272

Ekstremizm – beqarorlik manbai

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Ekstremizm tushunchasi azaldan mavjud chegaradan oshish kayfiyati bilan bogʻliq boʻlgan. Qadimgi Rimda “extremitas” va “extremus” soʻzlari maʼlum borliqdagi hodisa yoki boshlangʻich nuqtaga nisbatan oʻta uzoqlikdagi munosabat sifatida qoʻllanilgan.  Misol uchun, “extremitas mundi” soʻzi “dunyoning chekkasi” maʼnosini bergan. Boshqa maʼlumotlarga koʻra, “extremus” soʻzining oʻzagi yunon tilidagi “trema” (“ochiqlik”, “ketish yoʻli”) jumlasiga borib taqaladi. Bunda esa “extremer” iborasi orqali shahar chegarasidan (yaʼni mustahkam inshoot) hududidan tashqariga chiqib ketgan kishi tushunilgan. Shuning uchun ekstremizm soʻzi doim belgilangan chegara atrofi va uning ortidagi harakat sifatida baholangan. 

Islomda “ekstremizm” tushunchasi Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflarda takror-takror kelgan “gʻuluv”, “tugʻyon” va “haddan oshish” kabi soʻzlar bilan hamohang boʻlib, bu holatlarning barchasi muqaddas dinimizda qattiq qoralangan. Masalan, Qurʼoni karimda Alloh taolo bandalarini gʻuluvdan qaytarib, bunday ogohlantiradi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (shaʼni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va koʻplarni adashtirgan hamda toʻgʻri yoʻldan chalgʻiganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb amr qilingan. Shuningdek Alloh taolo musulmonlarga: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qurʼonni) mahkam tuting va firqalarga boʻlinmang” (Oli Imron, 103), deya taʼkidlagan edi. 

Dinda gʻuluvga ketish, haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka, aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida paydo boʻlgan xavorij, moʻtazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda gʻuluvga ketishning oqibatidan boʻlgan. Gʻuluv mashaqqat boʻlgani bois, odamlar toʻgʻri yoʻldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, oʻz-oʻziga mashaqqat tugʻdiradigan yangi bidʼat amallarni oʻylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib koʻrsatishga sabab boʻladilar. Bu esa islom dinining moʻtadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan taʼlimotlariga ziddir. Zero, yengillik berish islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda: Paygʻambarimiz (s.a.v): “Osonlashtiring, aslo qiyinlashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, degan edilar.

Hozirgi zamon mutaxassislari kengroq yondashgan holda ekstremizm bu mafkura va siyosatda keskinlik va ashaddiylik qarashlariga tarafdor boʻlish hamda biror maqsadga erishishda aynan shunga oʻxshash vositalardan fodalanish harakati, deb taʼrif qiladilar. Shu bilan birga, ular ekstremizmni hodisa sifatida talqin qilib, u insonlar qiyinchilik bilan barpo qilgan tartiblar, tuzilma va institutlarga qarshi chiqib, ularning barqarorligini izdan chiqarish, yoʻq qilishga intiladigan qarash ekanligini taʼkidlaydilar. Ularning nazdida, ekstremizmning eng yomon va xatarli shakllaridan biri bu din omili asosidagi keskinlik harakatlaridir. Sababi, din omili asosiga qurilgan ekstremizm mafkuraga aylangan holda inson, jamiyat va ummat uchun nihoyatda ayanchli oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Dindagi ekstremistik gʻoyalarning tarafdori boʻlgan kishi buzgʻunchi guruhlar va firqalarga ergashib qoladi. Diniy ekstremistik gʻoyalarni targʻib qiladigan oqim ishlarida faol boʻlishga intiladi. Bu esa quyidagi zararli oqibatlarni paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin:

–  oilasi, qarindosh-urugʻlari va yaqin insonlaridan mahrum boʻlish;

– jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yoʻqotish, chuqur ilm olish, yaxshi kasb egasi boʻlish va hayotda munosib oʻrin egallash imkoniyatlaridan ayrilish;

– yon-atrofidagi jarayonlarga shaxsiy munosabatga ega boʻla olmay, voqelikka faqat ekstremistik oqim nuqtayi nazaridan qarashga majbur boʻlish;

– umrini qamoqda yoki oʻzga yurtlarda xor-zor va sargardonlikda oʻtishi, ota-onasi, turmush oʻrtogʻi va farzandlari oldidagi insoniy majburiyatlarini bajara olmaslik.

Bundan tashqari, ekstremistik gʻoya va yot diniy qarashlar jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy muhiti va davlatning tadrijiy rivojlanishiga ham katta zarar keltirish tahdidi mavjud. Bunday holat quyidagilarda aks etadi:

– dinni niqob qilgan oqim aʼzosi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” daʼvosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi boʻgʻini boʻlgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;

– jamiyatda anʼanaviy qadriyatlarni avloddan-avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim oʻrin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yoʻqotishi oqibatida maʼnaviyat pasayadi; 

– ekstremistik va terrorchilik harakatlari sodir etilishi orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga koʻnikib qoladi. Ayni chogʻda ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uygʻotadi, qochoqlar oqimi paydo boʻladi; 

– terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;

– davlat tomonidan xavfsizlik choralarini koʻrish uchun byudjet mablagʻlarini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida koʻrilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan ogʻirlik keltiradi. Oqibatda ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yoʻnaltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;

– davlatning yangi rivojlanish bosqichiga oʻtishi va bu orqali jamiyat farovonligi hamda turmush tarzining yuksalishining toʻxtashiga olib keladi. 

Shuningdek, din asosida keskinlikka berilish oqibatida har bir jamiyatning kelajagi boʻlgan yoshlarning dunyoqarashida oʻzi istiqomat qilayotgan davlatiga ishonchsizlik, tuzumni oʻzgartirishga boʻlgan ishtiyoq, boshqa millat vakillari va ularning urf-odatlariga qarshi chiqish singari tarqoqlikni taʼminlaydigan his-tuygʻularning paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Bunday yoshlar esa xorijdagi soxta “din daʼvatchilari”ning yolgʻon chaqiriqlariga aldanishi, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi nizo va urush oʻchoqlariga intilib, begunoh insonlarning umriga zavol boʻlish, oʻz ona-yurtiga qurol oʻqtalish darajasidagi manqurtga aylanish ehtimolini paydo qiladi. 

Xulosa qilib aytganda, ekstremizmga yoʻgʻrilgan qarash va gʻoyalar fitnalarga aylangan holda doimo jamiyat xavfsizligi, davlat barqarorligiga tahdid solayotgan asosiy illatlardan biri boʻlib qolmoqda. Bu esa har bir sogʻlom fikrli insondan ekstremistik qarashlardan ogoh boʻlish, uning taʼsir doirasiga tushib qolmaslik hamda ekstremizga qarshi barcha imkoniyatlarni ishga solishni taqozo etadi. 

Ulugʻbek JOʻRAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish