475

Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va barqarorlik garovi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

“Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentalitetining asosini tashkil etadi”.

 Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir vatan, olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi, u halollik, tinchlik, yaxshilik va do‘stlik kabi bir qancha ezgu fazilatlarga tayanadi. Insonlarni halollik va poklik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Yurtimizda qadimdan turli e’tiqodga mansub millat va elatlar istiqomat qilib kelgan. 130 dan ziyod millat farzandlarining hur va ozod diyorda, tinchlik va osoyishtalik kayfiyatida yashashlari vatanimizning bag‘rikenglik o‘lkasi ekanining yorqin namunasidir. Ularning o‘zaro hamjihatlik, ahil-inoqlikda bir-birlarining e’tiqodlarini hurmat ehtirom ruhida yashab kelishining o‘zi Yaratganning xalqimizga bergan ulkan ne’matidir. 

Konstitutsiyamizning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb ko‘rsatilgan. Bu Asosiy qonunda shunchaki belgilanmasdan, amalda ham namoyon bo‘lmoqda. Buni nafaqat jamiyatning har bir fuqarosi his qilmoqda, ayni paytda jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda, o‘zbek modelining mazkur masaladagi tajribasidan namuna olmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning asosiy omillaridan biri murosa tamoyili bo‘lgan diniy bag‘rikenglikdir.

Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo‘lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me’yorlarga aylandi. Hatto bu hududlarni bosib olganlar ham Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati oldida bosh egibgina qolmay, uning eng qimmatbaho an’analarini, shu hududda mavjud bo‘lgan davlatchilik an’analarini qabul qilganlar”. Bularning barchasi juda qadimdan ajdodlarimiz o‘zaro munosabatlarda o‘ziga xos sharqona murosa tamoyillariga amal qilganini ko‘rsatadi. “So‘nggi ikki asr davomida ham o‘zlarini “madaniyatli” va “ma’rifatli” hisoblab kelgan davlatlar ommaviy qirg‘inlar va diniy ta’qiblar bilan o‘zlariga dog‘ tushirgan paytda O‘zbekiston zamini xalqlar va madaniyatlar tinch birlashgan joygina bo‘lib qolmay, balki quvg‘in qilingan xalqlarga boshpana ham berdi”.

Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlarni o‘zlariga tajovuz qilib, urush ochmagan o‘zga din vakillariga yaxshilik qilishga qiziqtirib shunday marhamat qiladi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevadi” (Mumtahana surasi, 8-oyat). 

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa din va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo‘ldan borishga da’vat qilishdan charchamadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda “Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir”, deyilgan (Bazzor rivoyati). 

Islom dini boshqa din vakillarining tiriklarini hurmat qilish bilan cheklanib qolmadi, ularning o‘liklarini ham ehtirom qildi. “Sahihi Buxoriy”da Jobir raziyallohu anhudan quyidagi voqea rivoyat qilinadi: “Bir kuni oldimizdan bir janoza o‘tdi. Shunda Nabiy alayhissalom bu janoza uchun o‘rnilaridan turdilar va biz ham (ul zotga ergashib) o‘rnimizdan turdik. Biz: “Yo Rasululloh, bu yahudiyning janozasi!” dedik. Shunda ul zot sollallohu alayhi vasallam: “Qachon janozani ko‘rsangiz, o‘rningizdan turing!” dedilar”. 

Payg‘ambarning sollolahu alayhi vasallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni masjidga tushirib, o‘zlari ziyofat berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: “Bular as’hobimizga ikromli edilar, men o‘zim ularni ikrom etmoqni xush ko‘raman”. 

Sohibqiron Amir Temur o‘z “Tuzuk”larida: “Mening qo‘l ostimdagi qirq aymoq hammasini teng ko‘rdim. Barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymani yuzdan ustun qo‘ymadim. Barcha muvaffaqiyatlarim garovi shundadir” deb yozgan.

Insonni, avvalo, insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning ko‘p ming yillik tarixidan meros bo‘lib kelayotgan olijanob fazilatlarning eng muhimlaridan biri hisoblangan – bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, dinlararo hamjihatlik tamoyillari asosida faoliyat olib borgan inson davrimizning ham muqaddas dinimizning ham talablarini bajargan bo‘ladi.

Har bir inson, butun jamiyat o‘zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag‘rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag‘rikenglik taraqqiyot garovidir.

Odiljon NARZULLAYEV,

Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish