Hushyorlikni bir dam yo‘qotmaylik!
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Bugungi axborot texnologiyalari asrida hayotimiz qanchalik farovonlashgan bo‘lsa, shunchalik xavf-xatar ham ko‘payib boryapti. Avvalgidek dushmanni chetdan axtarishga hojat qolmadi. Gʻanimlar yonimizda, hatto, qo‘limizda izg‘ib yuribdi. Ba’zan kaftdekkina mobil qurilma bizning ag‘yorimizga aylanib qolishi hech gap emas. Bu matoh farzandlarimizni ham chalg‘itib, ularni turli buzuq aqidalarga boshlamoqda.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Hech bir ota o‘z farzandiga yaxshi tarbiya berish va odob o‘rgatishdan ortiq hadya qilolmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Nabiy alayhissalom farzandlariga, nabiralariga, umuman, yosh bolalarga juda e’tiborli bo‘lganlar. U zotning tarbiyalarini olgan izdoshlari, sahobalar ham farzand tarbiyasida o‘sha uslubni qo‘llashgan.
Biz – bolajon millatmiz. Farzandlarimiz uchun o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa uramiz. Tinim bilmaymiz. O‘zimiz yemasak ham ularning og‘ziga tutamiz. Lekin tarbiyadagi juda nozik jihatlarga bolamizning qalbiga kirish, u bilan chinakam do‘stlashish, tillashish, dillashishga har doim ham intilmaymiz.
Ota farzandi uchun hamma narsani muhayyo qiladi. Biroq eng muhim narsani unutadi. Ha, odam bolasi uchun qorin to‘qligi-yu ust butlikning o‘zi kifoya qilmaydi. Unda ko‘ngil bor. Ko‘ngil esa doimiy e’tiborni, mehrni tusaydi. Har bir farzand otadan mehr, e’tibor ko‘rishni xohlaydi.
Agar biz o‘sha mehrni bera olmasak, boshqalardan olsa, to‘g‘ri bo‘ladimi? Ertaga o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga yo‘g‘rilgan, Vataniga, diniga va ota-onasiga qarshi boradigan missioner va turli oqimlardan ota-onasidan ololmagan mehr-tarbiyani olsa, bu hammamiz uchun fojia bo‘ladi.
Imom Gʻazzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqsh-u tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi”.
Hozirgi kunda ba’zi toifa va guruhlar manfur maqsadlari yo‘lida Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflarning ma’nolarini buzib, o‘z g‘oyalariga moslashtirishmoqda. Shuningdek, ular solih ajdodlarimiz va o‘tgan aziz ulamolarimiz aytgan so‘zlarni ham butunlay noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda. Masalan, “hijrat”, “jihod” va “shahid” so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilib, yoshlarimizni chalg‘itmoqdalar.
Biz yoshlarimizga, mo‘min-musulmonlarga, Islom dinimiz borasida oz bilimga ega bo‘lgan kishilarga yuqoridagi so‘zlarning asl ma’nosini tushuntirib berishimiz lozim. Shunda yoshlar xavf-xatar yuqoridagi so‘zlarda emas, balki bu so‘zlarni niqob, qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanini anglab oladi.
O‘sha toifalar haqida Alloh taolo A’rof surasining 179-oyatida bunday marhamat qiladi: “…Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan anglamaydilar. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan ko‘rmaydilar. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan eshitmaydilar. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir”.
Biz fazandlarimizni ba’zi toifa va guruhlarning manfur g‘oyalariga uchib, yurtini tashlab vatangado bo‘lib, yurtdoshlariga qarshi borib, vatan xoini bo‘lishining oldini olishimiz shart.
Xullas, barcha musulmonlar uchun muqaddas tushunchalar va atamalarni g‘arazli maqsad yo‘lida suiiste’mol qilayotgan buzg‘unchi toifalarga qarshi kurashish, ularning soxta da’volariga o‘z vaqtida asosli raddiyalar berish har birimizning eng muhim vazifamizdir. Agar biz hushyorlikni bir dam yo‘qotsak, payt poylab yurgan buzg‘unchilar kirdikorlarini boshlashadi. Shu bois, ogoh bo‘lishimiz shart.
Mansur O‘ROLOV
Toshkent shahri “No‘g‘ayqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi
Manba: muslim.uz
Izoh qoldirish