199

Go‘zal tarbiyadan yaxshiroq meros yo‘q

Xalqimizga xos muhim bir fazilat – go‘zal tarbiyaga qadimdan e’tibor ko‘rsatib kelingan. Mana shu e’tibor negizida oilada sog‘lom insonning dunyoga kelishi, ma’naviy tarbiya ta’sirida ulg‘ayib, tarbiya topishida ayol, onaning o‘rni beqiyos deb e’tirof etilgan.

Ta’kidlash joizki, nasl sog‘lomligi, farzand tarbiyasi, avlod barkamolligida onaning o‘rni, vazifasi hamda mas’uliyati islomning diniy-falsafiy asoslari va manbalarida keng yoritilgan. Har ikki holatda ota-bobolarimiz oilani barpo etishga bosh-qosh bo‘lar ekanlar, albatta, nasl-nasab, tana va ruh sog‘lomligiga jiddiy e’tibor berib kelganlar. Shubhasizki, ushbu omillar rivojlanayotgan oilaning sog‘lomligi va mustahkamligini ta’minlovchi muhim sabab bo‘lishi bilan bir vaqtda, ijtimoiy muhit sog‘lomligini, jamiyat barqarorligi va mamlakat mustahkamligini ta’minlovchi muhim omil hamdir.

Inson tabiatning buyuk va takrorlanmas moʻjizasi ekani, u har tomonlama sog‘lom va mukammal qilib yaratilgani to‘g‘risida manbalarda yozilgan. Chunonchi, Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Batahqiq biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”. Bundan ko‘rinadiki, inson tug‘ilganidan barcha kamchiliklardan holi bo‘ladi, unga barkamol, sog‘lom bo‘lib o‘sish, tarbiyalilik, mukammallik tomon harakat qilish  imkoniyatlari berilgan.

Sog‘lom inson tug‘ilishi va go‘zal tarbiyalanishida kishilarning shaxsiy va jinsiy hayoti, poklik harakati g‘oyalari ham islom manbalari va talablarida atroflicha yoritilgan. Hadislarda keltirilishicha, “Kimgaki, Alloh taolo bir soliha ayolni nasib etgan bo‘lsa, Alloh uning, dinining yarmini himoya qilishga yordam qilibdi. Endi qolgan yarmini o‘zi himoya qilsin” deyiladi.

Go‘zal tarbiyalilik nafaqat mehnatsevar insondir, balki u o‘zini noma’qul harakatlardan saqlay oladigan kishidir. Shunday noma’qul harakatlardan biri islom manbalarida zino va fohishalik deb ko‘rsatilgan. Ta’kidlash kerakki, Alloh taolo o‘zining payg‘ambarlariga yuborgan Qur’ondan oldingi muqaddas kitoblarida ham zinoni qoralab, uning sog‘lom avlod paydo bo‘lishi va rivojlanishida tuzatib bo‘lmaydigan asoratlari borligini ko‘rsatgan. Qur’oni karimda esa zino mutlaqo ta’qiqlangan. 

“Zinoga yaqinlashmanglar, u gunoh buzuqlikdir va Allohning g‘azabiga duchor qiladi hamda do‘zax sari boshlaydi”.

Yoshi ulug‘larimiz farzandlarni niholga qiyoslaydilar. Haqiqatan ham, ushbu nihollarni sog‘lom qilib tarbiyalasak, ilm, odob-axloq, hayo bilan ziynatlasak. Kelajakda yoshlar insonlarga ham mevasi bilan, ham soyasi bilan manfaat beradigan ulkan daraxtga aylanadi. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, bu muqaddas zamindan ulug‘ mufassir, muhaddis, mufaqqih, mutasavvuf va qomusiy ulamolar yetishib chiqqan. Ularning hayotini o‘rganadigan bo‘lsak, ular yoshligidan ilmga muhabbatli qilib tarbiyalanganlar. 

Agar har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir ma’rifat targ‘ibotchilari o‘zlarining bor g‘ayratlarini yurtimiz yoshlarining har sohada salohiyatlarini yuksaltirishga sarflasa, albatta kelajakda mutafakkir bobolarimiz singari dunyoga ustozlik qiladilar.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning ulg‘ayib, komil inson bo‘lishlari uchun davlatimizda barcha zarur moddiy va ma’naviy yaratilgan. O‘smirlarning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi, ilm olishi, kasb-hunar egallashi uchun katta imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlarning esa, sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim olish, sport bilan shug‘illanish, turli to‘garaklarda ishtirok etish va boshqa bir qancha imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘plab sport inshootlari, dam olish va istirohat maskanlarini barpo etib, yoshlar ehtiyoriga topshirildi. Faqat, bola zimmasiga bu imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalana olish mas’uliyatini yuklaydi. 

Yuqoridagi fikrlardan shuni xulosa qilish mumkinki, sog‘lom avlod – bu millat, yurt kelajagi, uning mustahkam poydevorini esa barkamol, yetuk, ma’nan sog‘lom farzandlargina qura oladi. Zero, jannatmakon yurtga barkamol, yetuk insonlargina yarashadi. Farzandlari sog‘lom yurt esa, taraqqiy etadi, yuksaladi va hech qachon, hech kimdan kam bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz ezgu maqsadlariga sodiq qolib, bugun biz sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratar ekanmiz, shu barobarida Vatanimiz obodligi va ozodligi, turmushimiz erkinligi va farovonligi sari qat’iyat bilan qadam tashlaymiz.

Feruza NIZAMOVA, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish