Yurtimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashish tajribasi
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillardan boshlab mintaqaviy xavfsizlik va millatlararo munosabatlarga muhim ahamiyat qaratib kelmoqda. Yurtimizning mintaqadagi aholi soni bo‘yicha eng ko‘p va mintaqaning barcha davlatlari bilan chegaradosh ekani uning bu boradagi geosiyosiy o‘rni va roli yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Tarixiy nuqtayi nazardan ham O‘zbekiston hozirgi Markaziy Osiyoning tarixiy-siyosiy konglomeratini tashkil qiladi. Ko‘hna shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Qo‘qon, Andijon va boshqalar Markaziy Osiyo mintaqasining boshqaruv-siyosiy va moliyaviy-savdo markazlari bo‘lgan. Bu shaharlarda yetishib chiqqan buyuk shaxslar, olimlar, sarkardalar va buyuk davlatchilik asoslari O‘zbekistonni mintaqaning tarixiy, madaniy-ma’naviy meroslarining tamal toshi ekanini ko‘rsatadi. Bu mamlakatimizning obro‘, kuchi va salohiyatini belgilab berish bilan birga, turli millat, madaniyat va qadriyatlarni jipslashtirgan holda, uni asrab-avaylash, boshqarish va tinchligini ta’minlash uchun ham katta vazifa yuklaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston aholisi 36 milliondan ziyod va bu Markaziy Osiyo aholisining (Qozog‘iston 18,71 million, Qirg‘iziston 6,45 million, Tojikiston 9,3 million, Turkmaniston 5,78 million) salkam yarmini tashkil etishi yurtimizning mintaqada dominantlik qilishini bildiradi. Bu dominantlik boshqa davlat ustidan hukmronlik o‘rnatish ma’nosida emas, balki mintaqani harakatga keltiruvchi kuch ma’nosida tushunish zarur. Mintaqaning nafaqat xavfsizligi balki, ijimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ham ko‘p jihatdan O‘zbekistonga bog‘liq.
Shu o‘rinda, Markaziy Osiyoda etno-konfessional muammolar faqat bitta davlatda mavjud deb qarash noto‘g‘ridir. Masalan, hududda ko‘pincha ijobiy baholanib kelingan va rivojlanishi nisbatan mintaqaning boshqa davlatlariga ko‘ra tez va yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan Qozog‘istonning janubiy viloyati Jambuldagi Masanchi qishlog‘ida 2020-yil fevral oyida qozoq va dunganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojaro natijasida 10 kishining o‘limi, 170 nafar atrofidagi insonlarning jarohatlangani, 30 ta uy, 15 ta savdo do‘koni, 23 ta avtomobilga zarar yetishiga sabab bo‘lgani etnik muammoning mintaqaviy xarakterga ega ekanini bildiradi.
Mintaqadagi etnik mojarolar aholining ma’lum qismida qashshoqlikning saqlanib qolayotgani, ta’lim darajasining pastligi, aholi sonining ortib borishi bilan suv va yer resurslariga bo‘lgan talabning oshishi, davlat tashkilotlari hozirjavob va tezkorlik bilan chora ko‘rish kabi ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani kabi bir nechta sabablardan kelib chiqmoqda. Shu bois, mintaqa davlatlari progressiv rivojlanish, huquq-tartibot tizimini takomillashtirish, har qanday etnik va diniy mojaroni oldini olish va paydo bo‘lgan zahoti uning eskalatsiyasiga yo‘l qo‘maslik, turli chegaraviy, fuqaroviy ishlarda hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yish va doim o‘zaro konstruktiv yechim topish ustida faol ilmiy-amaliy ishlar olib borib bormoqda.
Afsuski, mintaqada fuqarolik urushlariga sabab bo‘lgan va hali ham tahdidi sezilib turiladigan muammolardan yana biri – bu diniy radikalizm va ekstremizmdir. Mustaqillikning dastlabki yillarida turli diniy tashkilotlar va harakatlarning avj olganini ko‘rishimiz mumkin. O‘sha paytlarda bunday tashkilotlar ko‘pincha turli arab davlatlarining boy shayxlari va ayrim siyosiy kuchlar tomonidan moliyalashtirilgani sir emas.
Markaziy Osiyoda dinning radikallashuvi Afg‘oniston bilan bog‘liq ekani borasida ko‘plab tadqiqotchilar o‘z qarashlarini beradi. Sovet Ittifoqining 1979-1989-yillarda Afg‘onistonda harbiy harakatlar olib borishi, u yerda mojaxidlar harakati va turli diniy tashkilotlarning paydo bo‘lishiga zamin hozirlagan edi. Sovet Ittifoqining ushbu katta xatosi nafaqat Afg‘onistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham radikal va ekstremistik ko‘rinishdagi diniy tashkilotlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan yangi mustaqil davlatlarda diniy ekstremistlar va radikallar (salafiylar) darhol harakatga tushib, islom davlati qurish chaqiriqlarini ilgari sura boshladi. Albatta, mustaqillikning dastlabki 20 yilligi O‘zbekiston va qolaversa mintaqaning barcha davlatlari uchun oson kechmadi. Turli ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar qatorida etnik va diniy radikalizm kabi mojarolar ham bu yosh davlatlarga og‘ir yuk bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bugungi kunga kelib mintaqa davlatlari xususan, O‘zbekiston institutsional va harbiy-siyosiy salohiyatga ega. Biroq ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hali ham dolzarb bo‘lib qolayotganini ta’kidlash lozim. Buni to‘g‘ri baholay olgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yildan boshlab, muhim iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni boshlab yubordi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy-iqtisodiy sohada ikkita muhim muammoni ko‘tarib chiqdi va hal qilishda davlat kuchini yo‘naltira boshladi. Bu iqtisodiyotni liberallashtirish va kambag‘allikni tan olgan holda uni qisqartirish masalalari edi. Bu ikkita omil o‘ta muhim hayotiy masalalardir. Bu ikki muammoni to‘g‘ri va sobitqadamlik bilan hal qilgan taqdirda O‘zbekiston tom ma’noda kuchli va barqaror rivojlanishga o‘tadi va 2030-yilga borib, dunyodagi rivojlangan 50 davlatlar qatoridan joy oladi. Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvida demokratik islohotlarni ham kuchaytirish va sud-huquq tizimini yanada shaffof va professional tizimga aylantirish, hududlarni kompleks rivojlantirishni taqozo qiladi. Qolaversa, 2017-yildan boshlangan so‘z erkinligi va jurnalistlarning faolligi qaysidir ma’noda OAVlarining to‘rtinchi hokimiyatga aylanib borayotgani olib borilayotgan islohotlarni yanada samaraliroq bo‘lishini ta’minlaydi.
Shuni qayd etish lozimki, nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyoda etnik va diniy muammolar asosan, aholining ishsizligi, qashshoqligi va kam ma’lumotli ekani, ayrim davlat tashkilotlari amaldorlarining noprofessional va loqaydligi yoki korrupsiyalashganidan vujudga kelishi bilan izohlanadi.
Albatta, tan olish kerakki, O‘zbekistonda o‘tgan 30 yil davomida, 2005-yil Andijonda “Akromiylar” diniy-ekstremistik tashkilotining qurolli harakatlari natijasida yuz bergan ayanchli voqeani hisobga olmasa, etnik yoki diniy va boshqa ko‘rinishdagi fuqarolik urushi kabi og‘ir va ko‘ngilsiz voqealar bo‘lmadi. Bu qaysidir ma’noda barqarorlikni ko‘rsatsa-da, to‘liq barqarorlik va xotirjamlik haqida o‘ylashga erta. Buni juda ko‘plab O‘zbekiston fuqarolarining 2014-yil tashkil topgan IShID xalqaro terror tashkilotiga qo‘shilib ketgani bilan ham izohlash mumkin. Bugun bu muammolarni ochiq gapirish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, bu muammolar O‘zbekistonni va mintaqaning muammosi, uni hal qilish bevosita shu yurt va shu mintaqa davlatlariga, xalqiga bevosita bog‘liqdir. Unga befarqlik yoki uni yashirish esa kelajakda ko‘plab ko‘ngilsizlik, noxushlik va tangliklarga olib kelishi mumkin.
Farhod KARIMOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri,
siyosiy fanlar doktori
Izoh qoldirish