Ko‘r-ko‘rona taqlid – johillik
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylikdir. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrli kechmishi, orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liq.
So‘nggi yillarda ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar ko‘rildi. Jumladan, ma’naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga xizmat qilmoqda.
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda yana bir muhim qadam qo‘yildi. Prezidentimiz 2020-yil 20-oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu tarixiy hujjat ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirishga keng yo‘l ochmoqda.
Oxirgi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bog‘ hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinishi, hududlarda ijod maktablari tashkil etilishi va Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida tuzilma ta’sis etilgani o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Ommalashayotgan jiddiy muammo
Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida yozuvlar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda tillarning bir-biriga salbiy ta’siri va chetdan noo‘rin so‘zlar kirib kelishi ko‘lami ortmoqda. Yurtimizda ham bu jarayon asta-sekin yuz berayotgani, turli nomlarni ifodalashda ko‘r-ko‘rona taqlid qilinayotgani xavotirli holatdir. Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir.
Ma’rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Ona tili har bir millatning ruhi, davlatning timsoli. Mutafakkir Alisher Navoiy “Ko‘ngil maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin so‘z bil”, ya’ni inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti so‘zdir, deganida tilning nainki muloqot, balki dillarni bog‘lovchi vosita ekaniga urg‘u bergan.
O‘zbek tili boy va qadim tarixga ega bo‘lishiga qaramay, so‘nggi paytlarda savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va tamaddixonalarning nomi ajnabiy tilda atalishi yoki ko‘chalarda chet tillardagi tushunarsiz atamalar ko‘payishi o‘z tilimizga nisbatan hurmatsizlikni keltirib chiqarmoqda.
Taassufki, tijoriy sohada mijozlarni jalb etish, mahsulotni ommabop darajaga ko‘tarish yoki mo‘min-musulmonlar ongida diniylik bor degan tasavvurni uyg‘otish maqsadida arab va turk tillaridagi jozibador nom, islomiy so‘z va atamalardan keng foydalanish jamiyatda ko‘r-ko‘rona taqlidga olib kelmoqda. To‘g‘ri, hamma jarangdor, yoqimli eshitiladigan, yodda qolarli nom qo‘yishni xohlaydi. Lekin nom qo‘yishda ma’no, mantiqqa ham e’tibor qaratish lozim. Qolaversa, har qanday chet tildagi so‘zning o‘zbek tilidagi muqobili mavjud. Hatto barcha uchun tushunarli nodir iboralar ham juda ko‘p.
Qayd etganimizdek, o‘zlashma so‘zlarning tez sur’atlarda kirib kelishi kuzatilmoqda. Masalan, arab tilidagi ism va joy nomlaridan foydalanish, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa mintaqa uchun noan’anaviy ism qo‘yish, ovqatlanish shoxobchalariga turlicha nom berish, shuningdek, diniy mazmundagi yozuvlar aks etgan lavhalarni avtomashina kabi turli texnika vositalariga yopishtirish holatlari shular jumlasidan. Masalan, arab tilida o‘zbek tili fonetikasiga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar, jumladan, to‘rt xil “ze” harfi, uch xil “se” harfi bor. Bular talaffuzda ham, ma’noda ham bir-biridan keskin farq qiladi. O‘zbek tilida esa bitta “ze”, bitta “se” harfi bor. Xalqimizda arabcha ismlar qo‘yishda mazkur jihatlarga e’tibor qilinmayapti. Oqibatda odamlarni arabcha ismlari bilan chaqirishda ham, ko‘zlangan ma’noni ifodalashda ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Ayniqsa, liboslarga turli diniy atama va shakllarni yozib olish nojoiz. Ba’zilar kiyim va avtoulovlarga “Alloh”, “Muhammad”, “Mashaalloh”, “La ilaha illalloh” kabi muborak kalimalar yoki oyatlarni yozib oladi. Shunday yozuv va iboralar bor liboslarni kiyish mumkin emas, ya’ni dinning ehtiromini buzadigan narsalar yozilgan kiyim kiyish joiz emas. Mazkur liboslar qachondir oyoq-osti bo‘lsa yoki vaqti kelib tashlab yuborilsa, ularning hurmatiga putur yetadi. Oqibatda bu ishni qilgan kishi katta gunohkor bo‘ladi.
Islom dini manbalarida Alloh taoloning ism va sifatlari, oyati karimalar, hadislar, payg‘ambarlarning ismlari yozilgan narsalar bilan ayrim nojo‘ya joylarga kirish katta zarar ekani alohida bayon etilgan. Arab tili Qur’on tili ekani va u yuksak e’zoz-u ehtiromga munosibligini barchamiz e’tirof etamiz. Ushbu muborak til va yozuvlarni hurmatsiz qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Bundan tashqari, shunday liboslarda xo‘jako‘rsinlik, riyo kabi alomatlar ham uchraydi. Vaholanki, dinga e’tiqod qilishning tub asosi qalb amallaridir. Alloh taolo bu haqda quyidagicha marhamat qiladi: “Ish bundoq. Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat). Boshqa bir oyati karimada: “Shundoq ekan, o‘zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir” (Najm surasi, 32-oyat).
Saudiya Arabistoni yirik ulamolari hay’atining fatvosida: “Bu kabi ishlar Qur’oni karim va Payg‘ambar alayhissalom sunnatida asli yo‘q, bid’at ishlardan”, deyilgan.
Alloh taoloning go‘zal ismlari hurmati vojib zikrlardan. Alloh taolo ular bilan duo qilishga chaqirgan. “Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Unga o‘sha (ism)lar ila duo qiling va Uning ismlaridan og‘adiganlari tek qo‘ying. Yaqinda qilgan amallariga yarasha jazolanurlar” (A’rof surasi, 180-oyat).
Alloh taoloning ismlaridan og‘ish, asosan, ikki yo‘l bilan bo‘ladi: birinchisi – Alloh taologa loyiq bo‘lmagan ismlarni qo‘llash, ikkinchisi – Alloh taologa xos bo‘lgan ismlarni Undan boshqaga ishlatish.
Shu o‘rinda aytish kerakki, ajnabiy tilda yozilib, ko‘pincha fahsh va haqorat ma’nolarini anglatuvchi liboslardan ham saqlanish kerak. Aslida dinimiz liboslar sodda, ortiqcha naqshi nigorlardan xoli, oq rangda bo‘lishini targ‘ib qiladi. Islom tarixida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hadya qilingan naqshli kiyim u zotni bir oz chalg‘itdi. Shunda: “Buning belgilari meni chalg‘itdi”, deganlari rivoyat qilingan.
Odat tusiga kirib borayotgan noto‘g‘ri ishlardan yana biri – do‘kon va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlarining muqaddas so‘zlar bilan nomlanishi. Ming afsuski, aksariyat nomlanishlarda faoliyati din bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, go‘yoki taqvodorlik va halollikni ko‘rsatish maqsadida Allohning ismi sifatlari va Qur’oni karimdagi suralarda kelgan so‘zlardan foydalanish holatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Faraz qilaylik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga hech qachon “Alloh”, “Xudo” yoki “Haq” degan ismlar qo‘yilmaydi-ku, Alloh taoloning qolgan ismlari ham shunday aziz-u mukarramdir.
Nomlarning oldiga bilib-bilmasdan “ال”– “al” qo‘shimchasini qo‘shish ko‘paymoqda. Aslida arab tilida ism guruhiga kiruvchi so‘zlar aniq yoki noaniq holatda bo‘ladi. Noaniq holatdagi ismni aniq holatga o‘tkazish uchun so‘zga “ ال ” old qo‘shimchasi qo‘shiladi. Shuningdek, ayrim ismlarning oldiga “ ال ” – “al” qo‘shilishi Allohning 99 ta muborak ismidan birini anglatadi.
