon oyi bahor fasliga to‘g‘ri kelgani bejiz emas. Bahor faslida tabiat va inson olami yanada o‘zgacha chiroy ochsa, hayotiy tarovat topsa, Ramazonda Qur’oni karim tilovati ham ana shunday tarovatni inson ruhiyatiga bag‘ishlaydi. Qur’on qiroati ixlosmandlari bu oyda mazkur muqaddas kitobga yanada yaqinlashib, uning ta’limotlarini o‘qish, o‘rganish, anglash orqali qalblarini jonlantiradi, iymonlarini yana bir bor yangilab, mustahkamlaydi. Zero, inson hayoti tabiat bilan chambarchas bog‘liq, hamohang va uyg‘undir, har gal, qayta-qayta yangilanishni talab etadi. 

Ali (r.a.) aytadilar: “Alloh taoloning kitobini o‘rganinglar, chunki Qur’on qalblar bahoridir”

Ramazonda Qur’on bilan birga bo‘lish xususiyatini yaratishimiz va uni tafakkur, tadabbur ila o‘qishimiz kerak. Qur’on muqaddasligidan tashqari bashariyatning dasturulamali, mukammal adabiyot namunasidir, shuning uchun unda evolyutsiyaning barcha rejalari va sirlari mavjud. Qur’on Allohning kalomidir, uni o‘qib anglash, unga amal qilish dunyo va oxirat saodatiga yetish, nafs balosidan najot topish sababi bo‘ladi. Qachonki, biz Qur’onni bilsak, uning ochib beruvchi ulug‘ligini, mazmun-mohiyatini anglab yetib, so‘ngra ishq bilan aqliy va amaliy aloqa o‘rnatsak, Qur’onga oshno bo‘ldik, deyishimiz mumkin: 

“Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to‘kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar” (Fotir surasi: 29). 

Binobarin iymonning gullab-yashnashiga Qur’on o‘qish, unga amal qilish bilan erishiladi. Shunga ko‘ra, shu muborak Ramazon oyida har kuni Qur’on oyatlarini o‘qib, iymonimizni ravnaq toptiraylik, Qur’on o‘qish zanglagan qalblarni tozalaydi va ularga jilo beradi. Har kuni Qur’ondan bir necha oyat o‘qib qalbimiz zangini yuvaylik. 

Muborak Ramazon oyi bizga tashnalik va ochlik orqali nafsni tarbiyalash, musulmonlarga yaxshi hayotni, noz-u ne’matlarni qadrini bilish uchun keladi. Ramazon oyi, bir yilda bir oy Alloh taologa astoydil, sitqidildan itoat qilish, haqiqiy bandalik qilish, shuningdek, Allohga bo‘lgan taqvoni oshirish, u zotga bo‘lgan muhabbatni ziyoda qilish uchun keladi. Lekin afsuski, biz bu muqaddas oyni yaxshi tushunmaymiz. Chunki bu muborak oyning iftorlik va saharlik dasturxonlari shu qadar rang-barang bo‘lib ketganini ko‘rishimiz mumkin. Xuddi bu oy ibodat, bandalik va ro‘za oyi emas, balki yegulik oyidek tuyuladi. Aslida Ramazon oyining mohiyatini tushunib unga muvofiq yondoshsak, u bizlarga salomatlik olib keladi va aynan shu oy jisman va ruhan sog‘lig‘imizni tiklashimiz uchun munosib vaqtdir. 

Ro‘za ma’naviy va jismoniy jihatga ega bo‘lgan ibodatlardan bo‘lib, to‘g‘ri va to‘liq bajarilsa, ma’naviy ta’sir va ruhiy kuchlarni mustahkamlashdan tashqari, ro‘zadorning jismoniy salomatligini ham kafolatlaydi. Lekin ming afsuski, har yili muborak oyning oxirida bu ibodatni noto‘g‘ri bajarish, ortiqcha ovqat iste’mol qilish tufayli odamlar yo semiradi yoki oshqozon-ichak, yurak kasalliklariga chalinadi. Bu asoratlar ro‘za tutishning to‘g֥ri tamoyillarini hali o‘rganmaganimiz sababli yuzaga keladi.

Shifokorlar ham har yili Ramazon oyida ro‘za tutishning qanday foydasi bor? Ro‘za tutish haqida tibbiyot nima deydi? Dunyo miqyosida bu borada juda ko‘p tadqiqotlar olib borilgan. Ro‘zaning inson organizmiga foydali ekanligini qayd etilgan. Chunki Islom dinining ilohiy ahkomlari va ko‘rsatmalari o‘ta hikmatli bo‘lib, Alloh taoloning ilmi va qonuniga asoslanib, insonlar baxti uchun belgilanganligi sobit bo‘lgan. Insoniy ilmlar esa o‘zgaruvchandir. Biz insonlar barcha samoviy va ilohiy qonun-qoidalarni, yagona Allohning qudrati, buyukligi, rahmati, azamati va cheksiz ilmiga to‘liq ishongan va anglagan holda, amal qilishimiz zarur. Ilohiy amrlar, itoat va diniy ibodatlarga nisbatan taqlid qilmasdan yondoshish kerak, buyurilgan amallarni maqsad mohiyatini anglab, ongli ravishda bajarishimiz kerak. Bu borada hazrat Alisher Navoiyning mashhur bayti yodga keladi: 

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, 

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

Birovni ko‘nglini og‘ritmaslik aynan islom dinining asosiy va muhim dasturlaridan biri bo‘lib, haqiqiy bandagina (inson) bu oliy darajadagi savob ishni qila oladi. Allohga to‘la-to‘kis itoat qilishlik oson ish emas albatta, lekin inson hayoti davomida birovning ko‘nglini og‘ritmaslik esa undanda mushkulroq ish ekanligini hazrat Navoiy Ka’bani obod aylashga tenglashtirib, shu baytida eslatadi. 

Agarda insonni yoshlikdan haqiqiy banda bo‘lishga uqtirishgan bo‘lsa, davlat qonunlari ham shu inson qadri va qiymatini yuksaltirishga safarbar qilingan bo‘lsa-da, afsuski, jamiyatda hozirgi kunda ham nuqsonlar kam emas. Bu nuqsonlar sabablaridan biri, shu uqtirilgan bilimlarni yaxshi anglamaslik, mohiyatini tushunib yetmaslik ma’rifat va ma’naviyatning pasayishiga olib bormoqda. Buning natijada esa jamiyatda har xil illatlar kelib chiqaveradi. 

Shuning uchun muqaddas Ramazon har birimiz uchun katta imkoniyat va fursat oyidir, har birimizning qo‘llarimiz ishda bo‘lib, Qur’on o‘qib, ro‘za tutib, insonlarga foydamiz tegsa, atrofimizdagi yaqinlarimiz, hamkasblarimiz, yor-u do‘stlarimizga yomon so‘zlarni aytishdan tiyilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda har bir inson katta-yu kichik o‘zini isloh qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bahor tabiatni yangilaganidek har bir banda, ruhan va jisman yangilanib, gunohlardan forig‘ bo‘lishi mumkin. 

Nargiza SHOALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish