353

SO‘YLASIN AFROSIYOB-U, SO‘YLASIN O‘RXUN XATI... Turkiy tilli davlatlarning mushtarak falsafasi, madaniyati va aloqalari

ANJUMAN

Dunyo tarixi, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning madaniyati va ma’rifati alohida o‘rin tutadi. Bu saltanatlarni boshqargan buyuk sulolalar davlatni haq va adolat bilan boshqarishga, ilm-fan, me’morlik, madaniyat va san’atni rivojlantirishga harakat qilgan.

Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi sanalgan O‘rxun-Enasoy obidalari, Mahmud Koshg‘ariyning “Devon-u lug‘otit-turk” asari va boshqa ko‘plab ma’naviy merosimiz ajdodlarimizning naqadar yuksak aql-zakovat, salohiyat va idrok sohibi bo‘lganidan darak beradi. Xalqlarimiz dahosi timsoli bo‘lgan “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Dada Qo‘rqut”, “Manas”, “Edigey” singari qahramonlik eposlari asrlar osha insoniyatni mardlikka, vatanparvarlikka, olijanoblikka undab kelmoqda.

Muqaddas zaminimizdan yetishib chiqqan Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Imodiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy, Nasiriddin Tusiy singari olim va mutafakkirlar nafaqat turk dunyosi, balki jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan.

Hozirgi kunda turkiy tilli davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlik tobora rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining ochiqlik, amaliy va konstruktiv sheriklikka qaratilgan tashqi siyosati natijasida Yangi O‘zbekiston dunyoga tobora keng ochilyapti.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy simpoziumda ana shular haqida so‘z yuritildi. Tadbir Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, Al-Forobiy nomidagi Chimkent universiteti hamda akademik Bobojon Gʻofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Simpoziumning bosh maqsadi xalqaro munosabatlar, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari, turdosh fan yo‘nalishlarida turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat bo‘ldi.

Anjuman avvalida joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti kengashining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tishi, unda yoshlar muammolari, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgani qayd etildi.

– 2022-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi turizm rivojini yangi bosqichga olib chiqish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi vazifalarni belgilab berdi, – deydi Akademiyaning “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Muhammadolim Muhammadsidiqov. – Xususan, tashkilotga a’zo mamlakatlar e’tiborini yurtimizning tarixiy madaniy merosiga qaratish hamda umumiy madaniy merosimizni barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida targ‘ib etish, turistik mahsulot va xizmat turlarini diversifikatsiya qilish, ziyorat turizmi uchun qulay muhit yaratish turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash barobarida, mintaqaning turistik jozibadorligini ham oshiradi.

Tadbirda xalqaro munosabatlar, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadigan aloqalarga oid masalalar haqida so‘z bordi. Bundan tashqari, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, hamkorlikni rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga ta’sir etuvchi omillar kabi ilmiy-nazariy masalalar muhokama qilindi.

– Turkiy sivilizatsiya Buyuk ipak yo‘lining markaziy qismida yuzaga kelgan. Turkiy xalqlarning tillari rivoji masalasi hozirgi zamonda dolzarb va ahamiyatlidir, – deydi falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov. – Ming yillar davomida turkiy til yagona bo‘lib kelgan. Garchi, yagona turkiy tilning shevalarga bo‘linishi o‘rta asrlarda boshlangan bo‘lsa-da, faqat XX asrda alohida tillar darajasidagi tafovutlar vujudga keldi. Bu bo‘linish jarayonida XX asrning birinchi choragida turkiy dunyo birligi uchun avj olgan harakat qatag‘on siyosati orqali tor-mor qilingani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Asrlar davomida tarixan shakllangan va turkiy til nomi bilan ma’lum bo‘lgan tilni turkiy xalqlar uchun umumiy adabiy til sifatida ishlatish harakati qatag‘onlar natijasida tugatildi.

Simpoziumda “Turkiy xalqlarning tillari rivoji masalalari”, “Milliy madaniyatning oliy namunasi”, “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari siyosiy madaniyati”, “Vengriya va Turkiy davlatlar tashkiloti munosabatlari”, “Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faoliyat – davlat imijining yetakchi omili sifatida” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Munozaralar davomida birgalikda ilmiy izlanishlar qilish, bugungi davrdagi dolzarb masalalarning samarali yechimlarini hamkorlikda ishlab chiqish zarurati qayd etildi.

Anjuman xulosasiga ko‘ra, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Bu kabi xalqaro simpoziumlar esa tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat hamda salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 27-oktabr, 220-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish