398

Ilmli va tarbiyali yoshlar – jamiyat ravnaqi asosi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Har bir yurt taraqqiyoti jamiyatda yoshlarning ilmiy salohiyati, axloqi va tarbiyasiga bog‘liq. Dunyo yaralganidan to bugungi kunimizga qadar ilm va tarbiyaning ahamiyati hech qachon yo‘qolgan emas. Zero, bashariyat hayoti faqatgina moddiy ehtiyojlar bilan cheklanmagan. Odamzot moddiy ehtiyojlar bilan bir qatorda ruhoniy unsurlarga ham muhtoj qilib yaratilgan. Balki ehtiyojlar, ya’ni aql va qalb uchun zarur bo‘lgan ilm, odob-axloq kabilar insonning baxt-saodati uchun muhim rol o‘ynaydi.

Ayrimlar “Xobbingiz, ya’ni sevimli mashg‘ulotingiz nima?” degan savolga “Xobbim kitob o‘qish” deb javob beradi. Bu, albatta, umuman kitob o‘qimagandan ko‘ra ijobiy holat. Shu bilan birga, ilmning inson hayotidagi ahamiyati nuqtayi nazaridan kulgili javob hisoblanadi. Tasavvur qiling, shu savolga kimdir “Xobbim ovqatlanish”, “Sevimli mashg‘ulotim uxlash” yoki “Men kiyim kiyib yurishga qiziqaman” deb javob bersa, qanday ham kulgili javob bo‘lar edi. Xuddi shuningdek, kitob o‘qish, ya’ni ilm egallash va odob-axloq o‘rganish ham inson ruhiyatining eng zaruriy ehtiyojlari sanaladi. Oziq-ovqat, uyqu, libosning inson hayotda qolishi uchun ahamiyati nechog‘liq yuksak bo‘lsa, ilm va tarbiyaning ahamiyati undan zarracha kam emas. Ana shu zaruratni nafaqat yoshlar, balki ularning tarbiyachilari – ota-onalar va ustozlar ham teran anglasalar, jamiyatdagi turli xil ko‘ngilsiz holatlar, jinoyat va taraqqiyot kushandasi bo‘lgan illatlar yo‘li qisqarishiga oson erishish mumkin bo‘ladi.

Dinimiz manbalarida ilm va tarbiyaga naqadar kuchli e’tibor qaratilganini Qur’on oyatlari va hadis shariflarda kelgan targ‘iblar tasdiqlaydi. Qur’oni karimning Toha surasi 114-oyatida Payg‘ambar alayhissalomga “Robbim, ilmimni ziyoda qilgin” deb duo qilish o‘rgatiladi. Boshqa bir oyatda esa ilmli kishilarning yuksak darajalarga ko‘tarilishi ta’kidlanadi: “Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko‘taradi” deyiladi. Hadislarning esa barchasini ilm va tarbiya tashkil etadi deyish mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Payg‘ambar alayhissalomning musulmonlarga nasihat qila turib, “Odamlarga husni xulq ila muomala qil”, “Yaxshilik husni xulqdir”, “Qiyomat kunida mo‘minning tarozisida husni xulqdan ham og‘irroq narsa bo‘lmaydi” mazmunidagi so‘zlari tarbiyaning asosi bo‘lmish go‘zal axloqning ikki dunyoda ham inson saodati omili bo‘lishidan darak beradi.

Darhaqiqat, yoshlarning tarbiyali bo‘lib, ilm-fanga qiziqishlarida ota-onalarning o‘rni g‘oyat muhim. Zero, ota-ona farzandni go‘yo navniholni parvarishlab, o‘stirgani kabi voyaga yetkazadi. Ushbu jarayonda nafaqat shaxsiy namuna, qolaversa, yaxshi-yomonni ta’lim berish qushning ikki qanoti kabi zarur vositalardan hisoblanadi.

Dunyoga dovrug‘i doston bo‘lgan olim-u fuzalolarning muvaffaqiyati negizida ham ota-onalarning mehnati, go‘zal tarbiyasi yotadi. Buyuk muhaddis, Payg‘ambar alayhissalomning eng ishonchli hadislarini bashariyatga taqdim etgan Muhammad ibn Ismoilning dunyoga Imom Buxoriy bo‘lib tanilishida mushtipar bir onaning go‘zal tarbiyasi yotadi. Imom Molikdek mazhab asoschisining kamolotga yetishishi asosida “Ilmdan oldin odob-axloqni o‘rgangin” deya tarbiya bergan farosatli onaning mehnatlari turadi. Fotima Samarqandiyaning dunyoga fiqh olimasi sifatida tanilishi Alouddin Samarqandiydek ilm va tarbiyani birdek tutgan otalarning himmati samarasidir. Tariximizdan so‘zlovchi manbalar bu kabi go‘zal o‘rnaklar bilan to‘lib toshgan.

Bugungi yoshlar ham ota-ona va ustozlar nasihati hamda ma’rifat xazinasi hisoblangan kitoblardan, avvalo, tarbiya namunalarini yaxshi o‘zlashtirib, so‘ng yurt ravnaqiga hissa qo‘shuvchi ilm-fan sohalarida haqiqiy mutaxassis bo‘lishga intilishlari nafaqat ularning shaxsiy hayotlari, balki butun jamiyatning farovonligi yo‘lida eng muhim omildir. Shunday ekan, ilm va tarbiyani hayotimizning birlamchi va hal qiluvchi vositasi sifatida anglashimiz va boshqalarga buni anglatishimiz jamiyatimiz zimmasidagi dolzarb vazifalardan sanaladi.

Doston MUSTAFOYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 

Nashrlar bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish