329

Oila – saodat maskani

Oila deganimizda ko‘z oldimizga ota-ona, farzandlar, bobo-buvilar, ya’ni bir xonadonda istiqomat qiluvchi shaxslar keladi. Xalqimizda oilaga muqaddas dargoh, nikohga esa buzilmas rishta sifatida qaraladi. 

Oila jamiyat ustuni deyishadi. Shuning uchun yangi oila barpo bo‘lar ekan, uni ikki yoshga, ya’ni yangi er-xotinlarga tashlab qo‘yishmaydi. Yangi oilaga ota-onalar, qarindoshlar, mahalla, joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar ham e’tibor qaratadi. Ya’ni bugungi kunda bizning davlatimizda oila masalasiga davlat siyosati darajasida qaralib kelinmoqda.

Hammamizga ma’lumki, ma’naviy barkamol va jismoniy sog‘lom avlodni tarbiyalashda oilaning o‘rni juda muhim. Inson, avvalo, oilada tarbiyalanadi, aynan oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy an’analar o‘rgatiladi, nasldan-naslga qoldiriladi. Har bir oila o‘zining qadriyatlariga ega bo‘lsa-da, lekin jamiyatimizda uni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, oila a’zolarining huquqiy savodxonligini oshirish muammolarini ilmiy o‘rganishni va fuqarolarga bu masalalarda amaliy yordam berishni muvofiqlashtirish ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan.

Oila vatan ichra kichik Vatandir!  Aynan oilada ota va ona insonning bu dunyoga kelishiga sababchi hisoblanishadi. Alloh ularni sababchi qilar ekan, farzandlar uchun haqli qilib qo‘yadi. Otaning farzandiga tarbiya berish, moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash vazifalariga burchli va mas’uldir. Ona esa chaqaloqni to‘qqiz oy vujudida ko‘tarib yuradi. Oq suti ila parvarishlaydi. Yaxshi umidlar ila oq yuvib, oq taraydi. Farzand katta bo‘lganidan so‘ng burchdorlik tuyg‘usini his etadi. Ota-onasini rozi qilgan farzand esa duoga erishadi. “Duo” so‘zi arabcha bo‘lib, Allohdan yolvorib, tilak tilash mazmunini anglatadi. Tilak ikki xildir. Birinchisi – yaxshi tilak, ikkinchisi esa yomon tilak. Yaxshi tilakni duo, yomon tilikni duoibad, ya’niki bad duo, deydilar.

“Muqaddas oylar va mustajob duolar” kitobida shunday deyiladi: “Duo insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojidan kelib chiqqan tilak ifodasi bo‘lib, u xoliq bilan banda o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Insoniyat tarixining barcha davrida duoga ehtiyoj sezib kelingan. Duo Alloh nazdida qadrli ibodat bo‘lishi bilan birga insonni qiyinchilik vaqtida umid qilishga, xursand vaqtida shukr qilishga da’vat etadi. 

Duo qilish bandani Allohga muhtojligini bildirgani bois, Alloh nazdida sevimli ibodatlardan biridir. Shu sababli, Qur’oni Karim va Hadisi shariflarda insonlarni duo qilishga da’vat qilingan. Inson o‘zini Alloh oldida ojizligini, hamisha uning yordamiga muhtojligini his qilib duo qilishi, maqsadga muvofiq. O‘zini Allohga muhtoj emas, deb bilganlar esa qattiq yanglishadi. Chunki Robbimiz Qur’oni Karimda: “Menga duo qilinglar, duolaringizni ijobat qilaman, dedi. Albatta, menga ibodatdan kibrlanganlar yaqinda bo‘yinlari egilgan holda jahannamga kirurlar”, (Gʻofir, 60) deb marhamat qilgan.

Olimlarning yozishicha, go‘dak, nihoyatda, kichiklik davrlaridayoq otasini, onasini taniydi. Lekin buni hali tili chiqmagani sababli ayta olmaydi. Ayniqsa, bola xastalikka chalingan paytida ota-onasidan ruhan quvvat olib, tuzalish payida bo‘ladi. Gohida ota-onasini ko‘rmasa ma’yus tortadi. Buni ichikish deydilar. Shundan xulosa chiqarsa bo‘ladiki, farzand hayotida oila – ota va onaning ahamiyati beqiyosdir. Ota-ona mehrini, muhabbatini hech bir tuyg‘uga qiyoslash mumkin emas. Bu tomirda oqayotgan qonga tutashadi. 

Ota – oila boshlig‘i. Ota – oilani moddiy va ma’naviy ta’minlaydigan inson. Hazrati Alisher Navoiy otani quyoshga, onani oyga o‘xshatadi. Bu ikki tushuncha birgalikda yaxlitlik kasb qiladi. Ya’ni quyosh va oy birgalikda dilimizni nurlantiradi. 

Taraqqiy etgan millatlarda, shu jumladan, sharq xalqlarida shajara otaga qarab belgilanadi. Masalan, siz bilan tanishishni istaganlar, oilangiz haqida, eng avvalo, otangiz kim, deya savol beradilar. Otaning darajasi, fe’l-atvori farzand fe’lini aniqlashda belgi bo‘lib xizmat qiladi. Ayrim hollardagina farzandning xulqi butunlay boshqacha bo‘ladi. 

Otaning farzand xulqini muhokama etishga, unga tanbeh berishga haqqi bor. Farzandning ota fe’lini muhokama qilishi odobsizlikka kiradi. Buning o‘rniga Allohdan shafoat tilash maqsadga muvofiq.

Ota-onaga shirin muomala qilishlik, ular bilan kengashishlik, pand-nasihatiga quloq tutishlik amallari baxt eshiklariga kalit bo‘lib tushishiga shak-shubha yo‘q.

Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” kitobida onaga, otaga yaxshilik ko‘rsatish borasida shunday deyiladi:

Buxoriy – Muslim qayd etadilar va ibn Mas’uddan rivoyat qiladilar: 

Ibn Mas’ud:

– Ey Allohning Rasuli, Allohning nazdida qaysi amal sevimliroq? 

Rasululloh:                                                     

– Vaqtida o‘qilgan namoz! 

Ibn Mas’ud:                                                     

– Yana qaysi amal? 

Rasululloh:

– Onaga va otaga yaxshilik!

“Ibrat maktabi” kitobida shunday rivoyat bor. “Qadimda xon saroyida unga sodiq, bilimdon bir xizmatchi bo‘lgan ekan. U har kuni ishga kechikib kelarkan. Bu yomon odati uchun xon uni jazolamoqchi bo‘libdi. Biroq bunday bilimdon, kerakli xizmatchining har gal ishga kechikish sababini aniqlashni boshqalarga ishonmay, bir kuni ertalab uning uyiga o‘zi boribdi. Qarasa, xizmatchi munkillab qolgan onasiga non chaynab berayotgan ekan. Ana shunda xon o‘z ahdidan qaytib:

– Onasini mana shunday hurmatlay olgan odamda gunoh bo‘lmaydi, deb uning oldida bosh egibdi.

Ko‘rib turganingizdek, ota-onasiga yaxshilik qilgan kishi el orasida e’tibor topadi. Zotan, o‘z otasini, onasini qadrlashni bilgan, oilasini farovonligiga hissa qo‘shgan odamgina boshqalarni qadrlash fazilatiga ega bo‘ladi. Mustahkam oila jamiyat ziynati va muqaddas dargohdir. Inson oilasiga, ota-onasiga qancha xizmat qilsa, shuncha baraka topadi. Oilaga xizmat vatanga xizmat qilish bilan hamohang bo‘lsa, ota-onasini duosini olgan farzand esa ikki dunyo saodatiga yetgay nasib.

Kimki oila qadrini bilmasa, ota-onasiga zulm o‘tkazsa, ularning pand-nasihatlariga quloq tutmasa, ularni mensimasa, bu hol munofiqlikdan boshqa narsa emas.

Nargiza SHOALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” 

kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish