146

Yoshlarni buzg‘unchi aqidalardan himoyalashda tarbiyaning ahamiyati

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Ota-ona uchun eng muhim vazifalardan biri farzand tarbiyasidir. Ushbu mas’uliyatni chuqur his etgan ota-onalar farzandlari tarbiyasiga jiddiy e’tibor berib, har qanday sharoitda ham jigarbandi bilan shug‘ullanishga vaqt topadi.

Hadislardan birida: “Ota-ona farzandiga go‘zal odobdan ko‘ra, yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deb aytiladi. Chunki e’tiqodi va dunyoqarashi sog‘lom farzand ota-ona xizmatini qilib, yurtiga sadoqatli, komil inson bo‘lib voyaga yetadi.

Bugungi kunda aqidasi, dunyoqarashi hali shakllanib ulgurmagan yoshlarimiz puch, yaltiroq shiorlarga aldanib, adashgan oqim va yo‘nalishlarning mafkuraviy xurujlari ta’siriga tushib qolmoqda. Shuning uchun bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri sof islomiy aqidamizni o‘rganish va o‘rgatish, yoshlarimiz ongiga buzuq aqidalar suqilib kirishining oldini olishdir.

Afsuski, bugungi kunda ba’zilar islomiy ilmni xalqaro axborot tarmoqlarida, internetda tarqalgan turli kitoblar, ovozli va tasvirli manbalardan o‘rganishning o‘zi yetarli deb o‘ylab yuribdi. Azizlar, nafaqat internetdagi turli shubhali manbalarning, hatto eng sahih kitobning ham o‘zi haqiqiy ilm olish uchun, chinakam islomiy dunyoqarashni shakllantirish uchun yetarli bo‘lmaydi. Dinga bir yoqlama yondashib, uni ko‘r-ko‘rona o‘rganib bo‘lmaydi. Buning uchun, albattam muallim kerak.

E’tiqod borasida yoshlar ongini to‘g‘ri shakllantirish va jamiyat ma’naviyatini buzg‘unchi aqidalardan himoyalash doimo eng dolzarb vazifalardan bo‘lib kelgan. Albatta, bunda ota-onalar asosiy o‘rin tutadi. Afsuski, ayrim ota-onalar bola tarbiyasida beparvolik qiladilar. Ular shaxsiy yumushlari, ko‘cha-ko‘ydagi ulfatlari, moddiy mablag‘ to‘plashni birinchi o‘rindagi vazifa-yu, oila a’zolarining axloqiy va ma’rifiy tarbiyalari bilan shug‘ullanishni ikkinchi darajali ish o‘rniga qo‘yishadi.

Qadimdan solih insonlar farzand tarbiyasiga katta e’tibor qaratishgan. Chunki millatning taraqqiyoti yoki zavoli yoshlarning tarbiyasiga bog‘liq. Agar yosh avlodga yaxshi tarbiya berilsa, kelajakning poydevori mustahkam bo‘ladi, bordi-yu buning aksi bo‘lsa, millat zalolatga yuz tutadi. O‘tgan asrdagi mutafakkir olimimiz Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘tgan ulug‘ zotlarga ergashgan holda biz ham kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishimiz lozim. Ayniqsa, ularning tarbiyasida ajdodlarimizning buyuk hayotlari hamda yozib qoldirgan ma’naviy meroslari muhim o‘rin kasb etadi.

Kelajak avlod tarbiyasi barcha zamonlarda xalqimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Nozirjon QO‘CHQAROV,

Namangan tumani “Umarboy xoji” jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish