Yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari – oliy qadriyat hisoblanadi. Shu bois, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilmoqda.
Xususan, 2021-yil 6-iyulda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni O‘zbekiston xalqi uchun vijdon erkinligining muhim kafolati bo’lib xizmat qilmoqda. Qonun loyihasini tayyorlashda keng jamoatchilik vakillari, xalq deputatlari, olimlar, mutaxassislar, turli millat va din vakillari faol ishtirok etdilar. Bu qonun o‘z mazmuni bilan ilgarigi qonunlardan katta farq qiladi. Yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning maqsadi vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishdan iborat bo’lib, unda fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlangan. Qonunda ilk bor “diniy ta’lim muassasasi”, “diniy tashkilot”, “diniy tashkilotlarning respublika boʻyicha markaziy boshqaruv organi”, “mahalliy diniy tashkilot”, “missionerlik”, “qonunga хilof diniy faoliyat”, “diniy professional ta’lim”, “prozelitizm” kabi atamalarga huquqiy ta’rif berilgan.
Shuningdek, mazkur Qonunda keltirilishicha, fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga, voyaga yetmaganlarni ularning xohish-irodasiga, ota-onasining yoki qonuniy vakillarining xohish-irodasiga zid tarzda diniy tashkilotlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘z diniga e’tiqod qilish yoki ishonish erkinligiga nisbatan faqat qonunda nazarda tutilgan cheklovlar tatbiq etilishi mumkin bo’lib, bunda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urushni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qilish, fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga tajovuz qilish, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi tuhmatdan iborat uydirmalarni tarqatish, aholi o‘rtasida sarosima uyg‘otish hamda shaxs, jamiyat va davlatga qarshi qaratilgan boshqa harakatlar sodir etish maqsadida dindan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari quyidagilar etib belgilangan:
– fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
– konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash;
– vijdon erkinligini ta’minlashda dunyoviy davlat qurilishini saqlab qolish;
– vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka fuqarolar hamda diniy tashkilotlar tomonidan rioya etilishini ta’minlash;
– jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish.
O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va bevosita Oʻzbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Shu nuqtai nazardan, mazkur Qonun mamlakatimizda yashovchi millat va elatlar hamda konfessiyalar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turlicha diniy eʼtiqodlari va his-tuygʻularini hurmat qilishni taʼminlashning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dilafruz KARIMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar doktori
Izoh qoldirish