O‘zbekistonda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan munosabati
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Dunyoviylik va diniylik o‘rtasidagi nisbat masalasi insoniyat tarixining barcha davrlarida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Boshqacha aytganda, inson hayoti mazmunini tashkil qiluvchi ushbu ikki tarkibiy qism o‘rtasida murosaga erishish har qanday jamiyatning mavjud holati va istiqbolini belgilovchi bosh mezon bo‘lib kelgan.
Dinni davlatdan ajratish haqidagi g‘oya azaldan hurfikrlilik va dunyoviy tafakkur rivojiga asoslanganini ta’kidlash joiz. Ushbu hayotiy masala Markaziy Osiyo hududida mavjud bo‘lgan davlatlarda ham doimo muhim o‘rinni egallab kelgan. Bunda dunyoviylikka moyil siyosiy kuchlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi mavqei muntazam ravishda o‘sib borganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, davlat din bilan bog‘liq munosabatlarni tarixning barcha davrlarida muayyan tamoyillar asosida tartibga solishga intilgan.
Sovet hukmronligi davrida esa dinga munosabat butunlay boshqacha tus olgan. Sovet hukumati dinning jamiyatdagi ta’sir doirasini butunlay yo‘q qilishga harakat qilgan. Bu holatni o‘sha davrdagi davlat organlarining ateistik qarashlar orqali dindorlar va diniy tashkilotlarga bo‘lgan hujumkor munosabatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardan boshlab uning rahbariyati oldida dinga bo‘lgan munosabatni aniq va prinsipial ravishda belgilab olish zarurati tug‘ildi. O‘sha davrda davlatning dinga bo‘lgan yangicha yondashuvi O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ishonchli tarzda belgilab berildi va qonunchilikda o‘z ifodasini topdi. Jumladan, O‘zbekistonda davlat va din o‘rtasidagi munosabatlar Konstitutsiyamizning bir necha moddalarida mustahkamlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekistonning suveren demokratik respublika ekani ta’kidlanadi. Bu esa, O‘zbekistonning boshqaruv jihatidan respublika shakliga ega ekani, siyosiy jihatdan esa, demokratik davlat ekanini anglatadi (O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi).
Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida dinning davlatdan ajratilgani ta’kidlandi. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”. Demak, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini bajarishni yuklamaydi, ularning qonunchilikka zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmaydi. O‘z navbatida, diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmaydi.
Shu bilan birga, diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, bir xil huquqiy maydonda faoliyat olib boradi. Qolaversa, diniy birlashmalar faoliyatini tashkil etish ularning ichki ishi hisoblanadi va davlat nazoratidan xolidir. Demak, davlat va din munosabatlari demokratik jamiyatda, avvalo, Konstitutsiya, so‘ng esa muayyan qonunlar orqali belgilanadi va tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-, 31-, 57-, 61-moddalarida insonlar uchun boshqa huquq va erkinliklar qatorida vijdon erkinligi, dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik erki ham kafolatlandi.
Shu bilan birga, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan ajratilganini anglatmasligini ham ta’kidlash zarur. Bu fuqarolik jamiyatida din o‘z mavqeiga ega bo‘lishini anglatadi. Bu ham Konstitutsiyamizning amaldagi ijrosidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalardan biridir. Aytish joizki, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, bunyodkor milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy ma’naviy surati va siyratini belgilovchi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o‘zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharm-u hayo kabi eng oliy insoniy tuyg‘ularning tub mohiyatini anglash va ko‘z qorachig‘idek e’zozlashda aynan diniy tashkilotlar va din arboblarining roli va o‘rni beqiyosligini bugun hech kim inkor etmaydi. Aksincha, bunday bunyodkor faoliyat qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning sababi esa, Konstitusiyamizda ana shunday faoliyat uchun mustahkam huquqiy zamin yaratib berilganidadir.
Davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi boshqa bir tamoyil shundan iboratki, davlat dinni xalq ma’naviyatining uzviy qismi sifatida tan oladi. Shundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi.
O‘zbekistonda davlat va din munosabatlarining yana bir asosiy xususiyati bu dinning siyosatga aralashmasligidir. Zero, har qanday dinning birinchi galdagi vazifasi insonlarning ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash hamda ibodat va marosimlar bilan bog‘liq masalalarni tartibga solishdir.
Hech qaysi din o‘zida xalqning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotning barcha jihatlarini qamrab olishga da’vogarlik qilmaydi.
E’tirof etish lozimki, har qanday diniy e’tiqod kabi islom ham barcha davrlarda, shu jumladan, dahriylik keng targ‘ib etilgan sho‘ro tuzumi zamonida ham, ijtimoiy munosabatlar va ma’naviy-ruhiy hayotga o‘z ta’sirini o‘tkazib turgan muhim omillardan biri bo‘lib qolavergan. Ijtimoiy munosabatlar va ma’naviy-ruhiy hayotning uyg‘unligi esa, har qanday jamiyatning ichki siyosiy barqarorligini belgilovchi asosiy omillardan ekani sir emas. Shu nuqtai nazardan qaraganda, din va siyosat o‘rtasidagi muayyan bog‘liqlikni inkor etib bo‘lmaydi. Buning sababi esa islom xalqimizning ong-u shuuri va mentalitetiga chuqur singib ketganidadir.
Bundan kelib chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, islom dini va musulmonchilik degan tushuncha bizning mintaqamiz uchun faqat o‘tmish va bugun tajribasigina bo‘lib qolmasdan, xalqimiz ma’naviyatining asosiy tarkibiy qismlaridan sanaladi. Islomning jamiyat hayotidagi roli tom ma’nodagi hurfikrlilik qaror topayotgan mustaqillik davrida o‘zini yanada yaqqolroq namoyon etayotgani ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi.
Biroq masalaning ikkinchi jihati ham bor: diniy omilning siyosiylashuvi jamiyat xavfsizligi va barqarorligi uchun tahdidga aylanib ketishi mumkin. Ushbu holat har qanday dinning sof e’tiqodiy masalalar chegarasidan chiqib, davlat va jamiyat qurilishi masalalariga aralashishga urinishidan boshlanadi. Shunday ekan, dinning siyosiylashuvi, diniy tashkilotlarning o‘z vazifasidan chetga chiqib, siyosatga aralashuvi davlat va jamiyat boshqaruvida beqarorlikka zamin hozirlaydi.
Milliy o‘zlikni anglash bilan bog‘liq turfa jarayonlarni diniy qadriyatlardan ayri holda tasavvur etish amrimahol. Bizning jamiyatimiz uchun ham tabiiy bo‘lgan ushbu xususiyat, o‘zining o‘ta nozikligi barobarida xatarliligi bilan ham ajralib turadi. Mazkur ikki tushunchani bir deb qabul qilish, ularning o‘zaro nisbatini baholashda xato qilish – dinning siyosiylashuviga yo‘l ochib beradi. Shuni unutmaslik lozimki, ayrim hollarda, jamiyatdagi muayyan kuchlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun ongli tarzda aynan shunday qiladilar.
Mustaqillikning ilk bosqichida misli ko‘rilmagan darajada faollashgan diniy guruhlarning siyosiy va hatto, harbiylashgan tashkilotlarni tuzishga qaratilgan amaliy harakatlarini eslash lozim. O‘shanda bunday guruhlar O‘zbekistonni islomiy davlat deb e’lon qilishni talab qilish darajasigacha borib yetgan edilar. Mafkuraviy markazi Farg‘ona vodiysi bo‘lgan ushbu harakat o‘z davrida mamlakatimizning boshqa mintaqalarida ham muayyan aks sado berib, umummilliy xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘dirganini inkor etib bo‘lmaydi. Dunyoviy-ma’rifiy davlat qurilayotgan har qanday mamlakatda diniy jarayonlar evolyutsiyasini o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.
Dunyoviy davlat va jamiyat eng avvalo, qonun ustuvorligini taqozo etadi. “Qonun – barcha uchun barobar” degan demokratik tamoyil, shubhasiz, diniy jarayonlarga ham taalluqlidir. Konstitutsiyaning 15-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”, deya ta’kidlanadi.
Davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarda ta’lim bilan bog‘liq jihatlarga ham e’tibor qaratish lozim. O‘zbekiston davlat ta’lim tizimini har qanday diniy konfessiyalarning ta’siridan xoli bo‘lishini belgilagan. Unga ko‘ra, respublikada davlat ta’lim tizimi (maktab)ning har qanday konfessiya yoki diniy e’tiqod ta’siridan xoli, shu bilan birga, diniy e’tiqodga ham qarshi emas. Bu esa, davlat ta’lim tizimida diniy fanlarning ta’lim dasturlariga kiritilmasligini anglatadi. Chunki O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarning e’tiqodiy qarashlaridan kelib chiqib muayyan toifalarga ajaratilmagan. Shunday ekan, bir sinfda islom yoki boshqa turli dinlarga e’tiqod qiluvchi o‘quvchilar bilan birga ateistik qarashdagi dahriy fuqarolar ham o‘qishi mumkin. Bunday vaziyatda diniy fanlarni o‘qitish bilan bog‘liq o‘ziga xos muammolarning kelib chiqishi tabiiy.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda davlat va din munosabatlaridagi yana bir qoida diniy tashkilotlar faoliyatining davlat tomonidan moliyaviy ta’minlanmasligidir. Bu masala “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida “Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatini moliyalashtirmaydi va dinga e’tiqod qiluvchilarning din bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlaydigan faoliyatga yo‘l qo‘ymaydi” degan qoida asosida qonuniylashtirilgan.
Shuningdek, diniy tashkilotlarning professional xodimlari saylab qo‘yiladigan vakolatli davlat organlarida ish faoliyatini olib borishlari ham taqiqlanadi. Xususan, diniy soha vakillari qonun chiqaruvchi hokimiyatda deputat sifatida ish yuritishi, respublika prezidentligiga saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yishlari qonunchilikka ko‘ra taqiqlanadi. Bu qoida ham davlatning dunyoviyligini ta’minlash yo‘lida joriy etilgan qoida sanaladi.
O‘zbekistonda din va diniy tashkilotlar bilan bog‘liq munosabatlarni tashkil etishda quyidagi qoidalarni zaruriy prinsip sifatida belgilagan:
– millati, jinsi va fuqaroligidan qat’i nazar barcha uchun vijdon erkinligining kafolatlanishi;
– barchaning diniy e’tiqodidan qat’i nazar qonun oldida tengligi;
– rasmiy hujjatlarda dinga munosabatining aks etmasligi;
– bir din yoki diniy e’tiqodga ustunlik yoki cheklovlarning belgilanmasligi;
– diniy tashkilotlar va davlat organlari faoliyati o‘zaro bir-biriga aralashmasligi;
– davlat diniy konfessiyalar zimmasiga davlat funksiyalarini yuklamasligi va qonunga zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmaydi;
– davlat diniy tashkilotlarni moliyalashtirmasligi;
– diniy ruhdagi siyosiy partiya va jamoat birlashmalarning tuzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
– davlat diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hurmat o‘rnatishga ko‘maklashishi, adovatni oldirishga yo‘l qo‘ymasligi;
– davlat ta’lim tizimiga diniy fanlarning kiritilmasligi;
– barcha uchun dunyoviy ta’lim olish huquqining ta’minlanishi.
O‘zbekistonda davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarning belgilanishida asosiy e’tibor qaratilgan masalalar davlatning dunyoviy tamoyillarini ta’minlash, fuqarolarning vijdon erkinligi bilan bog‘liq huquq va erkinliklarini kafolatlash, diniy tashkilotlarning qonun doirasidagi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdan iboratdir. Bu esa, tinchlikparvar O‘zbekistonda fuqarolarning konstitusiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklaridan emin-erkin foydalanishlariga zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Shukrullo JO‘RAYEV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish