394

Bobur Mirzoning yurt farovonligi va obodligiga qo‘shgan hissasi

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDINING 540 YILLIGIGA

Yangi jamiyat barpo etishda, eng avvalo, ma’naviy qadriyatlarni to‘g‘ri baholay olish lozim. Biror-bir qadriyatga baho berilar ekan, uning mamlakatimiz mustaqil taraqqiyotining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va axloqiy asoslarini mustahkamlashga qay darajada hissa qo‘shishi, xalqimizning umumjahon ijtimoiy taraqqiyotining faol subyektiga aylanishiga xizmat qilishi bosh mezon bo‘lishi kerak.

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijon shahrida tug‘ilgan. O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili. Buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzodalardan hisoblanadi. 

Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozil-u ulamolar ustozlaridan harbiy ta’lim, fiqx ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fan, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan “Bobur” (“Sher”) laqabini oladi. 

Boburning to‘rt o‘g‘li (Humoyun, Komron, Askariy, Hindol) va uch qizi (Gulchehra, Gulrang, Gulbadan) bo‘lib, ularga ham o‘zining shu xislatlarini singdirishga harakat qilgan. Bobur davlatni boshqarishda ana shu tarzda maslahat, kengash bilan ish tutish lozimligini uqtirgan.

Bobur Mirzo 1497-yilda Samarqandni qamal qilib, qo‘lga oladi. U bu fath vaqtida 15 yoshda edi. Biroq Samarqandda avvaldan davom etgan isyon va mojarolar tufayli u atigi 100 kundan so‘ng Samarqandni tark etishga majbur bo‘ladi. 

1504-yilda Afg‘onistonning Qobul shahrini zabt yetdi. Zaki Validiyning yozishicha: “Hindistonga keltirilgan Yevropa matolari (matoi farang) O‘rta Osiyoni XVI asrning birinchi yarmida egallab ulgurgan edi. Bobur Mirzoning 1525 yilda Panipat va Mavar janglaridagi zafari ko‘proq “mehmedi rumiy”, “mustafoi rumiy” kabi “rumiy to‘pchilar”i to‘plari yordamida qozonilgan edi. Bu zafar asnosida Bobur Panipat va Dehlida son-sanoqsiz “de’boji afranjiy” va Atlasi Xatoiylarni qo‘lga kiritdi. O‘zbek xoni Ubaydullaxon bu voqeadan bir yil o‘tib (1524 y) Xurosonda Mashhadni qo‘lga kiritganida ko‘p miqdorda “aqmishai afranjiya”ga ega bo‘lgan edi”.

“Turkiston maktublari-VI” maqolasida Zaki Validiy davlat arbobi, shoir va sarkarda “Zahriddin Muhummad Bobur va uning “Boburnoma” asari haqida “Il” (Vatan) gazetasining 3-sonida Mirzo Bobur hayoti va ijodini tahlil qilib, umumiy turkiylar va ularning jahon tarixidagi o‘rnini tavsiflaydi. Zahiriddin Boburning yurishlari, u va uning askarlarining dovyurakligiga alohida to‘xtalib o‘tadi. Bu maqoladan biz yuqoridagi fikriga ko‘ra, umumiy turkiylar degan ma’noni beradi. 

Biz Zaki Validiyning tarixchi sifatida Qobul va Dehli va Agrada bo‘lganini hisobga olsak, Boburning mo‘g‘ul emas, turkiy ekanligiga yana bir isbot desak xato bo‘lmaydi.

Zahiriddin Muhammad Bobur umrining so‘nggi yillarida kasallikdan aziyat chekib, 1530-yilning 26-dekabrida 47 yoshida vafot yetadi. 

Imperiya Bobur tomonidan asos solingan bo‘lib, uning hamkorlari bilan birgalikda Markaziy Osiyodan Hindistan hududiga o‘tishga majbur bo‘lgan. Bobur qo‘shinining bir qismi sifatida o‘sha davr Temuriylar davlati tasarrufidagi turli xalqlar va qabilalar vakillari, masalan, turkiy, mo‘g‘ul va boshqa qabilalar bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarda Bobur Mirzo qo‘shinining old qismida shavqatsiz mo‘g‘ul askarlari bo‘lgani uchun ham degan taxminlar bor.

“Boburnoma”da Zahiriddin Muhammad Bobur otasi Umarshayx Mirzo Amir Temurning nevarasi ya’ni turkiylarning barlos urug‘idan, ona avlodi tomonidan mo‘g‘ullarga mansubligini alohida ta’kidlagan. U “Umarshayx xotinlari” rukni ostida yozadi: “Qutlug‘ Nigorxonim edi, Yunusxonning ikkinchi qizi, Sulton Mahmudxon, Sulton Ahmadxonning egachisi edi. Yunusxon Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonning naslidindur”. Ko‘rganimizdek, Bobur Qutlug‘ Nigorxonimning to‘ng‘ich o‘g‘li yoki Chingizxonning ham nabirasi hisoblangan.

Bobur ota tomonidan temuriylar xonadoniga mansubligi aniq. U otasi Umarshayx avlodi haqida yozadi: “Sulton Abusaid Mirzoning to‘rtunchi o‘g‘li edi. Sulton Abusaid mirzo Sulton Muhammad Mirzoning o‘g‘li edi. Sulton Muhammad mirzo Mironshoh mirzoning o‘g‘li edi. Mironshoh mirzo Temurbekning uchinchi o‘g‘li edi”.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da ellikka yaqin adib xaqida ma’lumot berish asnosida adabiyot zimmasidagi vazifalar, ijod va axloq birligi xususida ham so‘z yuritadi. Unda Boburning Mavlono Osafiy, Kamoliddin Binoiy, Sayfi Buxoriy, Badriddin Hiloliy, san’at ahlidan Gʻulmuhammad Udiy, Shayx Noyi, Xo‘ja Abdullo Marvoriy, Mavlono Kamoliddin, Husayn Udiy, Gʻulom Shodiy va boshqalar ijodi va axloqiga oid fikrlari muhim. Bu shaxslarning kariyb barchasiga Alisher Navoiy ham o‘zining “Majolis un-nafois” va boshqa asarlarida to‘xtalib o‘tgan. Shu bois, Navoiy va Boburning shaxs axloqi va yurt farovonligi hamda obod turmushga bo‘lgan munosabatini qiyosiy tahlil etish maqsadga muvofiq.

“Boburnoma”da “Doim xotirg‘a yetar edikim, Hindustonning bir ulug‘ aybi budurkim, oqar suvi yo‘qtur. Har yerda o‘lturushluq bo‘lsa, charxlar yasab oqar suvlar qilib, tarxdiq va siyoq yerlar yasasa bo‘lur. Ograga kelgandin bir necha kundin so‘ng ushbu maslahatqa Jo‘n suvidin o‘tub, bog‘ yerlarini mulohaza qilduk. Andoq besafo va xarob yerlar edikim, yuz karohat va noxushluq bila andin ubur ettuk. Bu yerning makro‘xdug‘i va noxushlug‘idin chorbog‘ xayoli xotirdin chiqti. Mundin o‘zga mundoq yovuq yer Ograda chun yo‘q edi, necha kundin so‘ng zarur bo‘lib, bu yerga-o‘q ilik qo‘yuldi. Ul ulug‘ chohkim, hammom suvi andindur, bunyod bo‘ldi; Yana bu parcha yerkim, ambuli daraxtlari va musamman havz andadur. bulardin so‘ng ulug‘ havz va sahne bo‘ldi. Andin so‘ng tosh imorat olidag‘i havz va tolor bo‘ldi. Andin so‘ng “Xilvatxona” bog‘chasi va uylari bo‘ldi. Andin so‘ng hammom bo‘ldi. Mundoq besafo va besiyoq Hindda tavr tarrohliqlar va siyokliq bogchalar paydo bo‘ldi. Har go‘shada maqbul chamanlar, har chamanda muvajjah gul va nastaranlar muratgab va mukammal bo‘ldi”.

Mana shu bunyodkorliklardan ham ko‘rinib turibdiki, Bobur har bir ishga uzoqni ko‘zlab ko‘l urgan. Borgan yurtini talab ketishni emas, uni farovon etishni, o‘zidan yaxshi nom koldirishni, har yergaki qadam yetsa, gullar va yaxshilik urug‘larini ekishni niyat qilgan. Bu ezgulik, yaxshilik urug‘lari avlodlari Akbar, Jahongir, Shoh Jahon va boshqa sultonlar qalbida ham mevalar tuggani ma’lum va undan million-million hind xalqi hali-hamon bahramand bo‘lib kelmoqda.

Maqsud HAYDAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mas’ul xodimi

Izoh qoldirish