206

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”dagi asosiy vazifalar

Yurtimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu siyosat yillar davomida uzluksiz davom ettirilishi yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini ta’minlashga qaratilgan istiqbolli rejalarimizni o‘z ichiga oladi. Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi uchun, sog‘-salomat bo‘lishi va farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, oilalarning farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Prezidentimizning Oliy majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida mazkur siyosatni butun xalqimiz bir tan-u bir jon bo‘lib amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatsagina uning natijalari samarali bo‘lishi alohida ta’kidlangan.

Murojaatnomada 2023-yildan milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytirilishi, maktab ta’limi va tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilishi, o‘quvchilarga ona tili va chet tillarni o‘rgatish, umumiy o‘rta ta’limdan kompyuter savodxonligiga erishish, farzandlarimizni kasb-hunarga qiziqtirish, ularda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligi, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, galdagi muhim vazifalar sifatida tilga olingan. Shuningdek, davlatimiz rahbari 2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishga kirishilishini, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinishini ham ta’kidlab o‘tdi. 

Murojaatnomada ta’kidlanganiday, kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar ikki barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi. Bunday imtiyozlar ta’lim sifati, shakli va mazmunini innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida takomillashtirish, talabalarda kreativ qobiliyatni rivojlantirish, ularda yaratuvchilik sifatlarini tarkib toptirish, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shadigan iqtidorlarni tarbiyalash kabi mas’uliyatli vazifalarni bajarishda faol bo‘lishimiz “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”dagi asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2023-yildan respublikadagi rivojlanish istiqbollarining bir necha yo‘nalishlariga diqqatimizni qaratib, birinchi yo‘nalishda ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tishni taklif qildilar. Bu jarayonni izohlar ekan Prezidentimiz birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinishi, ularning ish uslubi ham o‘zgartirilishi,vazirlik va idoralar sonini 61 tadan 28 taga kamaytirilishini ma’lum qildilar. Har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qilishini ta’kidlab o‘tdilar. Davlat xizmatchilari soni ham bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar esa ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.

Ikkinchi yo‘nalishda Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida barpo etish maqsadi ilgari surildi. Ijtimoiy davlatda inson omili, uning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar mavjud bo‘lishi darkor. Ayni damda bunday islohotlar va o‘qituvchilarimizga e’tibor biz ustozlarning ham amaliy izlanishlarimiz, yangicha yondashuvlar asosida milliy ta’lim rivojiga faol hissa qo‘shishimiz lozimligini anglatadi. 

Bugungi kunda innovatsion ta’lim shakllaridan, texnologiyalardan foydalanib, o‘quvchi shaxsini har jihatdan kamol toptirishga, mustaqil fikrlovchi, o‘ziga xos qarashlarini bayon qila oladigan, kreativ qobiliyatga ega yoshlarni tarbiyalash ta’lim-tarbiyaning dolzarb vazifalariga kiradi. Ta’limda keng qo‘llanilayotgan “binar darslar”, “sayohat”, “uchrashuv”, “sayyor darslar” vositasida o‘quvchi yoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirishga, bilimi va qiziqishlarini oshirishga, ijodiy yondashuv qobiliyatlarini rivojlantirishga erishilmoqda. Shuningdek, o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalari yanada ommalashtirilishi lozim. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim bo‘g‘inlarida ishlayotgan tajribali o‘qituvchi-ustozlar ishtirokidagi seminarlar, seminar treninglar, o‘quv treninglari, metodik konferensiyalarni maktablarda tashkil etish tajribasi keng yoyilsa, maktab darsliklari zamon talablari asosida birgalikda tayyorlansa, ta’lim bosqichlari aro uzviylikda ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lur edi.

Marg‘uba MIRQOSIMOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professori,

pedagogika fanlari doktori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish