Tinchlik – buyuk ne’mat
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Muborak islom dini o‘z nomi bilan tinchlik dinidir. Muqaddas va buyuk dinimizning asosiy ta’limotlaridan biri insonlarni tinchlikka chaqirish, kishilarni mehr-muruvvatli, mehr-oqibatli bo‘lishga, millati, dinidan qat’iy nazar bir-birlariga izzat-hurmat ko‘rsatishga chorlaydi. Muqaddas kitobimiz Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar. Yoppasiga itoatga kirishigiz va shaytonning izidan ergashmangiz!” (Baqara surasi 208 oyat.), deb marhamat qilindi. Ushbu oyatda barcha insonlar birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligi uqtiriladi. Tinchlik bu islom dinining shioridir. Shuning uchun ham barcha musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar.
Payg‘ambar (s.a.v.) hadislarining birida: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganida oilasi tinch, tanu-joni sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).
Demak, insonga ikki xil moddiy va ma’naviy ne’matlar Alloh taolo tomonidan berilgan. Ko‘pincha insonlar ne’matning qadriga u qo‘ldan ketgandan keyingina yetadilar. Sog‘likning qadri bemorlikda, boylikning qadri faqirlik yetganda, tinchlikning qadri esa notinchlik vaqtida bilinadi. Buyuk ne’mat bo‘lmish tinchlik va xotirjamlik qaror topgan yurtda taraqqiyot va rivojlanish bo‘ladi. Dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, Allohning buyurgan ishlarini mukammal ado etish uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Bugungi kunda ayrim yurtlardagi notinchliklar oqibatida ko‘pgina begunoh odamlar aziyat chekmoqda.
Zero, islom dini asl mohiyati ila inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Abu Xurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v): “Qaysi bir musulmon kishi ikkinchi bir musulmon birodariga tig‘ ko‘tarsa, to o‘sha tig‘ni qaytarib o‘rniga qo‘ymaguncha Allohning farishtalari unga la’nat aytib tururlar”, deyilgan. (Muslim rivoyati). Yana bir hadisda: “Mo‘min kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilish esa kufrdir”, deb marhamat qilingan. Demak, haqiqiy musulmon nohaq boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor bermasagina haqiqiy mo‘min bo‘lar ekan.
Shunday ekan, yurtimizdagi har bir fuqaro tinchlikdek aziz ne’matni ko‘z qorachig‘iday asrashi lozim. Buyuk Robbimiz jonajon yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlikni ato aylasin!
Ravshan KAMOLOV,
Buxoro shahar Sayfiddin Boxarziy masjid imom-xatibi
Manba: muslim.uz
Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya
- Rahbariyat
- Akademiya haqida
- Akademiya tarixi
- Bog'lanish
- Tuzilma
- Kengashlar
- Yuqori turuvchi tashkilot
- Bo‘sh ish o‘rini
- Kafedralar
- Fakultetlar
- Bo‘limlar
- Sektorlar
- Markazlar
- Ta'lim muassasalari
- Xorijiy faxriy doktor va professorlarimiz
- Akademiya oromgohi
- Yoshlar ittifoqi
- Bitiruvchilar klubi
- Akademiya hududi tarixi
- Axborot-resurs markazi
- Bizning bitiruvchilar
- Qabul jadvali
- Komplaens-nazorat
Izoh qoldirish