Adl ila olam yuzin obod qil…
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN
Alisher Navoiy adolat masalasini she’rlarida ham, dostonlarida ham, tarixiy va didaktik asarlarida ham davlat va jamiyat uchun, kishilarning farovon yashashi uchun, podshoh-u amaldorlarning har ikki dunyosi uchun zarur bo‘ladigan, Tangri taolo tomonidan yaratiqlarning gultoji insonni sharaflantiradigan fazilat sifatida kuyladi. Zero, adolat Navoiy ijodining asosiy manbasi – islom dinida ham insoniyatning yashab qolishi uchun juda zarur bo‘ladigan fazilat sifatida baholanadi.
Shoir asarlarida adolat mavzusi fonida podshoh qanday bo‘lishi zarurligi, shaxs va mamlakat hukmdori sifatida qanday xislat-fazilatlarga ega va ayni zamonda, qanday nuqsonlardan xoli bo‘lishi haqida bahs yuritadi. Bu masalani g‘azallarida, “Xamsa” dostonlarida, ayniqsa, “Saddi Iskandariy”da Navoiy shoir sifatida badiiy obrazlar vositasida qalamga olgan bo‘lsa, “Hayrat ul-abror” va “Mahbub ul-qulub”da davlat va jamoat arbobi, yirik mutafakkir sifatida mantiqiy xulosalar va falsafiy mushohadalar bilan boyitgan. “Hayrat ul-abror”da odil shoh ideali zolim, zo‘ravon, maishiy buzuq hukmdorni ayovsiz qoralash va qat’iy inkor qilish orqali targ‘ib etiladi.
“Hayrat ul-abror” dostonida shoir 20 dan ortiq insoniy fazilat-u illatlar haqida fikr yuritgan. Uning 3-maqolati “Salotin”, ya’ni sultonlar bobida. Undan so‘ng shoir Shoh G‘oziy hikoyatini keltiradi. Alisher Navoiy unda o‘zining jamiyat va uning boshqaruvi (sulton, shoh) to‘g‘risidagi ijtimoiy-siyosiy qarashlarini ifoda etadi. Shuning bilan birga boshqaruv boshlig‘i – shoh, sultonning qanday fazilatlar sohibi bo‘lmog‘i lozimligiga ham e’tiborni qaratib, podshohga qarata shariatda belgilangandek, adolatni shior qilishni, shu bilan mamlakatga mador bo‘lishni ta’kidlaydi. Podshoh, – deydi Alisher Navoiy – ishini adolat bilan bajarsa, vayron mamlakat ham obod bo‘ladi. Kofir bo‘lsa ham adolatli bo‘lsa, mulkini obod etadi, ammo mo‘min bo‘lsa-yu zolim bo‘lsa uni barbod etadi:
Shahki ishi adl ila bunyod etar,
Adl buzuq mulkni obod etar.
Kofiri odil ani obod etib,
Mo‘mini zolim ani barbod etib.
Shahki, erur adl ila davron anga,
Bo‘ldi sirot o‘tmagi oson anga.
Saroy hayotidan yaxshi xabardor bo‘lgan shoir davlat va jamiyatning, ayni xalqning adolatli podshohga naqadar muhtoj ekanligini yaxshi tushungan. Temuriy shahzodalar o‘rtasidagi ochiq-yashirin kurashlarni kuzatgan shoir istar-istamas bunday kurashlarga bevosita aralashgan ham. Bunga birgina Husayn Boyqaro bilan valiahd o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo o‘rtasida bir necha bor ko‘tarilgan o‘zaro nizo va kurashlarga barham berishga astoydil harakat qilganligini misol qilib keltirish mumkin. Navoiy ijodida xalqparvar hukmdor va toj-u taxtga loyiq valiahd muammosining, o‘zaro totuv shoh va shahzoda mavzuining ishlanishi ham, aslida, ana shu amaliy faoliyatning o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘lgan. Buni “Farhod va Shirin” dostonining bosh qahramoni Farhod va otasi, “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar va otasi timsollari vositasida badiiy gavdalantirgan. Bu ham podshoh, ham valiahdga haqiqiy hukmdor qanday bo‘lishi kerakligi haqida uqtirish bo‘lgan deb aytishimiz mumkin.
“Munshaot” da “Ammo birovnikim, Tengri taolo bir suruk bandalari ustiga hokim qildi – anga hech amr itoati adlcha bo‘lmas va hech nahydin ijtinob chog‘ir tarkicha bo‘lmas”, – deydi. Ya’ni Tangri taolo kimnidir bir guruh bandalari ustiga hokim qilib qo‘ygan bo‘lsa, unga O‘zining amri – adolat, qaytarishi esa ichkilik tarkicha bo‘lmas. Yana ushbu asarda sultonlar qiyomatda adolatdan so‘ralishini, podshoh barcha xaloyiqdan voqif bo‘lib, ulardan biriga ham zulm qilmaganligini Alloh taolo so‘rashi haqida sahih hadis bor deyiladi.
Adolat mavzusi “Mahbub ul-qulub”da yanada bo‘rtib ko‘rinadi. Shoir odil podshohga bag‘ishlagan birinchi faslni shunday boshlaydi.
“Odil-u oqil podshoh ibodullohga zillilloh… Odil podshoh Haqdin xaloyiqqa rahmatdur va mamolikka mujibi amniyat va rafohiyat…”. Ularning sharofati bilan mamlakatdagi hamma soha o‘z yo‘rig‘ida boradi. Xalqning tinchligi, o‘g‘rining payi qirqilgani, undan el omondaligi, maktablarda, madrasa-yu masjidlarda faoliyatning aslicha davom etishi uning adolatidan. Faslning davomida podshohning odilligi tufayli mamlakatda har jihatdan obodonlik, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik bo‘lajagi nihoyat ko‘tarinki ruhda bayon etilib, oxirida zamon podshohi Sulton Husayn Boyqaro ana shunday fazilatlarga ega degan mazmundagi masnaviy keltirilib, u shunday yakunlanadi:
Kelib ayni inson-u insoni ayn,
Jahon vorisi Shoh Sulton Husayn.
Ki to bo‘lsa gardung‘a davvorliq,
Anga boqiy o‘lsun jahondorliq.
Xaloyiqqa bu shahdin o‘lsun nishot,
Dame bo‘lmasun xoli andin bisot.
“Mahbub ul-qulub”da ham, “Munshaot”da ham “Bir soatlik adolat ikki dunyo (insonlar va jinlar dunyosi) ibodatidan yaxshiroq” hadisini keltirib, adolatning maqomi qay darajada ulug‘ ekanligini ta’kidlaydi shoir. Alisher Navoiy tili zolim, johil, fisq-u fasodchi podshohlar haqidagi to‘rtinchi faslda o‘tkir tig‘ kabi jaranglaydi. Uni shunday yakunlaydi:
“Tengri mundoq balolarni Adam chohidin vujud taxtgohig‘a kelturmasun va yo‘qluq zindonidin borliq shahristonig‘a yetkurmasun».
Mashxura HASANOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: UzA
Izoh qoldirish