Shunday ekan, bunday muqaddas ismlarni xizmat qildirish mutlaqo joiz emas. Chunki ishchi-xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan nuqson va kamchilik tufayli mazkur muqaddas ismlarga nisbatan turli noloyiq holatlar yuzaga keladi. Bu kabi shiorlarning hurmati vojib ekaniga oyatdan dalil keltirdik. Bunday nomlardan tijoriy niyatlarda foydalanish aslo mumkin emas. Hatto bu borada Saudiya Arabistonida 1420 hijriy yilda tijoriy nomlar nizomi podshohlik farmoni ham e’lon qilingan.
Yana bir jihat. Ota-bobolarimiz din bilan bog‘liq jihatlarga juda ehtiyotkor munosabatda bo‘lgan. Tasbehlari ko‘ksilaridan pastga tushmagan, joynamozlarini baland joylarga qo‘yganlar. Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar. Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga alohida odob bilan muomala qilganlar. Chunki bu dinimiz talabi. Aksincha, Alloh taoloning shiorlarini oyoq osti qilish, ulardan birortasini kamsitish, behurmat qilish, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining diniga rahna soladi, Alloh saqlasin.
Ustunlik chin e’tiqod va samimiylikda
Qur’oni karimda odamlarning tili va rangidagi farqlar Alloh taoloning hikmati ekani ko‘p bor bayon etilgan. Dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi bilan bog‘liq. Alloh dastlab odamzodni bir ota va bir onadan yaratdi, so‘ngra ularni turli millat va elat hamda xalqlarga ajratdi. Bu borada Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bunday rang-baranglikda fazilat juda ko‘p. Islom ta’limotiga ko‘ra, butun bashariyat jinsi, irqi, rangi, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barchasi barobardir.
Bu borada Rasul alayhissalom: “Insonlar taroq tishlari kabi tengdirlar. Arabning boshqa xalqlardan, oqning qoradan, erkakning ayoldan ustunligi yo‘q. Faqat taqvoda, xolos”, deb marhamat qilganlar. Demak, dinga faqat taqlidiy, ko‘r-ko‘rona amal qilish bilan ish bitmaydi. Balki chin e’tiqod va ixlos bilan ko‘zlangan maqsadga yetiladi.
Ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Demak, tilni ham muhim omil, aziz va qadrli unsurlar qatorida bilib, sof saqlash barchamizning insoniy burchimizdir. Har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biror darajada bo‘lsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish bo‘lib, kishilar ko‘nglini og‘ritishi tabiiydir. Ona tilidagi sobitlik har bir davrda dolzarb bo‘lgan.
Til boyishga moyil. Ammo bu qanchalik tabiiy jarayon bo‘lmasin, qaysi tildan qachon, nimani olish yoki olmaslikni bilish kerak. Bir tilning boshqa tilga ta’siri boyish bi-
lan birga, til buzilishi bo‘lishi mumkin. Bu jarayon ham ijobiy, ham salbiy ma’noda, zohiriy va botiniy holda kechadi. Biz esa ko‘pincha ko‘zga ko‘rinib turgan narsalarnigina ko‘ramiz-u, parda ortidagilarni payqamaymiz. To‘g‘rirog‘i, ko‘zga tashlanib turgan natija yoki oqibatni ko‘ramiz-u, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabablarni mutlaqo sezmaymiz.
Tilning boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yo‘sinda kechadi. Biri – xorijiy so‘zlarni o‘rinli va noo‘rin qo‘llash. Ikkinchisi – xorijiy tilning ta’siri.
Xulosa shuki, globallashuv sharoitida milliy tilimiz sofligini saqlash, lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Muqaddas dinimiz zohirga haddan tashqari e’tibor qaratib, botinni esdan chiqarishdan qaytaradi. Shu bilan birga, solih amallarni ko‘proq qilib, qalbimizdagi ixlos va niyatni to‘g‘ri va go‘zal qilishga undaydi.
Alloh taolo milliyligimiz va imon-e’tiqodimizda sobitqadam aylasin.
Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 22-oktabr, 217-son
Izoh qoldirish